Bizlarni bir masala ko`p o`ylantiradi: tarbiyachi kim? Ota-onasi, maktab muallimlarimi?.. Bola "Sen tarbiyalashing kerak" deb u yoqqa-bu yoqqa oshiradigan koptok emas. Farzand tarbiyasiga ota-ona mas'ul, maktab esa bu sohada ko`makchi. Ha aynan shunday. Chunki farzandingiz oilada olgan tarbiyasiga qarab ota-onasiga roxat yoki jazo keltirishini hamma biladi. Otaning ish-amali farzandiga singsa, uning xulqida jilvagar bo`ladi. Bolani tergab nazorat kilish ota-ona yuzining yorug` bo`lishini ta'minlaydi. Tarbiyadan tashqaridagi bola bebosh va yaramaslik sari og`adi. Erka bo`lib o`sgan o`g`il-qizlar xatti-harakati ota-onaga mung va alam keltiradi. Shu bois ham Abdulla Avloniy ta'kidlaganlaridek: "Tarbiya bizlar uchun yo hayot-yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat-yo falokat masalasidir" deyilmish fikrni barchamiz birdek shior sifatida qabul kilmog`imiz lozim bo`ladi.
Afsuslarkim, ko`pchiligimizning ko`ngillarimiz ko`chaga bog`langan. Ishga, ulfatga bo`lgan muhabbat oilaga bo`lgan muhabbatdan ortiq. Choyxonalarda, restoranlarda, turli ziyofatlarda yayrashga umrimizning hisobsiz soatlarini behuda sarflaymiz. Bola tarbiyasida esa vaqtni qizg`onamiz. Sariq chaqaga arzimas matoxlarimiz farzandlarimizga nisbatan qiymatliroq. Piyolani sindirib qo`ysa ayamay uramiz, guldonni sindirsa dupposlaymiz. Agar aka ukasini ursa yana jazolaymiz. Holbuki kattaning kichik, kuchlining kuchsiz ustidan hokim ekanini o`zimizning aynan shu harakatimiz bilan o`rgatyapmiz: gapga kirmagan kichikni yoki kuchsizni urish mumkin!
• Bola sho`xlik qilsa "hali qarab tur, dadangga aytaman" deb qo`rqitamiz. Ota kelganda bola yomonlanadi. Ayni shu holatda ota-bola orasiga dushmanlik urug`i sochilganini fahm etmaymiz. Otani jazolovchi inson sifatida ko`rsatmay, ota kelganda uni izzat-hurmat bilan kutib olishni o`rgatish afzalroq emasmikin?
• Bugun biz bola tarbiyasi deganda uni yaxshi kiyintirishni tushunyapmiz, katta pul sarflab o`qishga kiri- tishni anglayapmiz... Agar avtomashinamiz buzilib kolsa, ustaxonada bir kun yoki bir hafta o`tirishimiz mumkin, ammo farzandimiz bilan bir soat yonma-yon o`tirib dars tayyorlashga toqatimiz etmaydi.
Go`zal xulq va tarbiyali onaning xislatlari, yaxshi fe'l-atvori farzandlarida ham namoyon bo`ladi. Ular xam onalarining go`zal xislatlariga ega bo`ladilar.Tabobat fani onadagi turli ichki xastaliklar bolada ham bulishini isbotladi. Irsiyat fani onadagi ichki xastaliklar bilan birga undagi ruhiy, ma'naviy jihatlarning ham bolada takrorlanishini isbotlagan. Butarbiyani bola tug`ilmasidan oldin, hatto oila qurmasdan oldin boshlash kerak degani emasmi?
• Birga o`ylaylik: tarbiyasiz odam jonsiz jasad kabi emasmi? Davraga qo`shiluvchi har bir odam avval o`zining tashqi ko`rinishi, qiyofasiga qarab qabul qilinadi, so`ng esa tarbiyasi va fazilatiga qarab taqdirlanadi. Kishidagi fazilat go`yo farzand kabidir, uni avaylab saqlash va yanada barkamol etish lozim. Har bir odam, avvalroq aytib o`tganimizdek, o`zini o`zi tarbiya qilishga o`rganishi kerak. Insonning ulug`ligi o`zini o`zi idora va tarbiya kilish kuchiga ega bo`lish bilan bilinadi. Buni tushunish uchun Iso alayhissalomdan bir rivoyatni eslaymiz: Iso alayhissalomdan so`radilar: "Sizni kim tarbiya kildi?" Javob berdilarki: "Meni xech kim tarbiya qil- madi. Johilning jaholati, axloqsizning axloqsizligini kusur va ayb sifatida ko`rdim. Jaholat va axloqsizlikdan qochdim."
• Ya'nikim, kishilar har daqiqa, har soat, har kun bu soxada o`zini o`zi tarbiya qilib bormog`i talab etiladi. Deylik, bir kun tarbiya etmadimi, yaxshi fazilatni bir kun unutdimi izdan chiqib ketishi hech gap emas. Fazilatning o`rni uzoq vaqt bo`sh turmaydi, u bizni tark etdimi, darhol o`rnini illat, yomon xulk egallaydi.
• Ba'zan kishi yaxshi xulqqa ega bo`lishni istaydi, ammo buning uddasidan chiqish yolg`iz o`ziga bog`liq emas. Yomonlar bilan hamsuhbatlik masalasi bu fikrga misol bo`la oladi. Bir kishining zulmkorligini yoki razilligini bilasiz, lekin undan nari turishning iloji bo`lmay qoladi. O`zgaga tarbiya berishdan ko`ra o`zni tarbiya etmoq yuz chandon og`irroqdir. O`zgaga tarbiya berish uchun bilimga yoki hayot tarbiyasiga tayanib, toqatingiz etgunicha nasihat qilasiz. Tarbiyalanuvchi nasihatlaringizni quloqqa olmasa, ko`l siltab qo`ya qolasiz.
• Bosh aql va ilmga to`lib-toshib yotsa ham, axloqni sira unutmaslik kerak: inson o`zidagi ma'naviy jihatlarni, vijdon va nafsni tarbiyalashi, ehtirosini boshqara olishi, xunuk odatlarni tark etishi, ilmiy yutuqlarini insoniyat foydasiga yo`naltirishi kerak. Yo`qsa u to`g`ri yo`ldan ozishi mumkin. Ya'ni Vatan va xalqni mudofaa qilishga mas'ul harbiy odamning tarbiyasi durust bo`lmasa, Vataniga xiyonat qilishdan ham qaytmas. Bemorlarni halol va xolis ravishda davolashga ham qasam ichgan shifokor qasamini buzar. Hatto poraxo`r va sudxo`r mol-dunyo evaziga yurtni boshqalar qo`liga mustamlaka qilib berishdan ham tap tortmas.
• Og`zaki nasihatni bir kunda ko`p martalab eshitamiz. Avvalo nasihatning ta'siri nasihatgo`yning aqliga, bilimiga bog`liq. Shuningdek, qanday vaziyatda nasihat qilish ham muhim. Mast odamga "ichma" deb nasihat qilish shamolga qarab qichqirish kabidir. G`azabga minib birovni so`kayotgan odamning qulog`iga ham so`kishning gunoh ekani haqidagi nasihatlar kirmaydi. Nasihatgo`y tarbiyasidagi odamning yoshi, aql darajasini, ayni damdagi ruhiy holatini ham hisobga olish shart. Aynan bir mavzu, masalan, so`kish haqida o`n yoshli va yigirma yoshli bolaga bir xilda, bir uslubda gapirilmaydi.
• Tarbiya jarayonida donolarning "yoshlik - beparvolik, yigitlik - bir musobaqa, qarilik esa taassufdir", degan ta'kidlarini unutmasak durust bo`ladi. Nasihat deganda biz kattaning yoshga o`gitini tushunadigan bo`lib qolganmiz. Keksaroq odamga nasihat qilish bizga g`alati tuyuladi. Holbuki tarbiya keksalar uchun ham zarur. Tarbiya ma'lum yoshga etgach to`xtamaydi. Barchamiz yaxshi biladigan "Beshikdan qabrga qadar ilm izla" deyilguvchi hadisi sharif bizlarni shunga da'vat etadi. Alhol, ilm olish ham tarbiyaning muhim asosidir.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi
"Bola nimani nega qiladi?" kitobidan