x

Ovkatlanish tabiiy ehtiyojdir va qondirilmagan takdirda turli noxushliklar sodir bo`ladi. Birinchidan, "ochlik" paydo bo`ladi. Vujud ozuqaga ehtiyoj sezganda oshqozon kislotasi ajralib chiqadi. Bu modda esa oshqozonda achishish va og`riq paydo qiladi. Kishini ovqatlanishga undaydi. Insonni ovqatlanishga undovchi yana bir kuch borki, u tufayli ham inson ovqatlanishga majbur bo`ladi. Bu ishtahadir. Yoqtirgan mevalar, shirinliklar, taomni ko`z oldiga keltirish yoki uni ko`rish ham oshqozonda ochlik hissini paydo kiladi va kishini ovqatlanishga undaydi. Tabiiy ehtiyoj sanalgan ovqatlanish ehtiyoji insonni ana shu ikki his yordamida hayotini davom ettirishini ta'minlaydi. Agar ana shu ikki his bo`lmasa, inson ochlikni sezmaydi va natijada xayoti xavf ostida qolishi mumkin bo`ladi.

Agar bolada fiziologik biron muammo bo`lmasa, bu tizim mukammal ishlaydi. Shunday bo`lsa ham, ba'zi bolalarda ovqatlanish muammolari qayerdan paydo bo`ladi? Ko`pchilik ota-onalarning umumiy muammosi bo`lgan bu savolning javobini shunday berishimiz mumkin. Yukorida aytib o`tilganidek, ochlik natijasida og`riq paydo bulishini kutish birinchi shart. Agar bolada ochlik hissi paydo bo`lmasdan, boshqacha qilib aytganda, u hali och bo`lmasdan turib uni ovqat eyishga majburlash, bolada ovqatlanishga nisbatan yomon munosabat paydo bo`lishiga sabab bo`ladi. Shu sababli ba'zi mutaxassislar goxida "Kuyavering, emasa emasin?" deb maslahat berishadi. Bu so`zlarni "Hech narsa qilmaydi" deb tushunmaslik kerak, balki "haqiqiy ochlik paydo bulgunga qadar kuting” degan tavsiya sifatida tushunish lozim.

Ovqatlanish masalasida har bir ota-ona diqqat qilishi lozim bo`lgan xusus mavjud tizimning zarar ko`rmasligini yoki ishdan chikmasligini ta'minlashdir. Ya'ni ishtaha va ochlik hissi bo`lmasdan turib ovqat eyishni istamagan bolani majburlab ovqatlantirmaslik lozim. Bunday holatlarda bizga kuyidagi uchta qoida yordam berishi mumkin:

 

Majburlash kerakmi?

Bolani majburlab ovqatlantirish mutlaqo noto`g`ri. Yukorida aytib o`tilganidek tabiiy ochlik yoki ishtaha paydo bo`lmasa, bola ovqatlanishdan nafratlanadigan bo`lib qolishi mumkin. Shuningdek, "Ovqatingni tezrok e" qabilidagi tanbehlar ham boladagi ovqatlanishdan oladigan lazzatni yo`qotadi. Uning haqiqiy ishtahasini bo`g`adi. O`z holida ovqatlanish, bolaning ovqatdan ta'm olishini ta'minlaydi va ovqatlanish jarayonida turli muammolarni yuzaga kelishini oldini oladi.

 

Ovqatlanish vaqtini to`g`ri tanlash

Ovqatlanayotgan vaqt ovqatlanish uchun mos payt ekani xam muxim omil sanaladi. Misol uchun, bolalar erta tongda nonushta qilishni umuman xohlamaydi. Hali uyqusirayotgan bolaga "Tez-tez choyingni ich, maktabga kech kolasan" tarzidagi gap-so`zlar tabiiy ovqatlanish tizimiga zarar etkazadi. Bola uchun ovqatlanish vaqti u ochiqqan paytdir. Och qolgan bolaga ovqat bermaslik yoki qorni to`q bolaga majburlab ovqat edirish boladagi ochlik hissini yo`q qilishi ya'ni uning och yoki to`q ekanini sezmaydigan darajaga olib kelishi mumkin. Ovqatlanmasdan soatlab yuraveradigan bolaning bu harakati och qolganda xam ochlikni engib yuraverish natijasida yuzaga keladi. Shu sababdan kichikligidan vaqtga qarab ovqatlantirish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ya'ni bu davrda bolaning qorni ochishiga yoki istagiga qarab ovqatlantirish maqsadga muvofik bo`ladi. 4 yoshdan keyin ovqatlanishni vaktga qarab boskichma-boskich almashtirish mumkin. Bolaning pala-partish ovqatlanishi navbatdagi ovqat vaqti kelganida uning ovqatlanishni istamasligiga olib kelishi mumkin. Shu sababdan bolaning bunday tartibsiz ovqatlanishiga ham diqqat qilish kerak bo`ladi. Ayniksa, ovqat vaqtidan 1 soat oldin iloji boricha ovqatlanmaslik lozim. Zero haqiqiy ovqat vaqti uchun qorinda ochlik paydo bo`lsin.

 

Joy va muhit ovqatlanish uchun qanchalik muhim?

Joy va muhitning uyg`unligi ovqatlanish uchun muhim deyishdan asosiy maqsad  bolaning o`sha vaqtdagi ruhiy holati ovqatlanishga to`sqinlik qilmasligini aniqlashdan iboratdir. Masalan, biroz avval onasi tomonidan xafa kilingan bolani ovqatga chaqirilsa, uning ishtaha bilan ovqatlanmasligi g`oyat tabiiy. Yoki o`rtoqlari bilan berilib o`ynayotgan bolani o`yin o`rtasida ovqatga chaqirish xam bolada ovqatlanishga nisbatan norozilik bildirishiga sabab bo`ladi. Shu o`rinda yana bir xususga dikkat kilishimiz kerak. Bolaning ovqatlanish tartibi fakatgina qorin to`ydirishga qaratilgan bo`lsa, bu holat bolaning hayotidagi ovqatlanish tartibi buzilishiga olib keluvchi asosiy sabablardan biriga aylanadi. Ovqatlanish jarayonida bola oilasi bilan o`tirib suxbatlashishi, navbati bilan o`zi ham gapira olishi kerak. Bola dasturxon atrofiga to`planish vaktini nafakat ovqat uchun to`planish, balki kunning eng yoqimli damlari sifatida ko`rishi lozim. Aks holda qorin to`ydirish uchungina dasturxon atrofiga to`planish bolaning jismonan va ruhan ulgayishiga salbiy ta'sir ko`rsatuvchi omillardan hisoblanadi. Bundan ham yomoni ovqatlanish jarayonida, ya'ni dasturxon atrofida bolani so`roqqa tutish, uni tankid kilish, baholari pastligini bila turib kayta so`ralishi bolaning ishtahasini bo`g`adi va majburan ovqatlanishiga to`g`ri keladi. Bu esa turli fiziologik muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, dasturxonning tartib bilan tuzatilishi, qaraganda ko`z kuvonadigan bo`lishi, undagi narsalarni ranglariga mos idishlarga qo`yilishi ham boladagi ishtahaning ochilishiga sabab bo`ladi. Ovqatlanishda joy va muhit uygunligi deganda yuqoridagi qoidalarga diqqat qilish ham bolaning ovqatlanishdan zavqlanishini ta'minlaydi.

 

 "Bola nimani nega kiladi?" kitobidan

 

To Top ↑
To Top ↑