Farzandimiz injiqlik qilgan vaqtda ham o`zimiz xotirjam turishimiz muhimdir. Zero, faqatgina xotirjam aql echimlarni ko`ra oladi. Bunday paytlarda xotirjam bo`lishning yo`li avvaldan tayyorlanib, juda ko`p mashq qilishdir.
Bizning amaliy usulimizni «aqliy kodlash» deb ham atash mumkin. Bu usul orqali o`z-o`zimizga beradigan takliflarimiz bilan injiqliklarning to`lqinli suvlarini turg`un ko`lmaklarga aylantirishga erisha olamiz.
Har kuni farzandlarim bilan aloqador shu kabi fikrlarni hayolimdan takrorlashning foydasini ko`ryapman. Hadicha o`ylab ko`r deyman o`z-o`zimga, vaqt mashinasi degan narsa bo`lsa... Prezidentni shu mashina yordamida 5- yoshli bola qilib qo`yishsa. so`ng uni senga berib g`amxo`rlik qilasan, tarbiyalaysan deyishsa... Sen 5 yoshli bolaning katta bo`lgach Prezident bo`lishini bilasan! Unga qanday munosabatda bo`lar eding? Qanday muhim sifatlari bo`lishiga e'tibor berarding? Qanday muomala qilarding?
Menimcha, hech birimiz davlatimiz rahbari bo`lajak bir shaxsni qat'iyatsiz, o`ziga ishonmaydigan, shavqatsiz bo`lishini xohlamaymiz. Shu sababli uning shaxsiyatiga putur etkazadigan munosabatlardan uzoq turamiz.
Biz unga baqira olmaymiz, itara olmaymiz, yoki urib yuragidagi shafqat tuyg`usini o`ldira olmaymiz. Mamlakat rahbariga bunday munosabatda bo`lishga jur'at qila olmaymiz. Muomala munosabatlarimizda diqqat - e'tiborli bo`lishga majbur bo`lamiz. Shunday paytda Prezidentni tarbiyalayapsan, bu oson bo`lmaydi, «sabr qil» deb eslatamiz.
Ana endi uyimizdagi kichik bolakayga qaytaylik. Kim bilsin balki, mamlakat rahbarini tarbiyaloyotgandirmiz. Unday bo`lmagan taqdirda ham xonadonimizda kelajakning etuk mutaxassislarini, olimu ustozlarni ulg`ayayotgani aniq.
Eng muhimi har birimiz kelajak ota-onasini tarbiyalayapmiz. Buni bilishimiz va doimo o`zimizga eslatib turishimiz, turli xarxashalarni engishimizga ko`mak beradi. Chunki bolalarimizning har bir xarxashasi nimanidir o`rganishimizga va yaxshi tomonga o`zgartirishimizga turtki bo`ladi.
Hadicha Kubro Tongar, «Baqirmaydigan bolalar» kitobidan.