Bolalar tangligi "pampers" bola kelajagi uchun zararlimi?
Matoli (ko`pmartalik) tagliklar pamperslardan foydalimi?
— Bu noto`g`ri mulohaza!
Chunki matoli taglik namlikni shimib olish xususiyatiga ega emas. Bunday taglik bolaning terisini quruq saqlay olmaydi, qolaversa, mato namlansa, yumshoqligini yo`qotadi. Natijada bolaning terisi qizarib achishishi mumkin. Zamonaviy pamperslar namlikni o`ziga tortib olib, bolaning terisini quruq saqlaydi. Agar undan to`g`ri foydalanib, har 3-4 soatda almashtirilib turilsa, bola xech qanday zarar ko`rmaydi.
Zamonaviy pampers bolaning oyog`ini qiyshaytiradimi?
— Malakali mutaxassislarning ta'kidlashicha, pamperslar bolaning to`g`ri o`sishiga hech qanday zarar ko`rsatmaydi. Qolaversa, pamperslar oyoq va son bo`g`imlariga halaqit qilmaydi.
Pampersda teri nafas olmaydimi?
— Bilsangiz, sifatli pamperslar havo o`tkazish xususiyatiga ega. Ular boshqalardan narxi va ko`rinishi bilan ajralib turadi. Lekin har qancha sifatli va qimmat pampersdan foydalansangiz ham, har safar uni almashtirayotganda biroz bolaning terisiga dam berishga odatlaning.
Pampers o`g`il bolalar uchun xavflimi?
— Onalar o`rtasida "o`g`il bolaga pampersni ko`p kiydirish kelajakda bepushtlikni keltirib chiqaradi" degan gap yuradi. Aslida-chi? Aynan shu mavzuda izlanish olib borgan olimlar allaqachon pampersning o`g`il bolaning salomatligiga hech qanday zarar qilmasligini isbotlab berishgan. Agar pampers kiydirish va gigiyena qoidalariga to`g`ri amal qilinsa, albatta.
Qizlar uchun-chi?
— Yuqorida aytilganidek pamperslar o`g`il bolalar uchun katta havf keltirmaydi, ammo qizlarga kelganda undan ehtiyotkor bo`lish talab qilinadi. Negaki, e'tiborsizlik tufayli go`dakda tsistit va boshqa virusli kasalliklar paydo bo`lishi hech gap emas. Shuning uchun, mutaxassislar har gal qiz bolaning tagligini almashtirayotganda uni, albatta, yuvintirish kerakligini ta'kidlashadi. Shunday ekan, nam salfetkani chetga surtib, suvni iliting va shirintoyingizni yuvintirishga odatlaning.
Qolaversa, bir so`z bilan aytganda, pampersdan to`g`ri foydalanilsa, ya'ni tez-tez almashtirilsa, uning zarari yo`q.