Bir yoshgacha bo`lgan farzandingiz uchun qo`shimcha egulik hozirlayotganda uning qaynatilgan va bug`da pishirilgan bo`lishi, tuzsiz va shakarsiz tayyorlanishi, qirg`ichdan o`tkazilishi(ezilishi), eng muhimi, yangi mahsulotlar tanlanishiga alohida e'tibor bering.
Shuningdek:
— bolani ovqatlantirishda uning qo`llari tozaligi;
— taom pishiriladigan qozon va idish tovoqlarning alohida bo`lishi;
— kichkintoy ovqatlanadigan likopcha alohida yuvilib, quritilishi;
— yuvilgan idishlarning usti yopiq bo`lishini nazorat qilishingiz kerak.
Qo`shimcha ovqatni boshlashdan oldin pediatr bilan maslahatlashing. Mutaxassis sizga uni nimadan boshlashingizni, qancha miqdorda va go`dakka necha marta berishingizni aniqlab beradi.
Qo`shimcha ozuqalar kunlik taomnomaga kiritilgan paytda ko`krak suti asosiy ovqat bo`lib qoladi. Bolaning tishi chiqayotgan payti, profilaktik emlashlar o`tkazgan kunlari, kunning issiq paytida bunday ovqatlarni go`dakka berishni boshlash maqsadga muvofiq emas.
Qolaversa:
— yangi qo`shimcha ovqat berish oralig`i o`rtacha 10-12 kun bo`lishi lozim;
— har doim taomlantirish chog`ida uning haroratiga e'tibor bering;
— go`dakka beriladigan egulik imkon boricha bir marta iste'mol uchun mo`ljallanishi zarur;
— bir kun avval tayyorlangan ovqatni isitib berish mumkin emas;
— ertalab beriladigan taom kechqurun pishirilmaydi;
— qo`shimcha taomni kunning birinchi yarmida bergan maqsadga muvofiq.