Farzand dunyoga kelgandan so‘ng, uni voyaga yetkazish uchun oila byudjetidan ma’lum miqdordagi mablag‘lar doimiy ravishda sarflanadi. Mazkur xarajatlar dunyo davlatlarida turlicha bo‘lib, ko‘plab omillar, jumladan, oziq-ovqat, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy xizmatlar narxi, oila daromadlari va boshqa faktorlarga ko‘ra farqlanib turadi. Ba’zi rivojlangan mamlakatlarda oziq-ovqat narxlari qimmatligi sababli bola parvarishi muammoga aylanib borayotgani ayni haqiqat. Bu esa qiyinchilik tufayli tabiiy ravishda oilalarda bola ko‘rish soni pasayishiga olib keladi.
Hozirda turmush darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda birinchi 17 yil davomida bolani tarbiyalashning o‘rtacha narxi 300 000 dollarni tashkil qilishi mumkin.
Bola xarajatlari bo‘yicha ro‘yxatda yuqori o‘rinlarda turuvchi ba’zi davlatlar statistikasi haqida so‘z yuritsak. Amerika Qo‘shma Shtatlarida ota-onalar bolalari uchun bir oyda o‘rtacha 18 000 dollar sarflashadi. Avstraliyada esa bolani tarbiyalashning o‘rtacha narxi 18 yil davomida 237 000 AUD (Avstraliya dollari) dan 548 000 AUD gacha yoki yiliga 13 000 dan 30 000 AUD gacha bo‘lgan miqdordan iborat. Angliyalik ota-onalar esa o‘z farzandlariga 18 yilda taxminan 193 000 funt-sterling mablag‘ sarflashadi.
Yuqorida tilga olganimizdek xarajatlar geografik mintaqa va joylashuvga qarab farqlanadi. Masalan, Yevropada yiliga bolani tarbiyalashning o‘rtacha narxi quyidagicha:
- Italiya - bu mamlakatdagi ota-onalar bir bolani tarbiyalash uchun yiliga o‘rtacha 4200 dollar sarflashadi;
- Fransiya - 5000 dollar;
- Germaniya - 8500 dollar;
- Ispaniya - 4,300 dollar.
Bu holat Afrika mamlakatlarida esa ancha pastligini ko‘rishimiz mumkin.
- Keniya - $660;
- Janubiy Afrika - $600;
- Nigeriya - $250.
Osiyodagi ba’zi mamlakatlarda ham bola parvarishi nisbatan arzonroq:
Xitoylik ota-onalar bir bolani tarbiyalash uchun yiliga o‘rtacha 15000 dollar sarflashadi. Janubiy Koreyada bir bolani tarbiyalash uchun yiliga o‘rtacha 12 500 dollar mablag‘ ajratadilar. Filippindagi ota-onalar bir bolani tarbiyalash uchun yiliga o‘rtacha 10 000 dollar mablag‘ ajratishadi.