Davlatlar va ularning an’analari, tillari hamda yashash sharoitlari turlicha bo’lgani kabi, ulardagi ta’lim ham bir-biridan farq qiladi. E'tiboringizga havola etilayotgan ushbu yangi rubrikamizda jahonning turli nuqtalarida joylashgan davlatlar maktablarining ta'lim tizimi bilan atroflicha tanishamiz
Amerika Qoʻshma Shtatlarida o'rta (maktab) ta'lim
Amerika Qo’shma Shtatlarida ta’lim davlat sektori tomonidan amalga oshirilib, federal, shtat va mahalliy hukumatlar nazorat qiladi. E’tiborli jihati shundaki, butun mamlakatda bir xil ta’lim sistemasi mavjud emas. Maktablarning o’quv rejasi, fondlari, o’qish sistemasi va boshqa ichki masalalar saylangan kengashlar tomonidan tuziladi. Mamlakatda davlat maktablari bilan bir qatorda xususiy ta’lim dargohlari ham mavjud bo’lib, ularda o’qish pullik hisoblanadi.
Amerikada umumiy-o’rta o’rta ta’lim maburiyligi qonun bilan mustahkamlangan. Ammo, ta’lim nazorat shtat boshqaruvida bo’lganligi uchun maktab yoshlari ham turlicha. Bolalar odatda 5-6 yoshlarida maktabga chiqib, 17-18 yoshgacha o’rta ta’limni yakunlashadi. Ba’zi maktablarda 1-sinfni bog’chada boshlash imkoniyati ham mavjud. Maktab 12 yildan iborat.
Mamlakatda bolani o’qitish uchun ota-onalarda 3 ta variant mavjud – davlat maktablari, xususiy maktablar va uyda ta’lim olish. Ba’zi dindor yoki bolasi faqat o’zlari xohlagan fanlarni o’qishini istagan ota-onalar farzandlarini uy ta’limida o’qitishadi. Ko’pgina davlat maktablarida ta’lim 3 bosqichga ajratilgan – boshlang’ich (1-5), o’rta (5-9 )va yuqori (9-12). Ushbu bosqichlar tarkibiga kiruvchi sinflar va baholash sistemasi shtatlarga qarab farq qiladi.
O’quv yili an’anaviy tarzda, avgust oyi oxiri-sentyabr oyi boshlarida boshlanib, may-iyun oylarida o’quvchilar guruh-sinf sifatida keyingi sinf yoki bosqichga o’tadilar. 12 kalendar yili davom etgan maktab ta’limidan so’ng o’quvchilarga o’rta ta’lim diplomini olishadi. Yuqorida tilga olingan 12 yillik sistema mamlakatda “K-12” deb ataladi. O’qishlarini muvaffaqiyatsiz baho bilan yakunlagan o’quvchilar 1 yilga kechiktiriladi. Boshqacharoq aytganda sinfdan sinfga qoladi va yana 1 yil maktabda o'qiydi.
Ma’lumot o’rnida, o’rta yoki umumiy-o’rta ta’limdan keyin o’qishni davom ettirishni istaganlar kollej yoki universitetlarda tahsil olib, bakalavr darajasini olishlari mumkin. Ularda ta’lim 4 yil davom etadi. Ilmiy daraja olishni istovchilar esa oliy ta’limdan keyin magistratura bosqichida ta’lim olishlari kerak. Bundan tashqari, bitiruvchilar uchun maktabdan keyin 2 yillik jamoat kollejlari ham mavjud bo’lib, ularda o’qish pullik hisoblanadi.
Umidjon Sayfullayev tayyorladi.