Barcha ota-onalar farzandlarining sog`lom bo`lishini istaydi. Ammo o`sayotgan organizmga birinchi navbatda nima kerakligini hatto aksariyat kattalar ham bilavermaydi.
Mutaxassislarning fikricha bola har tomonlama sog`lom va barkamol ulg`ayishi uchun birinchi galda uning to`g`ri ovqatlanishi muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, bugungi kunda yarim tayyor va kimyoviy ishlov berilgan mahsulotlar bozor, do`kon rastalarini to`ldirib yuborgan. Biz esa farzandlarimizni allaqachon ana shunday sun'iy ta'mlarga o`rgatib bo`lganmiz. Hech bo`lmaganda ularga bir kunda bir marta gazlangan ichimlik olib berishni kanda qilmaymiz. Hattoki bog`cha va maktablarimizning ratsionlarida o`sayotgan bola organizmi uchun faqat zarar bo`lgan bo`sh uglevodlarga boy makaron mahsulotlari, bulochkalar, tez tayyor bo`luvchi fastfudlar asosiy o`rin egallagan. Ho`sh, maktab yoshidagi bolalar uchun sog`lom ovqatlanish tarzi nimalarni o`z ichiga oladi? Bunda qanday qoidalarga amal qilish zarur?
Sen nima esang, shusan..
Eng avvalo, maktab va bog`cha yoshidagi bola organizmi uchun sabzavotlar tarkibidagi kletchatka, mevalar tarkibida mavjud vitaminlar va makroelementlar, go`sht mahsulotlaridagi oqsil, baliqda juda mo`l bo`lgan fosfor, sut mahsulotlarida mavjud kal'tsiy juda zarur hisoblanadi. O`quvchining ratsioni bir me'yorga keltirilgan va zarur miqdordagi oqsil, yog`lar, uglevodlar, vitaminlar va aminokislotalarni o`z ichiga olishi zarur.
Nonushtaga issiq taomlardan bo`tqalar tavsiya etiladi. Shuningdek, sabzavotli va mevali salatlar, sariyog` va pishloqli nonlar, issiq choy, kakao va sharbatlar, na'matak, kompot va kisel' bo`lishi lozim. Qolaversa, iloji boricha bolaga har qanday yoshda ham umuman shakar bermaslik tavsiya qilinadi. Uning o`rniga sal narxi qimmatroq bo`lsa ham asaldan foydalanish kerak. Agar siz farzandingiz sog`lom o`sishini istasangiz albatta uning ratsionidagi shakar miqdorini minimum bir kunda 40 gramdan oshmasligiga harakat qiling.
Tushlikda birinchi taomga bolaning sog`lom o`sishi uchun zarur hisoblangan suyuq sho`rvalar (tovuq va turli boshqa xil go`shtli) tavsiya qilinadi. Ikkinchi ovqatga esa issiq quyuq ovqatlar (guruchli, grechixali, moshli, no`xat, loviyali va sabzavotli ovqatlarga go`shtli va qiymalar qo`shib) tavsiya etiladi. Taomnomaga qo`shimcha ravishda mevalar qo`shiladi. Ammo bizning kuzatuvlarimizda yurtimizdagi aksariyat bog`chalarda bunday tartibga umuman amal qilinmaydi. Har ikki kunda makaron, bulochka yoki shunga o`xshash bo`sh uglevodlardan iborat taomnoma beriladi. Bundan tashqari mevalar, xom sabzavotlar ushbu ratsiondan umuman joy olmagan.
Ikkinchi tushlik non va sut mahsulotlaridan tashkil topgan bo`lishi kerak. Qolaversa, bolalar uchun olma va tvorog eyish ham foydalidir. Ammo uch farzandim bog`chaga qatnagan bo`lsa hali ulardan bunday mahsulotlarni iste'mol qilishganini eshitganim yo`q. Demakki, yurtimizdagi MTM larda bolajonlarning ovqatlanish ratsioni talabga javob bermaydi.
Kechki ovqatga asosan engil taomlar tavsiya etiladi. Ular me'daga ortiqcha yuklama bo`lmasligi kerak. Kuzatuvlarimiz esa bu kechki ovqat uchun bulochka, pirojka va somsa kabi bola uchun umuman foydasiz taomlar berilar ekan.
Yosh bolalarning ovqat hazm qilish tizimi o`ziga xos bo`lganligi uchun ular yog`li, qovurilgan, achchiq va nordon ovqatlarni eyishdan cheklanishi kerak. Bolalar taomnomasining asosini tabiiy mahsulotlar (sabzavotlar, meva va ko`katlar) hamda qaynatilgan va dimlangan taomlar tashkil etishi lozim. Shirin ichimliklar, pishiriqlar, un mahsulotlari, shokolad kabi eguliklar minimal miqdorda iste'mol qilinishi zarur.
Agar farzandlarimiz sog`lig`ini asrashni istasak, ularni tez tayyor bo`ladigan eguliklar – gamburger, xot-dog, shuningdek, turli xil rangli va gazlangan shirin suvlar, qotirilgan non va chips, tarkibida kimyoviy va rang beruvchi qo`shimchalar mavjud mahsulotlarni tanovul qilishiga ruxsat bermaslik darkor. Uning o`rniga mevalardan chipslar tayyorlab berish, uyda suvi qochgan nonlardan qotirma nonlar, shakar o`rniga asal solingan pishiriqlar tayyorlab bergan ma'qul.
Bolaning sog`lom ovqatlanish tarzi qanday tashkil qilinadi?
Bolaning sog`lom o`sishida taomnomadagi oziq-ovqat mahsulotlarining turli-tuman bo`lishi muhim ahamiyatga ega. Aniq o`ylab chiqilgan, turli zarur mahsulotlarni o`z ichiga oluvchi me'yoriy ovqatlanish tarzi har tomonlama foydali hisoblanadi.
Bolajonlar kuniga 4 martadan kam bo`lmagan va har kuni belgilangan bir vaqtda ovqatlanish darkor. Ular orasidagi tanaffus 3,5 soatdan oshmasligi lozim.
Bola har kuni yangi uzilgan meva va sabzavotlarni iste'mol qilish zarur.
Meva va sabzavotlar salatlarda, qirg`ichdan chiqarilgan holda, sharbat ko`rinishida va albatta butunligicha iste'mol qilinishi shart. Ammo bog`cha va maktablarimizda xom sabzavotlar yoki salatlarni kamdan-kam beriladi. Vaholanki yurtimiz sabzavot va mevalarning makoni hisoblanadi. Biz esa farzandlarimiz sog`ligi uchun ham bu imkoniyatlardan foydalanmaymiz.
Taomlarni tayyorlashda bug`da tayyorlash, dimlab va qaynatib pishirishdan foydalanish kerak.
Shuningdek, bolalarning ratsioniga quruq mevalarni ham kiritish ayni muddao hisoblanadi. Chunki ushbu mahsulotlarda judayam ko`p vitamin , makro va mikroelementlar bor. Bu esa bola sog`lomligi uchun judayam muhimdir.
Horijga bir nazar...
Italiya
Ushbu mamlakatda bolalar bog`chalari va maktablarda ovqatlanish bo`yicha mutaxassislar tananing yoshi va xususiyatlarini hisobga olgan holda oqsillar, yog`lar, uglevodlarning kerakli miqdorini tanlaydilar. Bolalar bog`chalarida ikkita turdagi menyular ishlab chiqilgan va ulardan foydalanilmoqda — yozgi va qishgi. Oziqlanishning bu usuli oziq-ovqatni faqat mavsumiy mahsulotlar orqali ko`p foydali elementlar va vitaminlarni olish imkonini beradi. Italiya bolalar bog`chalarida makaron, lazanya va pitstsa ital'yan oshxonasining ajralmas hamrohlari va bolalar tomonidan sevib iste'mol qilinadi. Shirinlik ularning ratsionida alohida o`rin tutadi. Yozda ular hatto muzqaymoq ham berishadi. Italiyadagi bolalar garnir sifatida guruch yoki makaron bilan go`sht va baliqni afzal ko`radilar.
Koreya
Koreyada bolalar 3 yoshdan 5 yoshgacha bog`chaga boradilar. Kuniga uch marta ovqatlanish bolalar bog`chasi xizmatlari narxiga kiritilgan, ammo bolalarga uydan oziq-ovqat olib kelishi taqiqlanmagan.
Bolalar bog`chasidagi har bir bolada shaxsiy oziq-ovqat idishi mavjud. Bola ertalab bog`chaga toza idishlarini olib kelishadi, undan ovqatlanadi, keyin esa idishni uyga olib ketadi va uni o`zi yuvishi kerak bo`ladi. Shunday qilib, bolalar mustaqil bo`lishga o`rgatiladi. Barcha idishlar bir xil bo`lib: ularda guruch va sho`rva uchun ikkita katta bo`linma va salatlar va gazaklar uchun 3-4 kichik bo`linma mavjud.
Bolalar ratsionini asosan mevalar, sut mahsulotlari, guruch, sho`rva, shuningdek, panchang - an'anaviy koreys salatlari yoki gazaklardan iborat bo`lib, ular kichik qismlarda taqdim etiladi. Nonushta va tushlik choyi uchun bolalarga meva, sabzavot, bulka, yogurt va don mahsulotlari beriladi. Bolalar asosan choy yoki sut ichishadi.
Frantsiya
Boshqa millat bolalari kichik frantsuzlarga bemalol havas qilishsa arziydi. Har xil turdagi pishloqlar kundalik menyuda oddiy mahsulot hisoblanadi. Vermishelli pomidor sho`rvasi, qovoq pyuresi bilan dana go`shti sotesi, fri kartoshkasi bilan jambon, maydalangan pishloqli makaron, sabzi garniturali qovurilgan baliq filesi, yashil no`xat bilan organik tovuq, shuningdek, mevalar, sharbatlar va yogurtlar — bu ularning kunlik taomnomasidir. Ma'lum bo`lishicha, Frantsiyada bolalarga har kuni turli xil pishloqlar berishadi.
Bolalar salomatligi haqida gap ketar ekan, yurtimizdagi mutasaddi tashkilotlar MTM lar taomnomasini qayta ko`rib chiqishlariga to`g`ri keladi. Bolajonlar taomnomasiga sabzavot, mevalar, omletlar, baliqli taomlarni qo`shish ularning sog`ligi uchun kechiktirib bo`lmaydigan harakatdir. Bu borada mutasaddi tashkilotlardan munosabat kutib qolamiz va albatta bu mavzuga yana qaytamiz.
Saida Ibodinova