Bugun ko`pchilik bolalar kichkinaligidan fast-fudlar bilan taomlanishga o`rganib qolyapti, shirinliklarga ruju qo`ymoqda. Ko`pchilik ota-onalar «Bolamga uyda pishgan ovqatni edirolmayapman, nuqul xot-dog olib bering, deb xarxasha qiladi» deydi. Oqibatda semizlik, anemiya, bo`qoq, allergiya, me'da-ichak tizimi bilan bog`liq kasalliklar ko`payib bormoqda. Aslida bolalar qanday ovqatlanishi kerak? Ularni to`g`ri ovqatlanishga qanday o`rgatamiz?
«Sen nima tanovul qilsang, shuning o`zisan» degan ekan donishmandlardan biri. Darhaqiqat, kishi tanovul qilgan taom uning hayot tarziga, salomatligiga, jismoniy ko`rinishiga, o`z-o`zidan ruhiyatiga ham ta'sir ko`rsatadi. Shu bois farzandlarimizni kichikligidan sog`lom ovqatlanishga o`rgatishimiz kerak. Taomnomasida sutli mahsulotlarning bo`lishi muhim. Sut ichishni xushlamasa, meva, p'yure va pechen' elar, bo`tqalar bilan ichirish mumkin. Asosiysi, unga taomni chiroyli ko`rinishda taqdim qilish kerak. Masalan, shirinliklarni yaxshi ko`ruvchi bolalarga shokolad o`rniga chiroyli gulqog`ozlarda quruq mevalardan tayyorlangan shirinlik berish mumkin. Bola siz taklif qilayotgan taomni rad qilmasligi uchun chiroyli qilib bezatish kerak bo`ladi. Asosiysi, taom vitaminlarga boy bo`lishi kerak. Oqsillarga boy pishloq, tvorog, tuxum, A va D vitaminlariga boy sariyog`dan tortib mevalar, go`sht, sabzavotlar hamma hammasi kunlik taomnomadan joy olishi lozim.
Taomnomaning xilma-xilligi juda muhim. Shunda bola organizmida vitamin, kal'tsiy yoki boshqa foydali moddalar etishmovchiligi kuzatilmaydi. Shuningdek, bolada muayyan ta'mga, ya'ni sho`r, achchiq yoki shirin ovqatga mayl paydo bo`lishining ham oldini olish kerak.
Bolani ovqatlanish odobiga ham o`rgatib borish kerak. Ovqatlanishdan oldin va keyin qo`lni yuvish, dasturxon atrofida chiroyli o`tirish, kattalardan oldin taom ga qo`l uzatmaslik, ovqatni to`kmasdan eyish, qoshiqni to`g`ri ushlashni kichikligidan o`rgatib borgan ma'qul.
Bolalar ko`p suyuqlik ichishadi. Ko`chada o`ynab yurib, chanqasa uyga yugurib kirib katta miqdorda suv ichishadi. Ular uchun oshxonada har doim havo haroratidagi qaynatilgan suv bo`lishi kerak. Yugurib, yurib kelib, tik turgan holda, birdan ichish zararligini kichkinaligidan uqtirish kerak.
Bola maktab yoshida bo`lsa, uning ovqatiga yanada jiddiy yondashish kerak. Chunki to`g`ri ovqatlanmasa, fanlarni o`zlashtirishi qiyin kechadi. Ayrim ota-onalar bolalari yaxshi o`qimasa, uning salomatligiga e'tibor qaratish o`rniga noo`rin koyib yuradilar. Maktabga boradigan bola (aslida hamma) ertalabki nonushtani tanovul qilishi shart. Ertalab qaynatilgan tuxum, tvorog, smetana eyishga, sharbat ichishga odatlanish kerak. Hozirda Horazm viloyati va Qoraqalpog`istondagi maktablarda boshlang`ich sinf o`quvchilariga bepul nonushta beriladi. Nonushta berilmaydigan maktablarda bolalar ko`cha-ko`yda ovqat sotib olmasligi uchun papkasiga non yoki bulochka, suv, olma solib yuborish maqsadga muvofiq. Bola maktab oshxonasidan biron narsa sotib olib eyishi mumkin. Biroq yon-atroflardan sinalmagan taomlar emasligini nazorat qilgan ma'qul.
Bolalikdan o`smirlikka o`tish davrida tana shakllanishi kuzatiladi. Bunda murakkab jarayonlar me'yorda kechishi uchun taomnomada oqsil, uglevod, mineral moddalar va vitaminlar etarli bo`lishiga e'tibor qaratish zarur. Shifokorlar maktab o`quvchilari kuniga 100 grammgacha go`sht va go`sht mahsulotlari, 400-800 gramm sut va sut mahsulotlari, shu miqdorda meva va sabzavotlar, quruq meva, shuningdek, ma'lum miqdorda asal va qora shokolad tanovul qilishini tavsiya etadilar.
Bugun do`konlarimiz turli pishiriqlar, pirojniylarga to`la. Yaxshisi, onalarimiz farzandlariga ularni uyda o`z qo`llari bilan tayyorlab bersalar maqsadga muvofiq bo`ladi. Bu jarayonga bolalarning o`zlarini ham jalb qilish yanada foydali.
Unutmang, bolalar – kelajagimiz. Ularga har doim e'tiborli bo`lishimiz shart.
Shohsanam NIYoZMYeTOVA,
Respublika o`rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Urganch filiali o`qituvchisi