x

Bolalar bog`chasiga moslashuv jarayonida ularga qanday yordam berish mumkin?

1.Farzandingizni bolalar bog`chasiga berar ekansiz, bu u uchun muhim va zarur ekanligiga ishoning.

Bolalar ota-onasining kayfiyatini yaxshigina o`qiy oladi. Agar siz bolalar bog`chasining zaruratiga o`zingiz ishonmasangiz va asabiylashsangiz, farzandingiz ham asabiylasha boshlaydi. Sizning u bilan bog`cha haqidagi suhbatlaringiz ham bu holda ishonchli chiqmaydi.

2.O`z tarbiyachilaringizga ishoning

Farzandingiz uning tarbiyachisi bilan qanday munosabatda bo`layotganingizni va uni qanday odam sifatida qabul qilayotganingizni kuzatib turishini unutmang.

Bog`chada hammasi yaxshi bo`lishiga ishoning. To`g`ri, ba'zan turli hodisalar ham yuz berib turadi. Biroq shuni yodda tutingki, bolalar bog`chasidagi tarbiyachilar ham biz kabi tirik insonlar, onalardir. Ular bolani och qoldirish, yig`latish yoki sovuqda qoldirishni sira istamaydi.

3.Ko`pchilik psixologlar bola bilan bog`chaga uning sevimli o`yinchog`ini berib yuborishni maslahat beradi

Shuningdek, bog`chadagi biror buyumni ham sevimli o`yinchoqqa aylantirish mumkin. Masalan, har tong akvariumdagi baliqchalar bilan salomlashish. Yana bog`cha uchun ataylab chiroyli ko`ylak, kostyum va oyoq kiyimlar xarid qilish mumkin.

4.Moslashuv jarayonini iloji boricha sekin yo`lga qo`ying

Bog`chaga borishni qisqa vaqtli guruhlarga qatnashdan boshlash ideal vaziyat hisoblanadi. Dastlab farzandingizni bog`chada bir necha soatga qoldiring. Bola bog`chaga ishtiyoq bilan borayotganligini payqaganingizdan so`ng, uni kunduzgi uyquga qoldiring.

5.Ertalab bolani bog`chaga olib borganda, sezdirmasdan g`oyib bo`lishga harakat qilmang

Ketish oldidan albatta uni quchoqlab, xayrlashing. Uni qachon olib ketish uchun kelishingizni aniq ayting (sayrdan so`ng, tushlik yoki uyqudan turgandan keyin). Agar bola xafa bo`lsa, uni bog`chada hamma kutib qolganligini, usiz o`rtoqlari va tarbiyachisi zerikayotganligini tushuntiring.

6."Pora berish"ning hech bir shaklidan foydalanmang

O`zini yaxshi tutganligi evaziga mul'tfil'm tomosha qilishga ruxsat berish, sovg`a yoki shokolad olib berish kabi usullar vaqt o`tishi bilan sizga qarshi ishlay boshlaydi. Bola tez vaqt ichida sizni boshqarishni o`rganib oladi va istagan narsasini o`zini yaxshi tutish yoki injiqlik qilish orqali qo`lga kirita boshlaydi.

7.Farzandingiz bilan kun qanday o`tganligi haqida albatta suhbatlashing

Uyga qaytayotib va uyda kun qanday o`tganligini muhokama qiling.

8.Bolangizning bog`chaga borayotganligidan faxrlanishingizni bildiring

Birgalikda buvi, buvasi yoki do`stlaringizga qo`ng`iroq qilib, quvonchli hodisa haqida so`zlab bering.

Agar farzandingizning bolalar bog`chasiga moslashib ketishi juda qiyin kechsa, uning tarbiyachisi yoki bolalar psixologi bilan bu borada maslahatlashing.

 

To Top ↑
To Top ↑