Kundan kunga til o‘rganishning ahamiyati yanada dolzarbroq bo‘lib bormoqda. Ushbu maqolada farzandingizga ingliz tilini iloji boricha tezroq o‘zlashtirishida qanday yordam berish mumkinligi haqida gaplashamiz.
O‘zbek tilidagi birorta so‘zni ishlatmaslik
Uzluksiz kommunikativ o‘qitish metodikasi — ajoyib eshitiladi, samarasi ham bundan kam emas. Bola bilan faqat ingliz tilida qanchalik ko‘p gaplashilsa, o‘rganuvchining yoshi kichik bo‘lsa ham, til muhit bilan bog‘liq holda shunchalik tez o‘zlashtiriladi.
Genetiklarning fikriga ko‘ra, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar barcha tillarning “kurtaklar”iga ega bo‘ladi. Bola keyinchalik qaysi tilni o‘zlashtirishi uning atrof-muhitiga bog‘liq holda rivojlanadi.
O‘yin orqali
Bolalarning ham aqliy, ham jismoniy rivojlanishida o‘yin katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, o‘yin — bu bola uchun eng tabiiy ta’lim muhiti va til o‘rganishning o‘yin usullari yil davomida takomillashtirilgan bo‘lib, har bir o‘qituvchining o‘z uslublari bor. Bunday o‘yinlarda ota-onalar ham ishtirok etishi mumkin. Maktabdan qaytayotib ingliz tilida kim ko‘p so‘z topish o‘yini ham yaxshi variant.
Virtual dunyo
O‘yin mavzusini davom ettirgan holda onlayn til o‘rgatish darslarida trend sifatida geymifikatsiya haqida gaplashamiz. Hozirgi kunda VR texnologiyalari London yoki Nyu-Yorkda ingliz tilidagi yo‘riqnoma yordamida sayr qilish imkonini beradi. Virtual ekskursiya har qanday yoshdagi o‘rganuvchiga manzur bo‘lishi aniq.
“Muxlislar motivatsiyasi”
Bu usul sodda va samarali. Ayniqsa, o‘spirinlar uchun juda mos keladi. Dastlab yosh “ingliz” haqida ma’lumot yig‘amiz, unga qanday musiqa, komikslar, teleshoular yoqishini o‘rganib chiqamiz. Qolgani esa tasavvuringizning qanchalik kengligiga bog‘liq.
Virtual do‘stlik
Til o‘rganishda qanchalik uzluksiz shug‘ullanilsa, bola nutqni shunchalik tez o‘zlashtiradi. Shuning uchun ma’lum vaqtdan so‘ng boshqa mamlakatlardagi tengdoshlari bilan muloqot qilish orqali olingan bilimlarni yanada mustahkamlash mumkin. Bundan tashqari, tengdoshlari bilan muloqot qilish davomida bolalar xato qilishdan kamroq qo‘rqishadi, natijada ravon gapira boshlaydi.