Bolalarda paydo bo`layotgan kasalliklar ota-onalarni beshikdan foydalanish masalasida ikkilantirib qo`yyapti. Antropologlar beshik bosh suyagi deformatsiyasiga sabab bo`lishini ma'lum qilgan bo`lsa, shifokorlar bolani beshikka belash bo`yicha turli fikrlarni bildirgan.
Bolalarda ilgari kuzatilmagan yoki kam kuzatilgan kasalliklarning ko`paygani ota-onalarda beshikdan foydalanishda ikkilanishni keltirib chiqaryapti.
Beshik bola o`ziga-o`zi ziyon etkazishidan asraydi. Boshqa jihatdan, agar belash vaqti me'yordan oshib ketsa, mushaklari rivojlanishiga va qon aylanishiga salbiy ta'sir qilishi mumkin.
Havo olmay qolishi mumkin degan fikrga kelsak, agar govrapo`sh (beshik ustiga yopiladigan mato) uchun faslga mos, havoni yaxshi o`tkazuvchi mato tanlansa, bolada havo bilan bog`liq muammo bo`lmaydi. Bunday fobiya asossiz bo`ladi. Eng asosiysi – beshikka belash qoidalariga qat'iy rioya qilish.
Ayrim onalar tagliklarning bolalarga ta'siridan ham xavotirga tushishgan. Bunday qo`rquv bolaning terisi nozik, ingichka va teri osti yog` qavati hali yaxshi rivojlanmagani jihatidan asosli. Shu sabab tagliklarni tanlashda e'tiborli bo`lish kerak.
Tagliklar faslga, bolaning yoshiga mos va sintetik matodan tayyorlanmagan bo`lishi lozim. Tagliklarni noto`g`ri tanlash yoki noto`g`ri qo`llash, kontakt dermatit va issiqlik toshmalariga sabab bo`lishi mumkin. Shuning uchun tagliklarni 1-2 oylik bolalarda har 2 soatda, 3-6 oylik bolalarda esa har 4 soatda almashtirish lozim. Eng muhimi almashinuv oralig`ida 15-20 daqiqa vaqt bo`lishi va bolaning terisi quruq bo`lishi kerak.
Beshikka belash chanoq (bo`ksa) bo`g`imida displaziya aniqlangan va displaziya bilan davolanayotgan bolalarda og`ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, qiz bolalarda bo`ksa bo`g`imining og`ir darajadagi artrozlarini keltirib chiqarishi va nogironlikka sabab bo`lishi mumkin. Shunday kasalligi bo`lgan bolalarni beshikka belashda ehtiyot bo`lish kerak.
Bolani beshikka yotqizishdan oldin uning vujudi siqib yo`rgaklanadi, qo`llari bog`lanadi, oyoqlari ham bir-biriga juda yaqin qilib o`raladi. Bu juda noto`g`ri. Bola vujudi ayni o`sib-rivojlanadigan davrda bunday o`rab-chirmab qo`yish sog`lig`iga jiddiy salbiy ta'sir qiladi.
Bundan tashqari, ba'zi onalar uy-ro`zg`or ishlari bilan bandligini ro`kach qilib, bolani beshikda uzoq vaqt qoldiradi. Natijada jadal o`sadigan davrda bola organizmi erkin harakat qilishdan mosuvo bo`lishi, keyinchalik sog`lig`iga, ayniqsa, tayanch-harakat tizimlarining risoladagidek rivojlanishiga ta'sir o`tkazmay qolmaydi.
Shu bois, ona bolani yo`rgaklashda yuqorida aytganimizdek, oyoqlar orasini katta ochib, qo`llarini bo`sh qo`yishi, gavda bemalol harakatlanishi uchun sharoit yaratishi maqsadga muvofiqdir.
Beshikning foydasi zararidan ko`pmi yoki aksincha?
Foydali tomonlari:
- qaddi-qomati va umurtqa pog`onasi bir tekisda, ravon o`sadi;
- qo`li bilan o`zini o`zi jarohatlamaydi, barmog`ini so`rmaydi;
- pampersga ketadigan xarajat va taglik yuvishga ketadigan vaqt tejaladi;
- uxlatish uchun qulay, tebranish vaqtida o`z inertsiyasi bilan uxlaydi;
- tagligi doim quruq bo`ladi, har xil teri kasalliklarining oldi olinadi;
- qo`lga o`rganib qolmaydi, ko`tarib o`rgatilgan bola doimo shunday e'tibor talab qiladi.
Me'yorga yoki qoidalarga rioya qilinmasa:
- bolaning kun bo`yi, uzluksiz beshikda yotishi zararli. Kuz va qish oylarida bola terisiga yorug`lik tushishi kamayadi. Oqibatda D vitamini etishmovchiligi rivojlanishi mumkin;
- bolaning qo`l-oyoqlarini siqib bog`lash o`z navbatida qon aylanishi buzilishiga olib keladi;
- bola uzoq yotishi hisobiga boshining ensa qismida deformatsiyalar yuzaga kelishi mumkin;
- beshikda bolani doimiy bir tomonlama emizish qiyshiq bo`yinlikka sabab bo`lishi mumkin;
- sumakdan foydalanishda gigiyena qoidalariga rioya qilinmasa, jinsiy a'zolardagi infektsion kasalliklarga sabab bo`lishi mumkin;
- beshikni qattiq va tez tebratish markaziy asab tizimidagi jiddiy muammolarga sabab bo`lishi mumkin.
Chaqaloqni beshikka belash bo`yicha tavsiyalar
Bolaning beshikda yotish davomiyligi 2-3 soatdan oshmasligi kerak, bola uzoq vaqt beshikda qolib ketsa, qon aylanishi buzilishi va tayanch-harakatlanish tizimidagi muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Chanoq-son displaziyasi yoki sonning tug`ma chiqishi bilan tug`ilgan chaqaloqlarni beshikka belash tavsiya etilmaydi. Chunki beshikka belash jarayonni og`irlashtiradi va bolaning tuzalishi kechikadi. Shuning uchun bu kasalliklarda bola oyoqlari orasini keng ochib qo`yish tavsiya etiladi.
Tug`ma yurak nuqsonlari (fallo tetradasi) bilan tug`ilgan chaqaloqlarni beshikka belash tavsiya etilmaydi. Chunki ularda nafas olish va kislorod bilan bog`liq muammolar bo`ladi.
Tug`uruq travmalari (ayniqsa miya ichi gematomalari va kefalogematoma) bilan tug`ilgan chaqaloqlarni ham beshikka belash tavsiya etilmaydi. Kalla suyagi ichida bosim baland bo`ladi, tebratish vaqtida bola qattiq bezovta bo`lishi va ko`ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin.