x

Maktabda olingan ta’lim va o‘zlashtirilgan ko‘nikmalar bolaning shaxs sifatida shakllanishiga hissa qo‘shish bilan birga kelajakda qaysi kasb va hayot yo‘lidan ketishni tushunib yetishga yordam beradi. Ammo maktabgacha ham bolada fikrlash, mulohaza qilish, tanlov qilish rivojlangan bo‘lishi kerak. Bunda ota-onaning ko‘magi va farzandi uchun vaqt ajratib birgalikda shug‘ullanishi muhim sanaladi. Quyida bola maktabga chiqqunicha o'zlashtirishi zarur bo'lgan 5 ko'nikmani keltirib o'tamiz.

Tanqidiy fikrlash

Yangi avlod bolalari hali internetdan foydalanmagan bo‘lsa ham tengdoshlari va kattalar bilan muloqot qiladi, kun davomida yangi bilim hamda ko‘nikmalarni o‘zlashtiradi. Shu sabab ham bolaligidanoq bolalarga haqni yolg‘ondan ajratishni, axborotni tekshirish va tahlil qilishni o‘rgatish kerak. Buning uchun farzand bilan birga o‘ynash, o‘qish hamda ma’lumotlarni tushuntirib berish kerak. Qolaversa, bolalar kitobidagi navbatdagi bobdan nimalarni eslab qolganini so‘rash, nomlarini aytib berishni so‘rash lozim. Shu tarzda bolakay ko‘proq ma’lumotni eslab qolib, uni tahlil qiladi va ortiqcha keraksiz narsalarga vaqt ketkazmaydi.

Kommunikativ qobiliyatlar

Albatta, hech kim bolalardan falsafiy ahamiyatga ega mulohazalarni talab qilmaydi. Ammo ular maktabga qadar savol va unga javob berishni uddasidan chiqishi, nimalar bo‘layotgani haqida aytib berib, o‘zaro bog‘liq gaplar tuzishni eplashi kerak. Shu tufayli bola bilan birga kitob o‘qishni, undan mustaqil ravishda voqealar tuzib berishini so‘rashni kanda qilmang. Shundan keyin xatolarini ko‘rsating va qanday qilsa to‘g‘ri bo‘lishini tushuntirib bering.

Shuningdek, fikrlarini ifodalashdan tashqari, bola tengdoshlari bilan qanday muloqot qilish kerakligini ham bilishi zarur. Gap shundaki, ijtimoiylashish jarayoni aynan bog‘cha va o‘yin maydonidan boshlanadi. Erta yoshdanoq atrofdagilar bilan chiqishib ketish, fikrlarini bayon qilish, savollar bildirib, odamlarga jinsi, yoshi va millatidan qat’i nazar hurmat bilan munosabatda bo‘lish muhim sanaladi.

Diqqatni jamlash

Bolakay maktab yoshigacha va kichik sinflardanoq, diqqatni jamlash va boshlagan ishini oxiriga yetkazishni uddasidan chiqsa, keyinchalik axborotni o‘zlashtirishi osonroq bo‘ladi. Bolalarda faollik borasida tanlovning kengligidan kelib chiqilsa, ularning chalg‘ish ehtimoli yuqori ekani hech kimga sir emas. TikTok va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda bir zumda kontent yig‘ish trendi faol rivojlanayotgani hisobga olinsa, hozirda bolaning e’tiborini chalg‘imasligi avvalgi davrlardan ko'ra murakkabroq.

Diqqatni jamlashni rivojlantirish uchun ota-onalar farzandlari bilan stol o‘yinlarini o‘ynashi, xotira mashqlarini bajarishi, tartib-intizomga rioya qilishni o‘rgatib shu bilan birga rag‘batlantirishni esdan chiqarmaslik kerak. Bu bola uchun motivatsiya bo‘ladi.

Mustaqil bo‘lish va tashabbuskorlikni o‘rganish

Bolada erkinlik va tashabbuskorlikni rivojlantirish uchun unga o‘zi bilan o‘zi qolganida zerikmaslikni o‘rgatish kerak. Buning uchun bir kishi ishtirok etadigan o‘yin o‘ylab toping, qiziqarli konstruktorlardan foydalaning. Shuningdek, bolada barcha yangiliklarga nisbatan qiziqish uyg‘otishga harakat qiling. Shu bilan birga bolangiz uchun hamma narsani hal qilib qo‘ymang, tanlov qilishiga qo‘yib bering. Masalan, sayrga qanday kiyimda chiqishni, nonushtaga nima yeyishni istashini o‘zidan so‘rang. Bu katta bo‘lganida o‘z yo‘lini mustaqil tanlashi va o‘zgarishlarga bir zumda moslashishiga yordam beradi.

Digital (raqamli) ko‘nikmalar

Raqamli savodxonlik zamonaviy bolalar uchun eng muhim ko‘nikmalardan sanaladi. Aksariyat ota-onalar farzandlari bog‘lanib qolishi, ko‘p vaqti besamar ketib o‘qimay qo‘yishidan qo‘rqib gadjetlardan foydalanishga ruxsat bermaydi. Ammo siz istaysizmi yo‘qmi bugungi kunni va kelajakni texnologiyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Bolaga keyinchalik zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish osonroq bo‘lishi uchun, erta bolalikdan boshlab, gadjetlarga qaram bo‘lmaslik, aksincha ulardan samarali foydalanishni o‘rgatish kerak. Internet bola uchun bitmas-tuganmas ma’lumot manbayi sanaladi. Ota-ona hamisha ham bola bergan savollarning javobini bilavermasligi mumkin. Bunday vaqtda birgalikda internetga murojaat qilish va javob topish mumkin. Bolangizga hammasi ehtiyotkorlik amalga oshirilsa, internetdan foydalanish xavotirli emasligini ko‘rsating. Agar u bolaligidanoq oddiy ma’lumotni topishni uddalasa, maktab va universitetda ilmiy adabiyotlar, elektron kutubxonalar va hatto xorijiy manbalardan ham muammosiz foydalana oladi.

Nyu-York va Oksforddagi EF Akademiyasi maktablarining qabul komissiyasi direktori Irina Harlakina tavsiyalari asosida tayyorlandi

 

To Top ↑
To Top ↑