Bolalarni maktabga tayyorlash, birinchidan, bolalar bog`chasida ularning umumiy, har tomonlama dunyoqarashi keng, mushohadali fikrlaydigan qilib tarbiyalashga bog`liq bo`lsa, ikkinchidan, maktabning boshlang`ich sinflarida o`quvchilar o`zlashtirishi lozim bo`lgan o`quv fanlarini egallashga maxsus tayyorgarliklar tashkil etilishini ham nazarda tutadi. Bog`chada bolaning o`z «Men»ini, umummilliy va umuminsoniy sifatlarni to`g`ri tarbiya qilib shakllantirish lozim.
Bolalarning maktab yoshiga to`lganini aniqlash maqsadida tarbiyachi kasbiy doirasidagi mutaxassislar bilan birga, psixolog yordamida ularning ruhiy holati, dunyoqarashi hamda fikrlashini tahlil etib, kerakli tavsiyalarga asoslangan holda yo`naltirishi kerak. Mutaxassislarning fikricha, bolani maktabga tayyorlashning quyidagi yo`nalishlari bor:
– Jismoniy;
– Shaxsiy (ruhiy);
– Aqliy;
– Maxsus tayyorgarlik.
Ha, bolalar maktabda sifatli ta'lim olishi ko`p jihatdan ularning maktabga tayyorgarlik jarayoniga bog`liq bo`ladi. Maktabga tayyorgarlik – maktabgacha ta'lim tashkiloti hamda oiladagi muhitga ham chambarchas bog`liq. Zero, ilk marta maktabga chiqish farzandingiz hayotidagi odatiy turmush tarzi mashg`ulotlariga kirmaydi. U bu jarayonda atrofdagilar bilan munosabatga kirishadi, qo`rquv hamda hayajonni engish ko`nikmalarini o`zida shakllantiradi, qolaversa, kelgusidagi shaxslararo munosabatlarda bu mashg`ulotlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Bola umrida birinchi marta asosiy e'tiborni ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan aqliy faoliyatga qaratadi. Endi u o`zini ulg`aygan, katta inson sifatida his eta boshlaydi. Uning murg`ak tabiatiga xos bo`lgan o`yinqaroqlikdan farqli o`laroq, endi hayotiga majburiy ta'lim kirib keladi. Tabiiyki, kun tartibi o`zgaradi, erkin o`yinlar vaqti qisqaradi va hokazo. Bolaning mustaqilligi, ishchanligi hamda intizomlilik borasida qo`yiladigan talablar jiddiy ravishda ortadi. Shu bilan birga, maktabgacha yoshdagi kichkintoyga nisbatan o`z xatti-harakati, majburiyatlarini bajarishga nisbatan shaxsiy ma'suliyatlar ham ancha-muncha ortadi.
Maktabga umumiy tayyorgarlik bolaning maktabga borish vaqtiga kelib aqliy, ma'naviy, estetik va jismoniy rivojlanishda erishgan shunday darajaki, maktab ta'limining yangi sharoitlari hamda o`quv materiallarini ongli ravishda qiziqish bilan egallashga faol kirishishi uchun zarur asoslar yaratiladi. Umumiy tayyorgarlik bolaning maktab ta'limiga o`tish davrida erishadigan psixik rivojlanishning muayyan darajasi bilan ifodalanadi.
Psixologik tayyorgarlik tushunchasi esa maktab ta'limi nuqtayi nazaridan 1-sinfga borayotgan bolaning psixik rivojlanishidagi muhim sifat ko`rsatkichlarini muvaffaqiyatli jamlashga xizmat qiladi.
Bog`cha yoshidagi bolalarda sezgi, idrok, diqqat, xotira, tasavvur, tafakkur, nutq, xayol, hissiyot va irodaning rivojlanishi jadal kechadi. Ayrim kichkintoylar bu vaqtda ranglarni bir-biridan yaxshi farqlay olmaydi. Demak unga ranglarning farqini bilishga yordam beruvchi interaktiv o`yinchoqlar olib berish, egniga rangli kiyimlar kiydirish, qo`liga rangli halqalar, qutichalar tutqazish tavsiya etiladi.
Ayrim bolalar esa turli narsalarni idrok qilishda ko`zga yaqqol tashlanib turuvchi belgilarni, masalan, rang va shakllarni bir-biridan farqlay olsa ham, chuqur tahlil qila olmaydi. Unga yoshi kattalar turli xil suratlarni analitik ravishda idrok qilishga ko`maklashishlari lozim. Bolalar suratlarni idrok qilayotgan payti kattalar har xil savollar bilan ularga murojaat etadi va kichkintoy diqqatini:
1. Suratning mazmunini (syujetini) to`g`ri idrok etishga;
2. Har bir tasvirlangan narsa o`rnini to`g`ri aniqlashga;
3. Tasvirlangan narsalar o`rtasidagi munosabatlar haqida mustaqil fikr yuritishga qaratadi.
Bola 6 yoshga kirganida, uning organizmi jadal rivojlanadi, og`irligi oyiga 150-200 grammgacha, bo`yi esa 0,5 santimetrgacha ko`payadi. 6 yoshli bolalar turli tezliklarda chaqqon va engil yugurishni boshlaydi. Qolaversa, sakrash, kon'ki va chang`ida uchish, suzish singari harakatlarni bemalol bajara boshlaydi. Shu bilan birga, musiqa mashg`ulotlarida xilma-xil ritmik va plastik harakatlarni o`zlashtiradi. 6-7 yoshli bolalar nerv sistemasini mustahkamlash, ularni surunkali kasalliklardan xalos etish, ko`rish va eshitish qobiliyatiga alohida e'tibor berish, shuningdek, umurtqa pog`onasining to`g`ri shakllanishiga ham ahamiyat qaratish nihoyatda muhimdir.
Yosh ota-onalar farzandlari bilan mashg`ulot olib borar ekan, farzandlarining organizmi hali o`sish davrida ekanligini doimo hisobga olishlari shart. Masalan, uni majburan yozishga o`rgatish hali barmoq muskullari to`liq rivojlanmaganligi uchun ma'lum darajada zarar keltirishi yoki xunuk yozishga, o`ziga bo`lgan ishonchi, o`qishga nisbatan qiziqishi yo`qolishiga olib kelishi mumkin.
Bolaning maktabda muvaffaqiyatli o`qishi nafaqat uning aqliy va jismoniy tayyorgarligi, balki shaxsiy hamda ijtimoiy-psixologik holatining yaxshiligiga ham bog`liqdir. Maktabga ketayotgan bola yangi ijtimoiy mavqei, ya'ni turli majburiyat va huquqlar, yangi talablar qo`yiladigan o`quvchi mavqeyini zimmasiga olishga tayyor bo`lmog`i lozim. Bog`cha yoshidagi ayrim bolalar «Menga chiroyli forma, daftar, qalam va ruchkalar sotib olib berishadi», «Maktabda o`rtoqlarim ko`p bo`ladi va men ular bilan maza qilib o`ynayman» va hokazolarni orzu qilib, maktabga tezroq chiqishga ehtiyoj sezishadi. Lekin bu xohish va ehtiyoj motivi turlicha bo`lishi mumkin. Maktabning tashqi ramzlari bolalarni shubhasiz qiziqtiradi, lekin bu uning maktabda «a'lochi o`quvchi» bo`lish uchun sabab bo`la olmaydi. Avvalo, «Men otamga o`xshagan inson bo`lish uchun o`qishim kerak», «Yozishni juda yaxshi ko`raman», «O`qishni o`rganaman», «Maktabda qiyin misollarni echishni o`rganaman» degan fikrlarni bola onggiga to`g`ri singdirib, ko`nglida o`qishga bo`lgan ishtiyoqni shakllantira olsangiz, nur ustiga a'lo nur bo`ladi.
Ushbu xohish va istaklargina farzandingizning maktabda muvaffaqiyatga erishishi, yaxshi o`qishi uchun tabiiy ravishda asos bo`la oladi. Bola o`zining katta bo`lganini, endi bog`cha bolasi emas, balki ma'lum bir majburiyatlari bor o`quvchi sifatida his etishi, jiddiy faoliyat bilan shug`ullanayotganligini anglashi nihoyatda muhimdir.
Bu me'yor va qoidalar bolaning axloqini ham shakllantirib, boshqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bularning hammasi farzandingizning individualligini oshirib, tengdoshlaridan nafaqat intellekti, balki axloqiy motivatsion jihatdan ham ajralib turuvchi shaxsga aylanishiga turtki bo`ladi.