x

Yangi zelandiyalik Nayjel Latta zamonaviy bolalar psixologiyasi bo‘yicha eng kuchli mutaxassis. Latta o‘n yildan oshiq vaqt davomida muammoli bolalar va o‘smirlar bilan ishlagan. Undagi bebaho tajriba va bilim nafaqat tarbiyasi og‘ir bolalar ota-onalari, balki ota-ona bo‘lishni rejalashtirgan barcha uchun ham kerakdir. U hayotiy ko‘nikmalarini bayon etgan kitob bestsellerga aylangani, bejiz emas. Biz mana shu mutaxassis tomonidan ishlab chiqilgan bolani tarbiya qilishning qoidalarini e’lon qilayapmiz.

1. Asosiysi – bu muomala. Bu eng asosiy qoida va buni hech bir ota-ona nazardan chetda qoldirmasligi kerak. Bola — kichkina odamgina emas, alohida shaxs hamdir. Shuning uchun uni izzat qilish, muloqot mobaynida hurmatni izhor etib turish zarur.

Siz ota yoki ona sifatida shaxsiy namunangiz yordamida boshqa insonlar bilan muloqot qilishni o‘rgating. Samimiyatsiz insoniy munosabat o‘rnatib bo‘lmaydi.

Bu yerda nazorat haqida gap ketmayapti. Bolalarni nazorat qilish, ayniqsa, kichik yoshdagilarini cho‘chitib qo‘yadi. Siz faqat qo‘rqitish yordamida “o‘zingni yaxshi tut”, desangiz u bu nega zarurligini tushunmaydi. Bundan tashqari, katta bo‘lganida bola sizdan qo‘rqadigan bo‘ladi.

2. Bolaga simpatiya (xush ko‘rish) bilan munosabatda bo‘ling. Bolalar ota-onalari ularni yaxshi ko‘rishiga qattiq ishonishadi. Bu tug‘ma hissiyot. Hatto bolaga yetarli e’tibor qaratilmagan yoki ularni jazolagan paytda ham ular ota-onasining mehr-muhabbatiga ishonishadi.

Biroq yoqimlilik, xush ko‘rish bilan gapirish, mehr ko‘rsatish umuman boshqa narsa. Ko‘plab bolalar sovuq va loqayd munosabatni darrov payqab qolishadi. Ota-onalik muhabbati tabiiy hissiyot, instinktdir. Unga simpatiyani uyg‘unlashtirsangiz, bola tarbiyasidagi katta yutuqni qo‘lga kiritasiz.

3. Bolalarga juda ko‘p e’tibor zarur. Barcha bolalarga e’tibor kerak. E’tibor esa hech qachon ko‘plik qilmaydi. Farzandlar ikki nafar bo‘lsa, ular barcha e’tiborni o‘zlariga qaratish uchun injiqlik qilishadi. Ha, go‘daklar e’tiborni qozonish uchun barcha imkoniyatdan foydalanishadi. Bu holat bolalarda instinktiv mavjud. Ota-onaning ko‘z-quloq bo‘lib turishi ular uchun xavfsizlikni anglatadi.

4. Yaxshisini oshirib, yomonini yashiring. Mazkur qoida birinchi qarashdayoq tushunarli. Ularning yaxshi harakatlariga e’tibor qarating. Agar bola nimanidir noto‘g‘ri qilayotgan bo‘lsa, bunga ahamiyat bermang.

Yaxshi tomonga e’tibor qaratish bola o‘zini yaxshi tutishiga sabab bo‘ladi. Yomon qiliqlariga e’tibor bermay qo‘yishingiz bilan fanzandingizning o‘zi injiqlik qilishni bas qiladi.

5. Bolalarga chegara qo‘ying. Bolalarni chegaralanmaslikning sabablari ko‘p. Ular olamni mustaqil anglashlari lozimku, axir. Biroq bolalarni yolqovlikdan cheklamasangiz, tarbiyani o‘zi bo‘larchilikka tashlab qo‘ygan bo‘lasiz. Ularni chegarasiz, hech qanday qoidalarsiz tarbiyalab bo‘lmaydi. Bola biror cheklovga duch kelmagunicha harakatlanaveradi. Sababi nimaningdir mumkin emasligi tushunchasi ularning tabiatida mavjud emas.

6. Ergashtiruvchi bo‘lishga harakat qiling. Ota-ona bo‘lish og‘ir mas’uliyat. Shaxsiy namuna ko‘rsatish ham qiyin. Shunday bo‘lsa-da fanzandingiz qanday bo‘lishini istasangiz, o‘zingiz ham shunday bo‘lishga majbursiz.

7. Yomon fe’l-atvorini kechirmang. Agar bola ota-onasini haqorat qilsa, ranjitsa, jazavasi tutib qolsa buni kechirish kerak emas. Ha, bola doimo o‘zini ideal darajada tutmasligi mumkin. Bolalarda vaqti-vaqti bilan yomon fe’l-atvor kuzatilib turadi. Ammo bu holatga qo‘l siltab qo‘yib bo‘lmaydi. Aks holda, ahvol bundan ham yomonlashadi. Yomon xulq bilan kurashish zarur.

8. Reja tuzing. Farzandingiz serxarxasha va tantiq bo‘lsa, avvalo, reja tuzib oling. Albatta, bu rejada grafiklar chizishingiz shart emas yoki maqsad va vazifalarni batafsil boshidan oxirigacha ifodalashingiz zarur emas. Har kunlik hisobotlar ham bu o‘rindan joy olmaydi. Shunday bo‘lsa-da, reja zarur.

U sizga bolaning fe’l-atvori ustida ishlashingizda asqotadi. Go‘dakning bitta muammoli fe’li yoki qilig‘ini yozing va u bilan kurashish uchun har xil g‘oyalar o‘ylab toping.

9. Istalgan xulq – bu muloqot. Eng yomon atvor ham bu bolaning ota-onasi bilan bo‘lgan muloqotidir. Agar u qandaydir nojo‘ya harakat qilayotgan bo‘lsa, go‘dak ota-onasiga nimanidir aytgisi kelayapti. Masalan, e’tiborsizlikdan aziyat chekayapti. Ular fikr va hislarini harakatlar yordamida ifodalaydi. Bola o‘z tantiliklari bilan nimani tushuntirmoqchi ekanligini bilish bu yarim muvaffaqiyat kalitidir

10. Bolalar – bu xaos (tartibsiz, chalkash)dir, ular bilan urushish foydasiz. Bolalar ota-onasining hayotiga doimo xaos olib kirgan. Ta’kidlab aytamiz, doimo. Bola tug‘ilishi bilan minglab kutilmagan, kechiktirib bo‘lmas ishlar paydo bo‘ladi. Buni tushunish va mazkur holatga ko‘nikish zarur. Farzandingiz oldin xafa bo‘lishi, keyin sho‘xlik qilishi, saldan so‘ng esa siz bilan tortishishi, bahslashishi mumkin. Barchasiga sabr eting. Dovuldan keyin baribir quyosh chiqadi.

Muslim ATAYEV.

Manba: Islom.uz

To Top ↑
To Top ↑