Odob haqida juda ko`p va xo`p gapiriladi. "Odobli bola elga manzur" va shu kabi boshqa naqllar aytiladi. Lekin odob o`zi nima? Avvalo mana shu savolga javob topish orqali kishi o`zini yoki atrofdagilar uni odobli deb hisoblashlari to`g`ri bo`ladi nazarimizda.
Qisqa aytganda odob bu barcha uchun ma'qul bo`lgan yaxshi ishlar va chiroyli odatlardan iboratdir. Har bir inson yaxshi odamga aylanish uchun boshqalardan odob-axloqni o`rganib, unga o`zi ham amal qiladi va boshqalarga ham etkazadi.
Ma'lumki, kishi hayotida bir qancha zaruriy ishlarni bajaradi. Masalan, uyqudan turish, odamlar bilan muloqotga kirish, kiyinish, ovqatlanish va hokazo. Mana shu ishlarni maromiga etkazib, o`z o`rnida bajarish ham odobdan hisoblanadi. Chunki kishini uning ruhiyati boshqaradi. Agar siz yuqoridagi kabi ishlarni ruhan to`g`ri amalga oshirsangiz, jismoniy sifatlaringiz, tabiatingiz ham shunga mos ravishda rivojlanadi. Misol uchun, uyquga yotishda ertalab o`z vaqtida uyg`onishni niyat qilsangiz va erta tursangiz, bu siz uchun odatga aylanadi va erta turish orqali kuningizga baraka kiradi, ishlaringiz esa rivoj topadi.
So`zlarimiz, harakatlarimiz bizning xulqimizni belgilaydi va agar chiroyli xulq egasi bo`lishni istasak avvalo ruhimizni "tozalab", amallarimizni ham shunga mos ravishda bajarishimiz kerak. U xoh faqat o`zimizga bog`liq bo`lgan yurish-turish odatlari bo`lsin xoh boshqalar bilan muloqotda aks etadigan odoblar bo`lsin, kishi bularni qanchalik ijobiy bajarsa, uning axloqi shu qadar yuksalaveradi.
Shuni unutmangki, inson odobi bilan qadr topadi. Hech qachon boshqalar bilan muloqotda odobli bo`lib, yolg`iz qolganimda axloqsizlik qilsam bo`ladi deb o`ylamang. Chunki ular o`zaro bog`liq. Siz aslida qanday bo`lsangiz, bu boshqalar bilan suhbatingizda ham aks etadi. Shunday ekan, xoh shaxsiy odoblar bo`lsin, xoh jamiyatda o`zini tutish bo`lsin, hamisha axloq qoidalariga amal qiling. Ana shunda insonlar orasida hurmat qozonasiz va bu sizning komil inson bo`lishingizga asos bo`ladi.