x

Bola uxlashga vaqtli yotishi kerak. Sababi, o‘sish gormoni uyquning 4-davrida ishlab chiqarila boshlaydi. Masalan bola tungi 21:00da uxlashga yotsa, 00:30da gormon o‘z faoliyatini boshlaydi. Agar bola kech yotsa unda gormon ishlab chiqishi uchun kam vaqt qoladi va bu bolaning o‘sishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, to‘g‘ri kun tartibida yashovchi bolalarning diqqatlari jam bo‘lib, darslarni ham yaxshi o‘zlashtirar ekanlar. Bundan tashqari vaqtida uxlaydigan bolalar ulg‘ayganda Alsgeymer kasalligi bilan kamroq og‘rirkanlar. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra bu kasallikning rivojlanishiga qarshi 2 chora bor: yaxshi uyqu va jismoniy mashqlar.

Farzandingizning kun tartibiga e’tiborli bo‘ling. Shu bilan birga o‘zingizga ham: farzandlarimiz hohlaymizmi yo‘qmi mayda narsalarda ham bizdan o‘rnak oladilar. Bu jihatlar oddiy ko‘rinsada, kelajakda bolangizning ruhiyati va jismoniy faolligiga ham ta’sir etadi.

Bolani qanday qilib vaqtli yotishga o‘rgatish mumkin?

Bolani majburlab, qayta tarbiyalay olmaysiz. Eng to‘g‘ri yo‘l — bunday kun tartibiga barcha oila a’zolarining rioya qilishidir. Axir bola uxlashga yotgach tashqaridan tovushlar eshitsa va yoqig‘ chiroqni ko‘rsa u hali kun tugamaganini xulosa qiladi.

Yana bir yo‘li — bolaga uyqudan oldin ertak o‘qishni odat qiling. U tushunaduki, onasi yoki otasi ertak o‘qiyaptimi, demak uxlash vaqti bo‘ldi.

Muhim omillardan biri xonadagi chiroqlardir. Psixologlarning fikricha, iliq sariq tusli chiroqlar bolani bo‘shashtirib uyquga tayyorlaydi.

Yana bir maslahat — tunda gadjetlarni o‘chirib, olib qo‘ying. Tunda bir necha bor ularni yoqib tekshirganingizda farzandingizga salbiy namuna ko‘rsatasiz — axir ular bizning aksimiz.

Sport haqida ham unutmang. Kechki payt mashq qiluvchi bolalar charchaydilar va tez uxlab qoladilar. Yo bo‘lmasa uxlashdan oldin toza havoda sayr qilish ham yaxshi natija beradi.

Internet manbalari asosida tayyorlandi.

Hayotimizning go‘yo oddiy ko‘ringan bu jihatlariga e’tiborsiz bo‘lmang. Bolalikda vaqtli uxlash odati bo‘lg‘usida yaxshi natijalar beradi: bunday bolalardan o‘ziga ishongan, jismonan va ruhan sog‘lom kishilar yetishib chiqadi.

To Top ↑
To Top ↑