Ko`pincha bolalarda taomga ochko`zlik bilan tashlanish tuyg`usi g`olib bo`ladi. Bunda tarbiya taom eyish odobidan ta'lim berish bilan boshlanadi. Masalan, taomda o`ng qo`lda eyish, «Bismillah» bilan boshlash, kattalardan oldin laganga qo`l uzatmaslik va taomni faqat o`zing oldidan olish, eyayotgan kishining og`ziga qarayvermaslik, shoshmasdan yaxshilab chaynab eyish, liuqmani og`ziga ketma-ket tiqavermaslik, taom yuqini kiyimiga artmaslik, ba'zan ziravor yoki shirinliklarsiz quruq nonning o`zini eyishga odatlanish.
Shuningdek, ko`p taom eyishning yomonligi, bu hayvonlarga xos xususiyat ekanligi, odobli bola taomni kam eyishi, boriga qanoat qilishi, taom tanlamaslik haqida gapirilsa, bu ham tarbiyaning bir ko`rinishi hisoblanadi.
O`g`il bolada rang-barang va ipakdan bo`lgan kiyimlarga emas, oddiy oq rangdagi kiyimlarga rag`bat uyg`otish lozim. Rang-barang ipak kiyimlar ayollarga xos ekanligi, erkak kishi bunday narsalardan uzoqroq yurishi bolaga bot-bot eslatib turilishi kerak. Ana shunda bolada rang-barang va ipakdan bo`lgan kiyimni yoqtirmaslik tuyg`usi hosil bo`ladi.
Bolani to`kin-sochinlikda, qimatbaho kiyim kiyib o`sgan bolalardan, bunday dabdabali hayotga rag`bat uyg`otadiganlar davrasiga aralashib qolishdan asramoq zarur. Chunki, voyaga etgan bolani e'tiborsiz tashlab qo`yilsa, ko`p hollarda axloqning tubanlashuviga sabab bo`ladi. Natijada bola ulg`aygach, kazzob, hasadgo`y, o`g`ri, chaqimchi, qaysar, mahmadana, engiltak, makkor, behayo, yaramas, bir kimsaga aylanib qolishi mumkin.
Bulardan saqlanish yo`li – chiroyli tarbiya berish, undan so`ng maktabda dars bilan mashg`ul bo`lishdagi vaqtda nazoratni kuchaytirish, mo`'tabar kitoblarimizni o`rganish va yod olish ta'limini olmoq. Solih, olim insonlar davrasiga etaklab olib borish, ularni suhbatlaridan bahramand qilish bunda tushunsa-tushunmasa ham ishtirok etish va duolaridan ko`proq nasibador bo`lishga harakatlanish lozim bo`ladi. Buyuk ajdodlarimiz holatlari, ilmga bo`lgan rag`batlari haqida tinglagan hikoyalar ularning qalbida muhabbat uyg`otadi...
Abu Homid G`azzoliy «Riyozatun nafs» (Nafs tarbiyasi) kitobi. Tarjimon Rashid-Zohid