Ko`pchiligimiz xorijiy davlatlarda yoshlar o`z ota uyini erta tark etib, mustaqil hayotga qadam qo`yishi haqida eshitganmiz. Darxaqiqat, aksariyat yoshlar ertami yoki kech ota-onasining uyini tark etib, mustaqil yashay boshlaydilar. Ko`pincha bu holat ta'lim olish yoki ish, oila qurish bilan bog`liq. Biroq bu har doim va har erda ko`ringanidek oson emas. Keling, er sharining turli burchaklarida bolalar qanday katta bo`lishlari va qachon o`zlari mustaqil tarzda ota-onasidan alohida yashashlarini ko`rib chiqaylik.
Gretsiya
Gretsiyada ota-onasi bilan bir tom ostida yashovchi 30 yoshli yoshlar kamyob holat emas. Sotsiologlarning fikricha, yunon yoshlari tayyor narsalarga o`rgangan va qiyinchiliklardan qo`rqadi. Bu orada iqtisodiy muammolar ham chetlab o`tmaydi. Masalan, Saloniki va Afinada xonadonni ijaraga olish va kommunal xizmatlar to`lovi ko`pincha butun boshli oylik maoshga tengdir. Shu sababli farzandlar katta yoshda bo`lishiga qaramay ota-onasi bilan birga yashaydilar.
Italiya
Statistikaga ko`ra, 18 yoshdan 34 yoshgacha bo`lgan yosh italiyaliklarning yarmidan ko`pi, hattoki ishlaydiganlari ham, ota-onalari bilan birga yashaydi. Yoshlar alohida yashay boshlaganida ham oila bilan, ayniqsa onalar va o`g`illar o`rtasidagi aloqalar zaiflashmaydi. Turar-joyning qimmatligi va yaxshi ish topish qiyinchiliklari farzandlarning alohida yashash masalasiga ta'sir ko`rsatadi. Biroq, yoshlarning o`ziga ham bu vaziyat qulayligi katta ahamiyatga ega. Ota-onalar ham farzandlarini turli yo`llar bilan, jumladan moddiy tomon sababli uyda qolishga ko`ndirishga harakat qiladilar.
Isroil
Isroilda aksariyat yoshlar maktabni tugatishi bilan armiyaga ketadilar. Ular xizmatni taxminan 21 yoshda tamomlaydilar. Armiyadan so`ng uyga qaytish ular uchun kamyob holat. Kimdir ota-onasi bilan yashaydigan holatlar bo`lsa ham, bu vaqtincha, masalan o`qish uchun pul to`plab olgunga qadar davom etadi. Aksariyat ota-onalar hattoki farzandlari 3-4 kishi bo`lib ijaraga oladigan uylari uchun ijara pulini to`lashda yordam beradilar. Biroq, ota-onalar farzandlarining qarorlariga bosim o`tkazmaydilar.
Misr
Misrdagi yoshlarning katta qismi 18 yoshdan keyin ota-onasidan alohida yashashga, turmush qurishga intiladi. Bu rejalarga ko`p jihatdan moddiy qiyinchiliklar va an'analar to`sqinlik qiladi. Zero, erkak kishi uylanishi uchun yaxshi maoshga ega bo`lishi kerak: uy va mebel' sotib olishi, qalin to`lashi, taqinchoqlar sovg`a qilishi va h.k. Biroq statistikaga ko`ra, Qohirada turmush qurish yoshidagi har to`rtinchi odam bo`ydoq bo`lib qolib, ota-onasi bilan yashamoqda. Iqtisodiy tanglik va uy bilan bog`liq muammolar aksariyat misrliklarni ota-ona uyida qolishga majburlamoqda.
Filippin
Universitetlarning bitiruvchilari, hattoki ish topsalar ham, ota-onalari bilan yashab qoladilar. Bu holat 40 yoshgacha davom etadi – Filippinda bundan hech kim hayratlanmaydi. Ko`pincha bir tom ostida bir nechta oila, hattoki amakilar va xolalar bilan yashaydilar. Odatda kuyov kelinni ota-onasining uyiga olib keladi. Bu mustahkam oilaviy aloqalar an'anasi hamda ota-ona bilan yashaganda uy uchun haq to`lanmasligi bilan bog`liq.
Rossiya
Rossiyada 24 yoshgacha bo`lgan yoshlarning yarmidan ko`pi ota-onasi bilan yashaydi. Qishloq hududlaridagi yosh rossiyaliklarning katta foizi 18-21 yoshlar oralig`ida alohida yashay boshlaydi. Odatda bu kasbiy ta'lim olishning boshlanishi bilan bog`liq. Ko`pchilik umumiy turar-joylarda yashaydi yoki do`stlari bilan birga uy ijaraga oladi. Aksariyat rossiyaliklar talabalik yillaridan, taxminan 21 yoshidan ishlay boshlaydilar. Ota-onalar ta'lim olish vaqtida ularni moddiy tomondan qo`llab-quvvatlaydilar, masalan ta'lim uchun pul to`laydilar.
AQSh
AQShda ota-ona uyida uzoq vaqt qolish odatga aylanmagan. Ko`pchilik maktabni tugatishi bilan 18 yoshida universitet yoki kollejga kirish uchun jo`nab ketadi. O`qishni tamomlagach ayrimlar ota-onasinikiga yashash uchun qaytadilar, ammo jamiyatda bu yaxshi qabul qilinmaydi. Aytishlaricha, nima bo`lganda ham 25 yoshdan keyin ota-ona bilan birga yashash maqbul emas.
Buyuk Britaniya
Buyuk Britaniyada universitetda o`qish boshlanishi bilan ota-ona uyidan ko`chish an'anaga aylangan. Albatta, turli vaziyatlar bo`ladi: yosh yigit-qizlar, masalan katta uyda, ota-onasi bilan yashab qolishlari mumkin. Biroq, 24 yoshga kirgan aksariyat yoshlar alohida yashaydilar, ammo bu doim ham ularning to`liq moddiy mustaqilligini anglatmaydi.
Frantsiya
Aksariyat frantsiyaliklar ota-ona uyini maktabni tugatishi bilan (18 yoshda) tark etadilar. Hattoki parijliklar ham bundan mustasno emas: ular kerakli mutaxassislikni egallash uchun osongina poytaxtdan ketadilar, chunki yaxshi universitetlar mamlakatning barcha burchaklarida joylashgan. Ular umumiy turar-joylarda yashaydilar yoki do`stlari bilan uy ijaraga oladilar. Ota-onalar masofa saqlaydilar va katta farzandlarining hayotiga deyarli aralashmaydilar.
Germaniya
Aksariyat nemislarning fikricha, bolalar 25 yoshigacha ota-ona uyidan ko`chib, mustaqil ravishda uy ijaraga olishi hamda o`zlarini barcha zarur narsalar bilan ta'minlay olishlari zarur. Germaniyada 24 yoshgacha bo`lgan yoshlarning yarmidan ko`pi ota-onasi bilan yashaydi, ularning orasida har uchinchisi qiz bola. Biroq, qaysidir lahzada ular baribir ota-ona uyini tark etadilar: statistikaga ko`ra, Germaniyada 40 yoshdan keyin atigi 4 foiz erkaklar va faqatgina 1 foiz ayollar ota-onasi bilan birga yashashda davom etadilar.
Shvetsiya
Yosh shvedlar maktabni tamomlagach, ota-onasining uyidan ketadilar va shaxsiy uylarini ijaraga oladilar. Ular ko`pincha ota-onalari bilan bir shaharda yashaydilar va munosabatlarni uzmaydilar. Shu tariqa, ular mustaqillikka o`rganadilar: xo`jalikni yuritish, hisoblarni to`lash. Mamlakatda ota-onasi bilan bir tom ostida uzoq vaqt qoladigan yoshlarni jirkanib “mambo”, ya'ni taxminan “onasining bolasi” deb ataydilar.
Yaponiya
Bolalar universitetga kirganida yoki to`ydan keyin ota-onasinikidan ketadilar. Yosh oila doim alohida yashashga va o`zini mustaqil ta'minlashga harakat qiladi. Albatta, qandaydir sabablarga ko`ra farzandlar ota-onasi bilan yashaydigan istisno holatlar ham uchrab turadi, ammo bu kamdan-kam holat. Yaponiyada bepul oliy ta'lim deyarli mavjud emas, talabalik stipendiyasi ham barcha harajatlarni qoplamaydi. Shu bois aksariyat talabalar ishlaydilar. Talaba kuniga 40dan 80 dollargacha ishlab topishi mumkin.