x

Bola tug`ilishi bilan uning haqlari ham birga tug`iladi. O`sha haqlarning eng avvalgilaridan biri nasabi pok bo`lishi haqqidir.

Nikohning va oila qurib yashashning asl maqsadlaridan biri ham nasl-nasabni saqlashdir. Busiz oila ham, ota-onalik ham, bolalik ham, qarindosh-urug`lik ham, jamiyat ham bo`lmaydi. Farzandning ota-onasi nikohdan o`tib, halol-pok yashagandagina nasabi aniq va pok bo`ladi.

«Nasab» so`zi lug`atda yaqinlik, nisbat berish degan ma'nolarni anglatadi. Shar'iy istilohda esa ota-onaning yaqinligini va bir shaxsni o`ziga qo`shishni bildiradi.

Nasab eng muhim va o`ta nozik ijtimoiy hukmlardan biridir. Zotan, inson aynan nasab orqali ota-onasini, bobo-momosini, amaki-tog`asini, amma-xolasini va boshqa qarindoshlarini taniydi, ular bilan aloqada bo`ladi.

Islom shariatida nasabga alohida e'tibor berilishi unga bog`liq o`ta muhim haqlar borligi uchundir.

1. Nasabni yaxshi aniqlash kelajakda mahramlar orasida nikohlanish kabi katta gunohning oldini oladi.

Agar bu ish bo`lmasa, odam bilmasdan, o`zining qarindoshi bilan oila qurib qo`yishi, buning oqibatida ko`plab zarar ko`rishi va gunohga qolishi bor.

2. Nasabning sobit bo`lishi ota-ona haqlarining ham sobit bo`lishiga xizmat qiladi.

Agar nasab aniqlanmasa, ba'zi holatlarda inson uchun eng muhim ishlardan bo`lgan ota-ona haqlarining poymol bo`lishi turgan gap.

3. Nasabga e'tibor berish qarindosh-urug`larga e'tibor berish va ularga silai rahm qilishni yo`lga qo`yish demakdir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Nasablaringizni o`rganing, u bilan silai rahm qilasiz. Zotan, silai rahm ahlga muhabbat, molning ziyodasi va ortdan asarini qoldirishdir», dedilar».

Termiziy rivoyat qilgan.

Har bir kishi nasabini, ya'ni ajdodlari, qarindosh-urug`larini yaxshi tanib olishi lozim. Bu narsa silai rahm qilish uchun kerak. Bir kishi boshqa bir kishining o`zining qarindoshi ekanini bilmay, shu tufayli unga silai rahm qilmay yurgan bo`lsa, gunohkor bo`ladi. Shuning uchun qarindosh-urug`larni yaxshi bilish, qarindoshlik aloqalarini o`rganish musulmon kishining burchi hisoblanadi.

Silai rahm qarindoshlar o`rtasida mehr-muhabbat uyg`otadi. Qarindosh-urug`lar bordi-keldi qilsalar, bir-birlarini ziyorat qilsalar, boylari hojatmandlariga yordam qilsalar, hol-ahvollaridan xabar olsalar, kasal bo`lganda borib ko`rsalar, og`irini engil qilsalar, mushkullarini oson qilsalar, o`z-o`zidan orada mehr-muhabbat paydo bo`ladi. Shuning uchun shariatda silai rahmga, qarindoshlik aloqalarini mahkam bog`lashga va ularni hech qachon uzmay yurishga qattiq targ`ib qilingan.

4. Nasabga ahamiyat berish farzandlarning haqqini himoya qilish deganidir. Albatta, bolalarning nafaqasi, meros olishi, ularga homiy bo`lish kabi haqlarining barchasi nasabga bog`liqdir.

«Sog`lom bola» kitobidan

To Top ↑
To Top ↑