Nutq rivojlanishining kechikishi jiddiy va juda keng tarqalgan muammodir. Nutqni yaxshilash uchun bola bilan suhbatlashish kerak. Na televizor, na audiohikoyalar yaqinlarining o‘rnini bosa olmaydi. Beshikdaligidayoq bolaga alla aytish lozim; 5-6 oydan keyin turli o‘yinlar o‘ynang; 6-8 oydan so‘ng farzandingizga she’r va ertaklar o‘qib bering, kitoblardagi rasmlarni ko‘rsating — shunga o‘xshash mashg‘ulotlarni kundan kunga rivojlantirib boring.
Bola hali juda yosh, hech narsani tushunmayotganga o‘xshaydi. Lekin aslida bularning barchasi bola miyasining rivojlanishiga va yangi asab tolalarining paydo bo‘lishiga yordam beradi.
Farzandingiz “standartlar”ga javob bermasa (yiliga 8-10 so‘z, 1,5 yoshda 30 so‘z va hk), tashvishlanmang. Nutq har kimda turlicha rivojlanadi. Bir yoshgacha barcha bolalar nutq o‘zlashtirishning bir necha bosqichlaridan o‘tadi.
Agar bola narsa yoki jonzotni ma’lum bir tovush birikmasi bilan chaqirsa — bu allaqachon uning birinchi so‘zlaridir! Odatda birinchi so‘zlar paydo bo‘lganidan 6-12 oy o‘tgach, leksik portlash sodir bo‘ladi: so‘zlar soni keskin ko‘payadi, birinchi iboralar paydo bo‘ladi, ya’ni umumiy ma’noda birlashtirilgan ikki yoki undan ortiq so‘zlar yuzaga keladi. Umuman olganda, birinchi so‘z/iboralar paydo bo‘lishining aniq muddati yo‘q.
Quyidagi hollardagina nutq rivojlanishining kechikishidan tashvishlanish mumkin:
bola bir yil ichida ota-onasining murojaatiga javob bermaydi (mehrli murojaatga javoban tabassum qilmaydi; oldiga kelishni (“oldimga kel”) va hokazolarni e’tiborsiz qoldiradi. Hech kim boladan, ayniqsa, bu yoshda mukammal nutqni kutmaydi, ammo har qanday nutqqa reaksiyaning yetishmasligi kattalarni tashvishlantirishi kerak.
- 1,5-2 yoshli bola ota-onalar tomonidan nomlangan obyektni (olma, stol, yozuv mashinkasi va boshqalar) ko‘rsata olmasa;
- 1,5-2 yoshli bolada imo-ishora (barmog‘i bilan kerakli narsa)ni ko‘rsatmasa;
- 2 yoshida ham bitta so‘z aytmasa;
- 2,5-3 yoshida oddiy jumlalarni yasay olmasa (suv ichaman, olma bering, sayr qilaylik).
Agar yuqoridagi muammolarga duch kelsangiz, mutaxassislarga murojaat qilish kerak: bolani pediatr, nevropatolog, lor-shifokor (ba’zan nutq rivojlanishining sustlashishi eshitish bilan bog‘liq muammolar tufayli yuzaga keladi), defektolog, neyropsixolog ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Tekshiruv oddiy tibbiyot muassasalarida ham, ixtisoslashgan markazlarda ham olib boriladi.