x

Ramazonning ro`za ibodati boshqa ibodatlardan bolalikning hayajonli xotiralarini uyg`otish bilan ham qadrlidir. Har qanday inson tiynatida samimiyat va soflik, beg`uborlik va soddalik yashaydi. Har bir jamiyat o`ziga xos rasm-rusumlar, xalqona udumlar bilan tboyitgan bo`lsa-da, ro`za ibodati va Ramazon oyining mushtarak xususiyatlari musulmon dunyosini birlashtiradi.

Shuning uchun ham g`arbdan sharqgacha, janubdan shimolgacha bo`lgan hududlarda Ramazon oyi ayricha tazohirda, ammo sokin va farahbaxsh kechadi. Hatto urush va ofatlar soyasida Ramazon oyini o`tkazayotgan insonlarning ko`zida ham ro`zaning, ibodat halovatining huzuri va zavqi aks etadi. Kattalarimizning “Oh, biz paytimizdagi Ramazonlar!..” deya boshlanuvchi xotiralarda ro`za va Ramazonning bolalik sog`inchi bor.

Chunki “Oh, biz paytimizdagi Ramazonlar!” bolalarcha hayajon bilan o`tgan ibodatlarni yodga soladi.

Bolaga ro`za va Ramazonni o`rgatish tarbiyaviy-axloqiy harakat talab qilmaydi. Faqat bola Ramazon va ro`za ibodatini tushunadigan, qadrlaydigan muhitda o`sayotgan bo`lsa bo`ldi. Bunday muhitda bola va ro`za juda oson topishadi, tez inoqlashib ketadilar. Hammamizning ilk ro`za, ilk Ramazon, birinchi saharlik va ilk da'fa Hayit ayyomini qarshilaganimiz bilan bog`liq go`zal xotiralarimiz bor. Hotiralarimizning mushtarakligi esa bolalarcha zavq va hayajonda.

Kichik yoshdagi bolalarni saharlikda uyg`otib, dasturxonga da'vat etish o`rinli. Kattalar bilan birga niyat qilib, saharlik qilsinlar. Undan keyin esa qorni ochiqqanida go`yo iftorlik uchun dasturxon hozirlagandek, bolani tansiq ne'matlar bilan taomlantirish durust. Iftorlik paytida ham bolakayga xuddi ro`zadordek iltifot ko`rsatish ro`zaning va Ramazonning bola qalbida ta'sirini kuchaytiradi. Kichik yoshdagi bolakaylar uchun bunday ro`za haqiqiy ro`za ibodatiga yo`llash uchun muvaffaqiyatli dastur bo`la oladi. Kun bo`yi ro`za tutish uchun eng qulay payt Ramazonning birinchi kuni. Birinchi kun go`zal holatda ro`za tuta olsa, Qadr kechasi kuni ham zavq bilan ro`za tuta oladi.

Yoshi va immunitetiga ko`ra ro`za tutishga qiynalmasa, demak, bolajoningiz ro`za ibodatini ado etishga qodir bo`libdi. Ramazon va ro`za zavqini bolajonlarga his ettirish uchun, uyingizni chiroyli yasating. Yorqin chiroqlar, o`yinchoqlar bilan bolalar xonasini bezating. Imkoni boricha, iftorlikda surat-kitoblar, qalam, shirinliklar hadya qiling. Iftorlik dasturxoni uchun tayyorlangan taomlarni bolalar zavqlanadigan shakllarda bezating. Ziyoratgohlar, masjidlarga ziyoratga olib boring. Iftorlikdan so`ng bolalar xiyobonlari yoki bolalar uchun ko`ngil ochar joylarda o`ynatib keling. Dilbandingiz Ramazonning zavqi va quvonchini his qilsin. Iftorlikda pishiriq va taomlardan qo`liga tutqazib, tengdosh o`rtoqlariga berishni o`rgating.

Ramazon saxovat, mehr-muruvvat va shodlik oyi ekanini bolalikdan his qilib ulg`ayganlar, katta bo`lganlarida jo`mard va saxiy inson bo`lishlari shubhasiz. O`ttiz kunni bayramdek o`tkazib, Hayit ayyomi uchun bolajoningiz bilan birga tayyorgarlik ko`ring. Opa-akalari, bobo-buvisi, dadasi va sizga o`z qo`llari bilan hadyalar tayyorlashiga yordam bering. Farzandingiz muborak oy ichida ibodat, ezgulik, ikrom va mehr, sayr-sayohat, bayram, xushnudlik, o`yin-kulgu va yana bir olam ma'rifiy-ijtimoiy munosabatlarni o`rgansin.

Ko`pchiligimizning Muborak Ramazon oyi bilan bog`liq amallarimiz bor. Kimdir Ramazon oyida bolalari bilan birga qishloqdagi ota-onasining ziyoratida bo`lib, bir oy davomida qiblagohlarining xizmatida, ikki hissa ibodat bilan mashg`ul bo`ladi. Bu bilan ham ota-onasining ko`nglini oladi va ham bolalariga ota-onaga xizmat qilish buyuk ibodat ekanini amali bilan uqtiradi. Kimlardir bolalar shifoxonalari, tarbiya muassasalariga ehson qiladi.

Bular katta ishlar bo`lib, insondan vaqt va xarajat talab etadi. Ammo shunday ishlar borki, farzandimiz bilan Ramazon oyida ularni bajarish bizdan ortiqcha vaqt va sarf-xarajat talab qilmaydi. Ramazon tunlari osmonga termulib, bolangiz bilan birga oy suzishini kuzatishingiz mumkin. Uyda bolalar uchun iftorlik tashkillashtirishingiz ham chiroyli amal. Bu iftorlikda faqat bolalar; qarindosh-urug`, qo`shnilarning farzandi va dilbandingizning tengdosh o`rtoqlarini mehmon qilasiz. Iftorlikka kelolmaydigan do`stu yaqinlaringizni saharlikka da'vat qilasiz. Albatta ular ham farzandlari bilan kelsinlar.

Maktab yoshidagi bolalarga kitob, jajji bolakaylarga esa o`yinchoqlar hadya qilishingiz, sovg`alarni ro`za ibodatiga tayyorlayotgan farzandingiz tuhfa etishi ham foydali bo`ladi. Iftordan keyin butun oila jam bo`lib Qur'on, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlaridan, sahobalarning umr yo`llaridan qissalar o`qing. Qur'on tilovat qilishni biladigan bolalaringiz bo`lsa, ularning ovozini tinglang. Majburlovchi va bezdiruvchi nasihatgo`y bo`lmang.

Samimiy bo`ling va mehringizni boricha ko`rsating. Munosib odobu tavoze' bilan ro`za ibodatingizni ado eting. Ramazon oyini go`zal va xushnudlik bilan o`tkazing. Imkoni boricha, ushbu muborak oyda oilangiz bilan birga bo`ling. Do`stu birodarlaringiz, sevganlaringiz bilan Ramazonning butun zavqu nashidasini surishga harakat qiling. Farzandlaringizga ro`za ibodatini anglatishning eng oson yo`li — oila a'zolarini bir-biriga mehr-muhabbatli munosabat qilishi va Ramazonni birga o`tkazishidir.

Umida ADIZOVA

To Top ↑
To Top ↑