x

Bezovtalik, ishtaha pasayishi, injiqlik va hatto isitma… Bolalarda bunday belgilar kuzatilishi har doim ham xastalik alomati bo`lavermaydi. Jumladan, kichkintoylarda sut tishlari chiqayotgan pallalarda.

Ho`sh, yosh ota-onalar bu haqda nimalarni bilishlari kerak? Tish chiqayotgan davrda bolalarga qanday yordam ko`rsatish zarur?

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o`rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Kamola SOLIHOVA bilan suhbatimiz shu mavzuda bo`ldi. 

— O`g`il-qizlarda sut tishlari chiqishi qanday belgilar bilan namoyon bo`ladi?

— Bu bolaning xatti-harakati va holatida yaqqol seziladi, — deydi shifokor. — Ya'ni ushbu davrda go`dakda so`lak ajralishi ko`payadi, ishtaha pasayadi, milk shishadi. Ammo yuqori tana harorati, diareya kuzatilsa, darhol pediatrga murojaat qilish lozim. 

— Tish chiqish jarayonida og`riqni kamaytirish uchun qanday choralar ko`rish lozim? 

— Bu borada qator tavsiyalar ishlab chiqilgan. Biroq zamonaviy tibbiyot 2 yoshgacha bo`lgan bolalarda tish milkiga anestetik gel va shu kabi boshqa suyuqliklar surishni tavsiya etmaydi.

Buning o`rniga, juda oddiy va zararsiz hisoblangan, tishlash uchun mo`ljallangan maxsus tibbiy vositalardan foydalanish maqsadga muvofiq. Milkni engil uqalash ham og`riq kamayishiga yordam beradi. Agar shunda ham og`riqlar bosilmasa, shifokorga murojaat qilish lozim. 

— Sut tishlari qachondan boshlab chiqa boshlaydi? 

— Odatda, chaqaloq 5-6 oylik bo`lganida, birinchi bo`lib pastki ikki kesuvchi tishi chiqa boshlaydi. Ba'zilarda bu jarayon biroz oldinroq yoki kechroq yuz berishi ham mumkin.

Yuqori ikki kesuvchi tish esa bola 9 oylikdan 13 oylik bo`lgunicha paydo bo`ladi. 13-16 oylik go`daklarning aksariyatida to`rttadan yuqori va pastki tishlar chiqib ulguradi. Qolgan sut tishlari esa bola 3 yoshga to`lgunicha  chiqadi. 

To Top ↑
To Top ↑