Fuqarolik qonunchiligida meros huquqi, vorislik, noloyiq merosxo‘rlarni merosdan chetlatish, vasiyat bo‘yicha vorislarning umumiy qoidalari, merosdan majburiy hissa olish huquqi, merosni muhofaza qilish, egasiz qolgan meros mulkining taqdirini belgilash kabi ko‘plab normalar belgilangan.
Shuningdek, vorislik tushunchasi ham bo‘lib bu ijtimoiy munosabatlarning alohida bir turi hisoblanib, mol-mulkni yoki mulkka bo‘lgan huquq va majburiyatlarni bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tishi bilan bog‘liq. Vorislik huquqi fuqarolar vafot etganda ularning ma’lum bir huquq va majburiyatlarini boshqa shaxslarga o‘tish tartibini belgilab beruvchi fuqarolik huquqiy normalar yig‘indisidan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1112-moddasiga asosan, vorislik ikki asosda vujudga keladi. Birinchidan vasiyat bo‘yicha va ikkinchidan, qonun bo‘yicha. Mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan xususiy mulkning taqdirini vafotidan so‘ng uning ma’lum bir shaxs tomonidan tasarruf qilinishi belgilanmagan hollarda qonun bo‘yicha vorislik amalga oshiriladi.
Merosdan chetlashtirish yoki meros olishdan mahrum qilish faqat qonunda belgilangan asoslarda va tartibda sud tomonidan hal qilinadi. Vorislik asoslari qonun bo‘yicha vorislikda ham, vasiyat bo‘yicha vorislikda ham kelishuv mavzusi bo‘lishi mumkin emas. Ammo hayotda va hatto, sud amaliyotida ham bunday kelishuvlar uchrab turadi.
Masalan, notarial tartibda tasdiqlangan guvohnomaga asosan bir fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan uy-joyni va jamg‘arma bankida saqlanayotgan omonat mablag‘ini o‘ziga tegishli ulushini qonun bo‘yicha guvohnomaga asosan oladi. Guvohnoma berilayotganda Qonunchilik asosida merosxo‘rlardan meros tarkibidan qat’iy nazar meros ulushidan voz kechishi yoki qabul qilishi ko‘rsatilgan. Ba’zi hollarda merosxo‘rlar o‘z huquq va majburiyatlarini tushunib tushunmay voz kechadi. Keyinchalik meros qoldiruvchining boshqa mol-mulkiga da’vo qila olmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksi 1148-moddasining 2-bandiga asosan “Merosxo‘r ulushning ortishi huquqi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan merosdan, merosning qolgan qismiga vorislikdan qat’iy nazar, voz kechishga haqli” deb ko‘rsatilgan. Ushbu moddaning 4-bandida “Ushbu moddada nazarda tutilgan hollardan tashqari merosning muayyan qismidan voz kechilishiga, merosdan izohotlar bilan yoki shartlar qo‘yib voz kechilishiga yo‘l qo‘yilmaydi” deb ko‘rsatilgan. Aynan shu bandi hozirgi kunda juda ko‘p muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Buning yechimi sifatida Notarius faoliyatidagi amaliyotim va Sudyalar Oliy maktabi tinglovchisi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 1148-moddasining ushbu bandi quyidagicha shaklda: “Ushbu moddada nazarda tutilgan hollardan tashqari merosning muayyan qismidan voz kechilishiga, merosdan izohotlar bilan yoki shartlar qo‘yib voz kechilishiga yo‘l qo‘yiladi, agarda merosxo‘r rozi bo‘lmasa sud tartibida hal qilinadi” deb yozilishi juda ko‘p muammolarning o‘z yechimini topishga ijobiy foyda keltirgan bo‘lardi.