x

Hech o`ylab ko`rganmisiz, farzandingiz uch yoshga to`lgunga qadar qanday bilimlarni egallashi kerak?

Bilasizmi, bolakay uch yoshga kirgunicha, nafaqat yurish, so`zlashish, mustaqil ovqatlanish, balki yumaloq va to`rtburchak, engil yoki og`ir, qattiq-yumshoq, nam-u quruq, issiq- sovuq nima ekanligini bilishi kerak, balki nima joniga ozor berishi hamda nimalar mazali ekanligini, qaysi ob'ekt harakat qiladiyu va qaysilari jonsiz predmet ekanligini bilishi, shunga uning aqli etishi kerak. Hulosa qilishga shoshilmang, bu hali boshlanishi! 

Uch yoshga kirgan yoxud hali uchga to`lmagan farzandingiz bormi, unda e'tibor bering, bolangiz:

• nima mumkin va nima taqiqlanganini; 

• turli holatlar odamlar o`zini qanday his etishini;

• narsalarni, aytaylik shaxsiy buyum va o`yinchoqlarini qanday boshqarish mahoratini;

• atrofidagilarni diqqat bilan tinglay olishni;

• do`stlari bilan hamjihatlikda kelishgan holda o`ynashni bilishi kerak.

 

Aslida, bu ro`yxat cheksizdir. Chunki bolalar nihoyatda qiziquvchan bo`lib tug`iladi va ular hamma narsani o`rganishni xohlaydilar. Bu jarayonda ularga yordam berish, boladek fikrlash esa yanada qiziqarli!

Bolalar o`ynashni yaxshi ko`radi. Kichkintoyingiz bilan o`ynash, u bilan ko`proq vaqt o`tkazish orqali siz bolakayga dunyo, atrofdagidagi voqea-hodisalar haqida imkon qadar to`liq va batafsil ma'lumot berishingiz, farzandingizga har tomonlama yordam berishingiz zarur.

Bu unga ko`p miqdorda qimmatbaho o`yinchoqlar olib bering, degani emas. Aslo! Siz shunchaki kichkintoyingizga atrofdagi hamma narsani, voqea-hodisalarni o`rgatish va kundalik ishlaringizda sizga yordamchi bo`lishiga, ko`maklashishiga imkon bersangiz kifoya. Ya'ni, bolangizga o`yinchoqlarini istaganidek o`ynashi, xohlasa teginishi, xohlamasa uni uloqtirishi, taqillatish va tilga tekkizishga urinishi, tomosha qilishi yoki tinglashiga ruxsat bersangiz, olam guliston!

Unutmang, chaqaloq qanchalik tez o`ynashni, mustaqil harakat qilishga intilishni boshlasa, u shunchalik yaxshi rivojlanadi. Hatto bir necha hafta oldin tug`ilgan bola ham zerikishi, oqibatda chinqirib yig`lashi mumkin. Bu tabiiy holat. Axir bo`sh devorga termulib o`tirishdan ko`ra, yorqin lentalar, sharlar, harakatlanuvchi narsalarni tomosha qilish qiziqroqda! Yana bir qiziq holat: kichkintoy qumda o`ynashni, yangi kiyimlar kiyishni, konstruktor o`yinchoqlar yig`ish yoki qo`g`irchoq o`ynashni qanchalik yaxshi ko`rsa, biz kattalar uning oyoqlarimiz ostida o`ralashganidan shunchalik tez g`azablanamiz. Bu ham bola tarbiyasidagi kamchiliklarimizdan biridir.

Jahon tajribasida ham bola tarbiyasiga oid, kichkintoylar bilan qanday o`ynaladigan o`yinlar haqida ko`plab kitob va maslahatlar mavjud. Quyida ulardan ayrimlarini keltiramiz:

Kichkintoylar:

• yuzingizni, yonida ekanligingizni his qilishni, sochlaringizni ushlashni, ko`ksingizga teginishni, ko`zi tushgan hamma narsani ushlab ko`rishni;

• oynada o`z aksiga termulish va o`z tilida g`o`ldirashni;

• sekin harakatlanadigan nimaiki bo`lsa, uni kuzatib o`tirishni;

• unga gapirayotganingizda, yuzingizga tikilishni;

• dorga kiyim osayotganingizda, idish yuvayotganingizda yoki ko`chada yurganingizda uni yoningizda olib yurishingizni;

• yorqin lenta va sharlarni, shuningdek, krovati yonida bog`langan o`yinchoqlarni tomosha qilishni, tasma bilan bog`langan o`yinchoqlarni ushlashga urinishni;

• qo`lga taqilgan yorqin bilakuzuklarga qarashni;

• yorqin va rang-barang o`yinchoqlar yonida, qornida turishini;

• shiqildoqlar, qo`ng`iroqlarni yaxshi ko`radi.

Emaklashni boshlagan kichkintoylar:

• qutidan to`kib tushirish mumkin bo`lgan kublar va sharlarni;

• polgacha tutashgan oynaga termulishni;

• kastrullar, qopqoqlar, krujkalar, qoshiqlar, piramidalar va bolg`alarni taqillashtishni;

• plastik butilkalar va kiyim-kechaklarni o`ynashni;

• gazeta va yorqin jurnallarnini suratlarini tomosh qilish, hatto yirtish va g`ijimlashni;

• yurg`izish va tutib olish mumkin bo`lgan to`plar, avtomashinalarni;

• hammomda cho`milish uchun rezina o`yinchoqlarni;

• arg`imchoqu belanchaklarni yoqtiradi.

 

Yura boshlagan bolalar esa:

• idishlarni yuvish va changni tozalash orqali uy ishlarida «yordam berish»ni;

• qum va suv — loydan «non tayyorlash»ni;

• sovun ko`piklarini;

• rasm chizish va yozish mumkin bo`lgan devor oboylarini;

• velosiped hamda arg`imchoqlarni;

• uycha yasash uchun eski qutilar, masalan, televizorning qutilarini;

• konstruktorlar va mozaikalarni;

• koptoklar va kublarni;

• qo`g`irchoqlar, yumshoq o`yinchoqlarni;

• turli musiqiy cholg`u asboblarini;

• kitoblaru rasmlarni jonidan ortiq ko`radi.

Farzandingizning qiziqishlarini o`z vaqtida sezib, uni to`g`ri yo`naltira olishingiz juda muhimdir. Hozir shug`ullanayotgan mashg`ulotlari bolangizning kelajakda kim bo`lishini, qaysi kasbga mehr qo`yishini ham belgilab beradi. Turli taqiq va cheklovlardan ko`ra o`zingiz ham bola bo`lib, boladek fikrlab, farzandingizga do`st bo`lsangiz, u bilan xuddi kattalardek suhbatlashsangiz, kichkintoyingizning rivojlanishi ham shunchalik tez amalga oshadi. Fikrlashi tengdoshlariga nisbatan ancha yuqori bo`ladi va hamisha o`ziga ishonadi!

 

To Top ↑
To Top ↑