Farzandingiz telefonini, ekranga tikilib o’tkazayotgan vaqtini nimalarga sarflayotganini nazorat qilib turishingiz muhimdir. Shunday dastur va viruslar borki, ularni bolangiz o’rnatadigan bo’lsa, qo’lidagi telefonining “miyasini” ham, o’zining miyasini ham zararlashi mumkin. Quyida, bolalar uchun xavfli bo’lgan ilovalar ro’yxatini keltiramiz. Ushbu dasturlarni ularning gadjetlarida uchratib qolsangiz darhol o’chirib tashlang yoki o’rnatilishidan xavotirda bo’lsangiz “ota-ona nazorati” funksiyasini ishga tushiring.
1. Kalkulyator ilovalari
Ushbu ilovalar ko’pincha oddiy dasturdek ko’rinadi. Aslida, ular soxta ilovalar bo’lib, kirish oldidan maxsus kod o’rnatib, rasm, video va boshqa fayllarni yashirish mumkin. Yashirilgan fayllar esa telefonning boshqa hech qayerida ko’rinmaydi. Ularning bir necha xil ko’rinishdagi variantlari mavjud bo’lib, keng tarqalgani “kalkulyator”dir. Xavfli tomoni, bugungi kunda ko’plab bolalar nomaqbul mediamateriallarni shu usulda o’z ota-onalaridan berkitgan holda foydalanishmoqda.
2. Snapchat
Ushbu mashur ilovada bir qancha xavflar mavjud. Unda yalang’och rasmlarni yuborish uchun alohida imkoniyat yaratilgan. Shu bilan bir qatorda, GPS dan foydalanish funksiyasi farzandingiz qayerdaligini istalgan begona odamga bilish imkonini berishi mumkin. So’nggi vaqtlarda, ba’zi bolalar ota-onasidan yashirgan holatda Snapchat ilovasida suhbat qurishmoqda. Chunki bu SMS yoki boshqa messenjerlardan xavfsizroq, hech kim e’tibor bermaydigandek ko’rinadi.
3. Roblox
Roblox – 5-12 yoshdagi bolalar o’rtasida juda mashur bo’lgan video o’yin. Aslida ushbu o’yin o’z ichida millionlab o’yinlarni birlashtirgan. Statistikaga ko’ra, ko’plab bolalar Roblox’da nomaqbul kontent – haqoratli so’zlar, 18+, giyohavandlik va alkogol moddalari sahnalariga duch keladi. Bundan tashqari, o’yinning asosi jangari simulyatsiya bo’lganligi uchun bolalarda zo’ravonlik hissini oshirish ehtimoli katta.
4. Discord
Mazkur ilova dunyoning istalgan nuqtasidagi odam bilan to’g’ridan-to’gri xabar almashish, ovozli va video qo’ng’iroqlarni amalga oshirish imkonini beradi. Qolaversa, foydalanuvchilar turli xil server va kanallarga qo’shilib, ommaviy suhbatlarda ishtirok etishi mumkin. Discord’ning xavfli tomonlari shulardan iboratki, unda cheklov funksiyasi yo’qligi uchun bolalar nafratomuz nutqlardan tortib, qo’rqitish, behayo sahnalarga duch kelish holati ko’p uchraydi. O’rganish natijalariga ko’ra, mazkur ilovada zo’ravonlik va o’z joniga qasd qilish g’oyalari topilgan.
Maqolamizning keyingi sonida ham shu kabi mashhur, ammo, bolalar uchun xavfli bo`lgan ilovalar haqida so`z yuritamiz.