Bolalar erdan nima topsa, og`ziga soladi. Buni shu qadar tezlikda amalga oshiradiki, ba'zan nima solganini ko`rishga ham ulgurmay qolamiz. Ho`sh, uni bu odatdan qanday qaytarish mumkin?
«Og`iz bolaning uchinchi qo`li»mi?!
Pedagog va ruhshunoslar buning hech hayron qolarli joyi yo`qligini ta'kidlashadi. Bolalar shu yo`l bilan olamni tanishadi. Bunda ta'm bilish tuyg`usi ko`rish, eshitish, hid bilish va paypaslab sezish singari muhim hisoblanadi. Ruhshunoslar orasida, hatto «og`iz bolaning uchinchi qo`lidir» degan ibora ham yuradi. Boshqa tomondan olib qaraganda, bu kichkintoyning ruhiy yoki jismoniy kamchiligi borligidan dalolat berishi ham mumkin. Ruhshunoslar og`ziga duch kelgan narsani solaverish odati oilasida mehr-muhabbat, iliqlikni etarlicha his etmayotgan bolalarda ko`p uchrashini qayd etishadi. Shuningdek, ruhiy nuqsoni bor va aqliy rivojlanishda ortda qolayotgan bolalarda ham ishtaha yo`qolishi hamda ta'm bilish tuyg`usining buzilishi kuzatilar ekan.
Odatda, ko`krak yoshidagi go`daklar soch tolalari, jun, qog`oz, arqon, ip, alebastr kabilarga o`ch bo`lishadi. Kattaroq yoshdagi bolalar esa hayvonlarning axlatlari, ko`mir, kul, qum, shag`al, yaproqlar va qo`ng`izchalarni og`izlariga ko`p solishadi.
Bolangiz benzin hidlasa…
Ammo eb bo`lmaydigan narsalarga o`chlik yoki tibbiyot tili bilan aytganda disgevziya (yunoncha ta'm bilish xastaligi) ko`pincha ruhan sog`lom bolalarda ham uchraydi. Farzandingizni diqqat bilan kuzating. U yashirincha bo`r, ko`mir, tuproq, qum, tish pastasi, yoqilgan gugurt cho`plarini eyaptimi? Unga benzin, atseton, kerosin, yangi gazetalar hidi yoqayaptimi? Bolaning rangi oqargan, ko`p hansiraydi, behollik va bosh aylanishidan shikoyat qiladi yoki tez charchab qoladi, shundaymi? Sochlari quruq, tirnoqlari sinuvchan, lab chetlari esa ko`pincha bichilib qoladimi? Bular yoniga unda kuzatilayotgan ta'm bilish xususiyatining buzilganini ham qo`shsak, temir etishmovchiligi natijasida yuzaga keluvchi kamqonlikni gumon qilishimiz uchun asos etarli bo`ladi. Bolalar shifokori bilan maslahatlashib, umumiy qon tahlilini o`tkazing. Zamonaviy dori vositalari yordamida farzandingizning ishtahasini rostlab, ta'm bilish qobiliyatini ham to`g`ri yo`lga solib olishingiz mumkin.
Bordiyu, shifokor hech qanday kasallikni topmasa, shunchaki tinchlanib, kuting. Uch yoshdan so`ng turli noodatiy emishlarga intilish o`z-o`zidan yo`qolib boradi. Agar bola o`jarlik qilib, o`z taomnomasini o`zgartirishdan bosh tortsa, u bilan kelishish yo`liga o`ting. Masalan, ko`chaga chiqqanda cho`ntagingizga qurut yoki bolangiz xush ko`radigan boshqa biron shirinlikdan ozgina solib oling-da, u erdan topib, og`ziga solmoqchi bo`lgan narsaga almashtirishga harakat qiling. Albatta, parhez nuqtai nazaridan ushbu «barter» unchalik to`g`ri bo`lmasa-da, qum yoki iflos kesakdan ko`ra kamroq zarar keltiradi.
Pediatr maslahati
Feruza G`ULOMOVA, oliy toifali shifokor-pediatr:
— Pedagogikada qanday, bilmadim-u, tibbiyotda bolaning eb bo`lmaydigan narsalarni og`ziga solishi «yomon odat» deb baholanadi. Bu odat bolada gijjalarni paydo qiluvchi sababgina emas, gijjaning oqibati ham bo`lishi mumkin. Ya'ni organizmida parazitlar mavjud go`dak hamma narsani og`ziga solaveradi, noto`g`ri ovqatlanish odatlariga ega bo`ladi. Shuningdek, farzandingizning asabi buzuq, og`iz bo`shlig`ida biror illati mavjud yoki bola tozalikka yaxshi rioya qilinmaydigan muhitda ulg`ayayotgan bo`lsa, bu ham uning bo`lar-bo`lmas narsalarni og`ziga solishiga olib kelishi mumkin. Shunday ekan, go`dakka u tug`ilganidanoq to`g`ri ovqatlanish odatlarini singdirish, ozodalikka rioya etish va egulik sanalmaydigan narsalarni og`ziga solish odatiga beparvo bo`lmaslikni tavsiya etamiz.