x

Ota-onalar farzandlarii katta bo’lishni boshlagach, ularni uyda yolg’iz qoldirish haqida o’ylashi kerak bo’ladi. Rossiyaning “Moskva-24” telekanali muxbiri mazkur vaziyatni nimadan va qanday boshlash haqida bolalar xavfsizligi bo’yicha mutaxassis Dmitriy Orlovga yuzlanib, kerakli maslahatlarni oldi.

Vahimaga o’rin yo’q
Bolaning yolg’iz o’zini uyda qoldirishni dastlab asta-sekin tayyorgarliklar orqali yo’lga qo’yib olish zarur.  Buning uchun esa kamida 2 hafta vaqt ajratilishi kerak, dedi ekspert. Uning so’zlariga ko’ra, mazkur vaqt mobaynida bolani uyda qarovsiz qoldirish uchun kerakli bo’lgan muhim ko’nikmalar ustida ishlash zarur.

Eshiklarning to’g’ri ochilib-yopilishi, maishiy texnikalardan foydalanish, favqulodda holat yuz berganda darhol xonani tark etish va hokazo. Mutaxassis bu borada bolalar uchun maxsus o’yinlarni ham taklif qildi. Jumladan, ularning ko’zini bog’lab, uydan ko’chaga chiqish yo’nalishini to’gri topishni so’rash. Doimiy mashg’ulotlar natijasida harakatni avtomatlashtirish, tutun yoki ko’rib bo’lmas holat yuzaga kelganda ham xona yoki uyni tark etish bolalarga qiyinchilik tug’dirmasligi ta’kidlandi. 

Kattalar o’zlari yo’qligida vujudga kelishi mumkin bo’lgan barcha xavfli vaziyatlarni oldindan aytib, bolalarni ogohlantirib qo’yishlari darkor. Shunday holatlar yuz bersa, bolalar shoshib qolmasligi uchun ulardan harakatlar ketma-ketligini so’rash va maslahatlaringizni berish foydadan holi emas. 

Raqamlarni yodda saqlash muhim!
Bugungi kunda ko’pchilik bolalar biror bir muammo yuz bersa ota-onalariga darhol qo’ng’iroq qilish borasida ancha xotirjam. Chunki ular odatda telefon kontaktlari xotirasiga saqlangan raqamlarga ishonishadi. Ammo telefon yo’qolib qolishi yoki boshqa baxtsiz hodisa sodir bo’lishi ehtimoli doim ham yo’q emas. Ana shunday vaqtlarda farzandlaringiz zarur raqamlarni yodlab qolishiga e’tibor bering. Ayniqsa, tez yordamni qanday chaqirish va qaysi vaqtda qayerga murojaat qilish kerakligini ularga bildiring. Shu bilan birga bolalar o’zi haqida so’raluvchi asosiy ma’lumotlarni ham bilishi muhimdir. 

Xavfsiz muhit
Bolani yolg’iz qoldirishdan oldin ta’minlanishi kerak bo’lgan eng zaruriy omil bu xavfsiz muhitdir. Uyingizda derazalarni qulflash moslamalari, eshiklarni kalit va kalitsiz, old yoki orqa tarafdan xavfsiz ochilish imkonini beruvchi qurilmalarni o’rnatishingiz tavsiya etiladi. Zamonaviy (aqlli) uy sxemasini ishga tushirish favqulodda vaziyatlarda bir necha tugmalar orqali xavfni bartaraf etish yoki xonani tark etish imkonini beradi. Bundan tashqari, elektr manbayiga tokni me’yorda ushlab turuvchi qurilmalarini ulash – qisqa tutashuv, portlash, yong’in va boshqa xavflar ehtimolini kamaytirishi mumkin. Tok kamaygan yoki ko’paygan holda qurilma elektr uzatishni to’xtatadi.

Virtual xavf
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, ota-onalar virtual xavflar mavjudligiga ham e’tibor qaratishlari zarur. Bolalar yosh va ishonuvchan bo’lganligi sababli firibgarlar tuzog’iga tushib qolishi ehtimoli yuqori. Ayniqsa, ular uyda yolg’iz qolganlarida bu muammo yanada keskinlashadi. Bunday holatlarni oldini olish uchun bolaga oddiy tugmali telefon berish, noma’lum yoki begona raqamlarni bloklash funksiyasini ishga tushirish, uyingizga videokamera kuzatuvlarini o’rnatish tavsiya etiladi.

To Top ↑
To Top ↑