x

Bola tarbiyasi haqida so`z ketganda, odatda, ota-ona va farzandlar birgalikda yashaydigan oilani nazarda tutib so`zlaydilar.

Bola kelgusida aqlli, bilimdon, hayotda o`z o`rnini topgan, yaxshi inson bo`lib voyaga etishi uchun ota-ona farzandini qanday tarbiyalashi kerakligi, ota-onalik mas'uliyati xususida mulohazalar bildiriladi. Fikr aytuvchi kishi «men bag`ri but oila haqida gapiryapman» demasa ham u aslida, beixtiyor shunday oilani tanlab so`zlayotgan bo`ladi.

Aslida bu, ayniqsa, sharq xonadonlarida tabiiy holga aylangan va ong-shuurimizda mustahkam o`rnashgan an'anaviy tushuncha hisoblanadi. Zero, farzand tarbiyasi borasidagi birinchi hayotiy talab ham oilaning bir butunligidir.

Er-xotin ixtiyoridan tashqari tarzda, taqdirning boshqa og`ir zarbalaridan biror oilaga shikast etganida ham, bolaning ota-onasiga yaqin kishilar bu vazifani baholi qudrat o`z zimmasiga oladilar. Boshqa holatlardagi darz ketishlar esa ota yoki ona, balki ikkovi ham, ba'zan xonadonning boshqa a'zolari yo`l qo`ygan kechirib bo`lmas xatolar tufayli sodir bo`ladi.

Halq tili bilan aytganda, ularning gunohlari farzandlarning o`ksib yashashiga olib keladi, tarbiyasiga ta'sir qiladi, taqdiriga o`z ko`lankasini soladi.

Sirasini aytganda, bag`ri but oilada ham farzand tarbiyasi oson ish emas. Buni shunday xonadonda unib-o`sayotgan o`g`il-qizlar tarbiyasida jiddiy xatolarga yo`l qo`yish holatlari uchrab turishidan yaqqol anglash mumkin. Nega shunday ekani haqida tahlil qilib ko`rilsa, ko`pincha tarbiya beruvchining o`zi tarbiyaga muhtoj ekanligi ayon bo`lib qoladi.

To Top ↑
To Top ↑