x

Onalarni qiynaydigan muammolardan yana biri bu – bolalarning tartibsizligi. Ayniqsa, maktabga bora boshlagan farzandimiz tartibsiz bo`lsa, uning hamma mashg`ulot, vazifalarini o`z bo`ynimizga olishimizga to`g`ri keladi.

Kanadalik ergoteropevt Viktoriya Prudeyni aytishicha, farzandlarimizni tartibliroq bo`lishi uchun ularning mas'uliyatlarini o`z bo`ynimizga olmasligimiz kerak ekan.

Mening kichkina o`g`lim ham juda bee'tibor va tartibsiz, har kuni uning kitoblarini portfeliga solib qo`yishimga, har bir vazifasini eslatishimga to`g`ri kelardi. Men darsga kech qolmasligi uchun soat necha bo`lganini eslatib tursam, dadasi kiyinishiga yordam beradi, akasi esa maktabga tezroq yurib borishini o`z zimmasiga oladi. Natijada, biz uning hamma vazifalarini o`z bo`ynimizga olar ekanmiz, unda hech narsani o`ylashga va rejalashtirishga ehtiyoj yo`q ekan. Dars qilganda ham shunday, u vazifa qilishi uchun vazifalari haqida juda ko`p bora eslatishim, uni majburlashimga to`g`ri kelardi.

Oxirgi kunlarda bu masalaga munosabatimni o`zgartirdim va natijani seza boshladim. Quyidagilar o`rgangan va o`zim qo`llab ko`rgan maslahatlar:

1. Doimiy eslatib turishdan yiroq bo`ling. Sizni eslatma berib turishingizga o`rgangan farzandingizda nimagadir e'tibor berishga, eslab qolishga ehtiyoj bo`lmaydi. Natijada, u bunga harakat ham qilmaydi.

2. Qilishi kerak bo`lgan narsalarni unutishidan qo`rqsangiz, vazifalar jadvalini tuzib bering. Masalan maktabdan kelib qilishi kerak bo`lgan ishlarini yozib xonasi devoriga ilib qo`yishingiz mumkin. Endi siz har bir ishni emas, jadvalga qarashni eslatishingiz kifoya.

3. Unutgani yoki e'tibor qilmagani uchun kelib chiqadigan muammolarini oldini olmang. Masalan, maktabga qandaydir kitobini e'tiborsizligi sababli solmadi, natijada ustozidan gap eshitdi. Keyingi gal farzandingiz bu kitobni unutmaydi, shuning uchun ham siz oldindan portfelini tekshirib hammasini tayyorlab qo`ymang.

Albatta, natijaga bir kunda yoki bir haftada erisha olmaysiz. Lekin, e'tibor berishi, harakat qilishi kerak bo`lgan sharoitlar bilan farzandingizni o`zgartirishingiz mumkin. Biz bu muammo bilan hanuz kurashmoqdamiz.

Aytgancha, bunday muammolar uchun ularni aslo urib, baqirib jazolamang! Ba'zida bolalarning e'tiborsizligiga vitamin etishmasligi ham sabab bo`lishi mumkin. Pediatr bilan maslahatlashib, Magniy B6 , Omega 3 kabi vitaminlarni bolaning miya faoliyati yaxshilanishi uchun berishingiz mumkin.

To Top ↑
To Top ↑