x

Ko‘pchilik ota-onalar farzandining xotirasi kuchli emasligidan noliydi. Karra jadvalini, turli kattalikdagi she’rlarni yodlay olmagani, ayrim ma’lumotlarni eslab qola olmagani sababli ularning salomatligidan xavotir olishadi. Zero, kelajakda bolaning aql-idrokli bo‘lib yetishishida uning kuchli xotiraga ega bo‘lishi muhim ahamiyatga egadir.

Albatta, hech kim mukammal xotira sohibi emas. Barchamizda unutish xislati ham bor. Lekin ba’zan ota-onalar farzandining oddiy narsalarni ham yodda saqlay olmasligini ta’kidlashadi. Bola xotirasi mustahkam bo‘lishi uchun esa ota-ona farzandi bilan har kuni ma’lum vaqt davomida shug‘ullanishi kerak. Bolaning zehni turli mashq va o‘yinlar orqali rivojlanib boradi. Yana shunisi ahamiyatliki, uning ovqatlanishi, kun tartibi ham bunga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.

Xotira bilan bog‘liq hamma xususiyatlar bola tug‘ilib, nutqi rivoj topganidan boshlab, to o‘smirlik (12-14 yoshlar) davriga qadar yaxshi rivojlanadi. Ayniqsa, zehnning qay darajada mustahkam ekanligi bola maktabga borish paytida bilinadi. Eslab qolish qobiliyati yaxshi rivojlangan o‘quvchi darslarni boshqalarga qaraganda tez o‘zlashtiradi.

Quyida esa yuqorida qayd etilganidek muammoga duch kelgan ota-onalarga farzandining xotirasini yaxshilash bo‘yicha bir qator tavsiya va foydali mashqlar keltirib o‘tamiz.

“10 ta farqni top” o‘yini

Suratga qarab o‘ynaladigan “10 ta farqni top” mashqi xotirani mustahkamlovchi asosiy o‘yinlardan biridir. Buning uchun bolaga yarim daqiqa suratni tomosha qilishiga qo‘yib bering. So‘ngra ikkinchi suratni ko‘rsating. U rasmlar o‘rtasidagi tafovutni xotirasiga suyangan holda aniqlay boshlaydi.

Ko‘rib, eshitib, eslab qolish

Farzandingizga biror hayvonni tasvirlab bering. So‘ng eshitganlari haqida so‘zlab berishini so‘rang. Bu mashq u uchun biroz qiyinchilik tug‘dirsa, hayvonlar rasmini ko‘rsatib, ularning tovushi, harakatlari to‘g‘risida ma’lumot bering. Bolajoningizdan so‘zlaganlaringiz haqida so‘rab olishni unutmang.

Kun tartibi

Dastlab bolaga to‘g‘ri kun tartibi belgilash kerak. Bunda sport muhim o‘ringa ega. Turli jismoniy mashqlar bolalarning miyasi rivojlanishi va xotirasining mustahkamlanishi uchun alohida ahamiyatga ega. Uyqu davomiyligiga (maktab yoshidagi bolalar uchun kundalik 9 soat) ham e’tibor berish kerak. Kun davomida 5 mahal ovqatlanish jarayonini tashkil etish, miya tarangligining rivojlanishiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. Bo‘tqalar, sut va sut mahsulotlari, yong‘oq, yog‘li baliq, dukkakli mahsulotlar, mevalar va sabzavotlar bolalar ratsionidagi asosiy mahsulotlar bo‘lishi zarur.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, xotira tug‘ma iste’dod emas, uni faqatgina mashqlari orqali mustahkamlash va rivojlantirish mumkin. Shunday ekan, farzandlarning kuchli xotiraga ega bo‘lishi ularning ota-onalari va muhitiga ham bog‘liqdir.

To Top ↑
To Top ↑