Savol: Men 20 yildan beri befarzandman, ovsinimning bolasini bir yoshligida boqib olgandim. Oradan ancha yillar o`tganidan keyin boshqa ovsinim olamdan o`tdi. Uning kichik qizi 3 yosh edi. Uniyam boqib oldim. Hozir o`g`lim 19 yosh qizim 14 yosh. Qaynonam bular bitta uyda turishi mumkin emas, amakivachchalar bir biriga nomahram deyaptilar. Farzandim yo`qligi uchun bularni mehr berib boqib olgandim, lekin endi shuncha yil katta qilib, bularni qanaqa qilib ota-onasiga qaytarib beraman?! Iltimos, maslahat bering. Shariatda bunaqa vaziyatda qanaqa yo`l tutish kerak? Javobingiz uchun oldindan rahmat.
Javob: Aslida ota-onasi bir o`g`il-qizlar ham balog`atga etganda ularning yotog`ini alohida qilish kerak. Agar siz aytgan bir yoshli o`g`ilni emizgan bo`lsangiz, sizga u o`g`il bo`ladi. Lekin qizni razoat muddatida emizmaganingiz aniq. Chunki uni uch yoshda olgansiz. Shu uchun u sizga emizikli qiz emas. Bundan kelib chiqadiki, bu ikki farzand bir-biriga nomahram. Yotoqlarini albatta ajrating hamda satrlanmagan holatda va uyda yolg`iz qolmasinlar! Bolalarni ota-onasiga qaytarish masalasi hammaning o`zaro sulh va kelishuviga bog`liq. Bolaga vasiylik bor. Buni ota onasi hal qiladi.
Alloh yanada biluvchi.
Ustoz Mubashshir Ahmad