Ushbu to`lov xizmatning qandayligiga bog`liq. Agar bu oiladagi har bir kishi bajaradigan oddiy vazifalar bo`lsa, berilmagani yaxshi.
O`zingizga savol bering: uy ishlarini bajarish uchun o`zingizga pul to`layapsizmi? Idishlarni yuvish yoki xonangizni tozalash uchun pul to`lash orqali siz qilayotgan harakatlaringizni qadrsizlantirasiz.
Siz va farzandingiz bir xil qoidalarga amal qiladigan bitta uyda yashaysiz. Yashab turgan makonda har bir kishining muayyan burchlari mavjud. Agar o`zingiz qiladigan uy vazifalari uchun kimgadir (oila a'zosidan tashqari) pul to`lashga tayyor bo`lsangiz, bu boshqa masala.
Bir tanishimning ota-onasi ko`pincha ishda bo`lgani uchun ovqat pishirishga vaqtlari bo`lmagan. Shu sababli ular xizmatchi yollashga qaror qilishgan. Hizmatchining vazifasi do`konga borib mahsulotlar xarid qilish va taom tayyorlashdan iborat edi. Bundan xabar topgan o`smir farzandi darslaridan ortgan vaqtda xizmatchi qiladigan ishni kamroq maosh evaziga bajarishga tayyorligini bildiradi. Ota-ona bolani sinovdan o`tkazib, uni ishga olishga rozi bo`lishadi. Natijada bu kelishuvdan hamma mamnun bo`ladi, ayniqsa, o`smir bola. Shuning uchun u bu ishini yillar davomida bajarishdan zerikmaydi va yaxshigina qo`shimcha daromadga ham ega bo`ladi.
Bolangizda real daromad topish g`oyasi bo`lsa, uni qo`llab-quvvatlashingiz kerak. Albatta, agar bu uning asosiy faoliyatiga o`qish va o`z ustida ishlashiga zarar etkazmasa.
Yaqinda 10-12 yildan beri bola tarbiyalayotgan, jiddiy fikrlaydigan ikki ayolning suhbatidan shunday xulosaga keldim, bolalar katta bo`lishadi va ularni uyda tartibni saqlashga, tozalashga, ovqat pishirishga o`rgatish kerak. Tabiiyki, bolalar bundan xursand bo`lishmaydi.
Birinchi ayol muammoga oson echim topib, qizi bilan shartnoma tuzibdi. Shartnomaga ko`ra, bolasi uyni tozalaydi, u esa xizmat haqini to`laydi. Yechim yomon emas. Shartnomadan keyin qizaloq avval yoqimsiz va zerikarli yumushlarni endi katta ishtiyoq bilan bajaradigan bulibdi.
Dangasa o`g`li bilan muvaffaqiyatsiz kurashgan ikkinchi ayol bu yondashuvni noto`g`ri deb qabul qildi. «Katta buladimi yoki kichik, oila a'zosining har biri hech qanday rag`batlantirishsiz oiladagi yumushlarga hissa qo`shishi shart. Pul hamma narsani buzadi, mehrni o`ldiradi. Oilada yashayotgan inson hech qanday rag`batlantirishlarsiz umumiy farovonlikka hissa qo`shishi shart. Bolalar ota-onalariga o`z xohishlari bilan yordam berishga shoshilishlari kerak. Mana shunday olijanob ma'naviy maqsadlar tarbiya jarayonida bolalarga singdirib borilishi lozim. Tasavvur kiling, ota-ona betob bo`lib yotib qoldi va farzandini dorixonaga jo`natishga majbur bo`ldi. Shunda xizmat haqi uchun ota-onasidan doim pul olib o`rgangan farzand o`n so`m evaziga chiqib kelaman deydimi?» - dedi g`azablanib.
Ammo birinchi ayol o`z fikrida qat'iy turdi: «Vazifa, burch-bu chiroyli gaplar, albatta, lekin siz o`zingizning usulingiz unchalik ish bermayotganini aytyapsiz-ku. O`g`lingiz yotog`ini yig`may maktabga jo`nab ketar ekan. Men qizimga oshxonada polni artish yoki changlarni tozalash vaqti kelganini eslatmayman ham».
"Men, bolam va pul" kitobidan.