x

Bolalarning yolgʻonini tuzatish uchun birinchi navbatda, ularni nima maqsadda yoki nima sababli yolgʻon gapirayotganini tushunib olishimiz kerak. Bu tushunchalar, kichkina bolalarimizning yolgʻon gapirishi oldini olishimiz uchun ham yordam beradi. 
 
1. Bolalar yolgʻonining eng asosiy sabablaridan biri – ota-onaning yolgʻonga jiddiy qaramasligidir. Bolalarimiz oldimizda ekanligida boshqalarga “Meni uyda yoʻq deb qoʻy”, “Hozir mazam boʻlmayapti, uzr, borolmayman!”,”Men yoʻldaman” deyishimiz yoki “Meni umuman pulim yoʻq, gʻalva qilma!” kabi oʻzimiz uchun ahamiyatsiz tuyulgan yolgʻonlarimiz bilan bolalar miyasiga asta sekinlik bilan yolgʻon gapirish oddiy hol ekanligini “singdirib boramiz"!
 
2. Bolalar qoʻrqqani uchun. Juda ham qattiqqoʻl ota-onalar farzandlari jazolanmaslik uchun, bilib yoki bilmasdan qilgan ayblarini yolgʻon bilan yashiradi.
 
3. Baʼzida esa ota-onasining hafsalasini pir qilmaslik uchun. Agar ota-onaning boladan kutgani juda koʻp boʻlsa, lekin bola ular xohlagancha qobiliyatli boʻlmasa, ota onasini xafa qilmaslik uchun baholari, boʻlgan voqealar haqida ota-onasiga yolgʻon gapirishga majbur boʻladi.
 
4. Doʻstini himoya qilish uchun. Bu, ayniqsa oʻgʻil bolalar orasida koʻp tarqalgan sindrom. Bolalar bir-birlarini himoya qilish uchun haqiqatni yashiradi.
 
5. Maqtanish uchun. Bunday yolgʻon kichkina bolalar oʻrtasida koʻproq boʻladi. Ular doʻstlari orasida obroʻ topish uchun shunday qilishadi. Bunday yolgʻonlar odatda boylik va kuch haqida boʻladi. “Mening dadamni 2 ta mashinasi bor!” “Mening dadam juda kuchli!” kabi.
 
6. Maqsadlariga tezroq erishish uchun. Masalan, “Ovqatingni yeb boʻlsang, senga shirinlik beraman”, yoki “Darsingni qilib boʻlsang, oʻynagani chiqishing mumkin”, degan shartlar qoʻyganimizda bolalar tezroq shirinlik yeyish yoki oʻynagani chiqish uchun bizni aldashga harakat qilishadi.
 
Yana shuni eslatib oʻtish kerakki, bola 4-5 yoshidan boshlab tushunib yolgʻon gapiradi, undan avvalgisi, shunchaki kimlargadir taqlid boʻlishi mumkin.
 
Yolgʻon bilan qanday kurashish kerakligi yoki uni oldini olish haqida, insha Alloh ertaga gaplashamiz. Hozircha esa, eslab qolishimiz kerak boʻlgan asosiy qoida: “Bolalar yolgʻon gapirganda – jahl bilan, agressiv harakat qilishga shoshilmang, avvalo yolgʻonning sabablarini aniqlashga harakat qilib koʻring”.

To Top ↑
To Top ↑