x

O`zbekistonda farzandlar tarbiyasi va ularning kasb tanlashida ota-onalarning roli, shuningdek, buning betashvish keksalik gashtini surishdagi ahamiyatini aniqlashga qaratilgan tadqiqot o`tkazildi. Bu Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan.

Tadqiqot doirasida 10 yoshdan 22 yoshgacha bo`lgan bolalarning ota-onalari ishtirokida so`rov ham o`tkazilgan.

So`rovnomada 2100 kishi ishtirok etgan. Respondentlarning 72 foizini ayollar, 28 foizini erkaklar tashkil etgan. Ta'lim darajasi bo`yicha ularning 4,6 foizi ilmiy darajaga, 36,1 foizi oliy ma'lumotga, 21,2 foizi o`rta, 38,2 foizi o`rta maxsus ma'lumotga ega.

Natijalarga ko`ra, respondentlarning 28,7 foizi keksa ota-onasi bilan yashashi ma'lum bo`ldi.

Farzandlaringiz tarbiyasiga kim ko`proq ta'sir qiladi, degan savolga ota-onalarning 41,6 foizi ona, 27,4 foizi ota, 9,3 foizi bobo va buvilar, 8,1 foizi aka-opalar, 7,3 foizi o`qituvchilar, 3,7 foizi begonalar va 2,5 foizi boshqa qarindoshlar, deb javob bergan.

Ishtirok etganlarning aksariyati (80,2%) farzandlarini ma'lum kasb bo`yicha etuk mutaxassis bo`lib, elga taniladigan inson sifatida ko`rishi ma'lum bo`lgan. Moddiy ta'minlanganlik va mulk egasi bo`lishi ikkinchi orzu bo`lib qolmoqda (7,9%). Ushbu savolning javoblari ota-onalarning millati va ma'lumot darajasi, farzandning jinsi bo`yicha farq qilmaydi.

Aksariyat ota-onalar (95,8 foiz) farzandlari kelajagi borasida o`zaro maslahatlashgan. 88,3 foiz holatda ularning fikri bir joydan chiqqan bo`lsa, 7,2 foiz holatda fikrlar keskin farqlangan. So`rovnoma javoblari shuni ko`rsatdiki, ota-onalar farzandlari kelajagini rejalashtirishda bolalarning fikriga ham e'tibor bermoqda. Ota-onalarning 97,9 foizi o`z farzandlari bilan ushbu mavzuda suhbatlashgan bo`lib, 86,3 foizi farzandlarining tanlovini ma'qullagan, 11,1 foizi qisman ma'qullagan, 1,3 foizi esa qoniqmagan.

So`rovnoma javoblariga binoan, yoshlarda tibbiyot yo`nalishidagi kasblarga (15,5 foiz) qiziqish kattaligi aniqlandi. Keyingi o`rinlarni o`qituvchi (9,7 foiz), IT mutaxassisligi (9,3 foiz), iqtisodchi (sohalar bo`yicha) (8,2 foiz), tadbirkor (7,7 foiz) kabi kasblar egalladi. Respondentlarning 2,5 foizi farzandlari kelajakdagi kasbi haqida hali qarorga kelmaganini ta'kidlagan. Qizlar kutilganidek ko`proq shifokor (16,3 foiz) va o`qituvchi (13,8 foiz) kasblarini tanlagan bo`lsa, o`g`il bolalar birinchi o`rinda IT mutaxassisligi (18,7 foiz), keyin esa shifokor (13,7 foiz), iqtisodchi (13,2 foiz) va tadbirkor (11,2 foiz) kasblarini afzal ko`rgan.

Farzandining kasb to`g`risidagi qarori qanday bo`lmasin, ota-onalarning 81,6 foizi bu qarorni bajonidil qabul qilishini, 12,7 foizi esa ushbu qarorni o`zgartirish kerakligini iltimos qilishini aytgan.

Ota-onalarning 55,7 foizi farzandlariga nisbatan talabchanlik qilish, kerak bo`lganda yordam ko`rsatish, 36,2 foizi nazorat qilish orqali tarbiya berish lozimligini, 6,4 foizi esa farzandlariga erkinlik berish kerakligini qayd etgan.

So`rovda qatnashgan ota-onalarning 20 foizdan ortig`i farzandlarining o`qituvchilari bilan bir oyda bir marta muloqot qilishini, 16,4 foizi esa umuman muloqot qilmasligini bildirgan.

To Top ↑
To Top ↑