x

Ishxonamizda turli yoshdagi kishilar ishlaydi. Men ular orasida eng yoshi bo`lsam kerak. Deyarli hamma oliy ma'lumotli, magistr yoki professorlikni yoqlayotganlar ham bor. Faqat men bakalavr talabasiman.

Bir kuni jamoadoshlar bilan dam olishga bormoqchi bo`ldik. Bir kecha qolishimiz kerak edi. Men borishimni aytdim. Lekin 30-35 yoshlar chamasi bir hamkasbimiz otasidan ruxsat so`rashi kerakligini aytib qoldi. Hammamiz ajablandik. Axir farzandlari maktabga boradigan, katta bir oilaning boshlig`i bo`lgan kishi bir kecha hamkasblar bilan dam olishga borish uchun otasidan ruxsat so`rasa! Hatto hali 25 ga kirmagan men ham ruxsat so`rab o`tirmadim. Bu hayratimizni unga bildirmadik va qo`ng`iroq qilib ruxsat so`rashini kutib turdik.

– Alo, assalomu alaykum. Dadajon, yaxshimisiz?

– ...

– Ha, men ham yaxshiman. Ishlarim ham bo`lyapti. Bir narsa so`ramoqchi edim. Bugun hamkasblarimiz bilan dam olishga bormoqchi edik. Bir kecha qolib, ertaga qaytamiz. Shunga sizdan ruxsat so`ray degandim. Borsam maylimi?

– ...

– Ho`p, dada. Rahmat. Ko`rishguncha.

Suhbat yakunlangach, "Ana bo`ldi, endi tayyorgarlik ko`rsak bo`lar" degandim, boyagi hamkasbim shunday dedi:

– Uzr, men borolmayman. O`zingiz borib kelaveringlar. Keyingi safar nasib qilsa birga boramiz.

– Nega? Axir ruxsat berdilar shekilli?

– Yo`q. O`zi ishdan charchagan bo`lsang, uzoq yo`l yurib 1 kungina dam olishga bormay qo`yaqol. Ta'tilga chiqqanda bemalol oilang bilan boraverasan dedilar.

Biz lol qoldik. Telefonda gaplashganini ko`rgan kishi otasi ruxsat berganiga yuz foiz amin bo`lardi. Chunki sherigimiz "boraqolay" deb ham qo`ymadi va gaplarida e'tiroz hissi ham sezilmadi. Otasining har bir gapiga itoatkor farzand shunday bo`lsa kerak...

Ha, ota-onamiz bizga hech qachon yomonlikni ravo ko`rmaydilar. Nimagadir ruxsat bermasalar, bizdan xavotir olganlari uchun bo`lishi mumkin. Ana shunday vaqtda rozi bo`lgunlarigacha qayta-qayta so`rayverish kerak emas. Agar shunday qilsak ruxsat so`rashdan ma'no qolmaydi. So`radingizmi, har qanday javobga rozi bo`ling. Siz kutgan javob bo`lmasa ham ularning so`zini ikki qilmang. Ana shunda ota-ona rizosiga etasiz, ularning duolarini olasiz.

To Top ↑
To Top ↑