x

Bola o‘smirligida mustaqil qaror qabul qilishni o‘rganmasa, katta hayotda ham uni kimdir boshqarishi kerak bo‘ladi.

O‘smirlik yillari – ota-onalar uchun ham, bolalar uchun ham murakkab davr. Bu yoshda farzandlar o‘z fikrini eng to‘g‘ri deb hisoblashadi. Ota-onalar ham kichkintoy deb hisoblab yurgan bolasining endi o‘z fikrini, o‘z qarashlarini ayon qilishlarini qabul qilishlari qiyin bo‘ladi.

Bolalar ham o‘zlarini aqlan katta bo‘lganday his qilishsa-da, moddiy va jismoniy jihatdan ota-onaga tobe bo‘lib qolaveradi. Barcha tushunmovchiliklar shundan kelib chiqadi.

Har bir ota-ona farzandini turli muammolardan himoya qilishni istaydi. Ammo o‘smir yoshda bola o‘qishi, maktabi, baholari bilan bog‘liq qarorlar qilishi va shu qarorlarining natijasiga javob berishni o‘rganadi. 

Xo'sh, bunday holatda qanday yo'l tutish kerak?

Avvalambor, do‘stona munosabatlarni o‘rnatib, ko‘proq muloqotda bo‘lish nihoyatda muhim. Ammo hammasini vaqtingiz yo‘qligiga yo‘yishingiz bilan vaziyatni chigallashtirishingiz mumkin, xolos. Shuning uchun o‘z bolajoningiz uchun vaqt ajratib, ko‘proq oilaviy yig‘ilishlar uyushtiring. Ertalab maktabga kuzatayotganda, birgalikda nonushta qila turib, uning hayotiga qiziqishingizni bildirishingiz mumkin. Uning mashg‘ulotlari, qiziqishlari, tanish-bilishlari, nizolari haqida so‘rab-surishtirishingiz ayni muddaodir. Siz doimo hammasidan xabardor bo‘lib turishingiz kerak.

Shuningdek, farzandingizning ijod yo‘lidagi turli tajribalariga e`tibor va qiziqish bilan yondashing. So‘zlar etmagani bois, tasvirlar yordamida his-tuyg‘ularini ifodalash osonroq kechadi. «Ijodiy terapiya», psixologik inqiroz davrida bola uchun samarali choralardan biri sanaladi.

Bundan tashqari, o‘smir farzandining tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanayogan ota- onalar «ichma», «chekma» deb turib, o‘zlari bunday zararli odatlardan voz kechishmasa, kutilgan natijaga erishish amrimahol. Gapirilgan gap, pand-nasihatlar xatti-harakatlaringizga mos bo‘lsin. Farzandingizga, avval o‘zingiz namuna bo‘lishingiz kerak.

Sabr-toqat, mehr-muhabbat, o‘zaro hurmat, do‘stona munosabatlar o‘smirning kelajagini porloq etadi. Albatta, farzandingiz va taqdiringiz o‘z qo‘lingizda. Shuni ham unutmangki, o‘smir farzandingizning tarbiyasini, avval o‘zingizdan boshlashingiz lozim.

To Top ↑
To Top ↑