x

Insoniyat, ayniqsa, o`zbek xalqi qadimdan beri ko`p farzandli bo`lishga odatlangan. Ya'ni farzandi ko`p inson bolalarining unib-o`sib, ota-onasiga elkadosh, yordamchi bo`lishi ularga faxr tuyg`usini bag`ishlagan. Bu albatta yaxshi, ammo farzand ko`p bo`lishi bilan birga ularning axloqi ham ota-onasiga rahmat keltirsa, nur ustiga a'lo nur bo`lajak.

Shu o`rinda farzandning axloqiga ta'sir qiladigan jihatlar haqida so`z yuritadigan bo`lsak, oiladan tortib ko`chadagi tanish-bilishlar ham bolaning kamolga etishida ma'lum bir ahamiyat kasb etadi. Buning ijobiy yoki salbiy tomonga ko`proq tosh bosishi esa ota-onaga bog`liq bo`ladi. Ya'ni ota-ona avvalo, oilada farzandiga o`rnak bo`la olishi, bolaning maktabda kimlar bilan do`st tutinishi, kimlar bilan muloqotda bo`lishiyu, ijtimoiy tarmoqlardan ne maqsadda foydalanishini ham nazoratga olmog`i lozim. Albatta bu borada nazorat darajasi me'yorda bo`lishi ham ahamiyatga ega. Chunki bolaga nisbatan haddan tashqari cheklovlar o`rnatish uning jizzaki, qo`pol, odamovi bo`lib o`sishi bilan birga, o`ziga bo`lgan bahoning kamayishiga ham olib keladi.

Shuningdek, bolaning taraqqiy etishida unga qo`yiladigan talablar, yuklamalar ham alohida mavzu hisoblanadi. 3 yoshli bolaga yoshiga nisbatan ko`p talablar qo`yish yoki endigina maktabga chiqqan boladan juda katta natijalar kutish unga og`irlik qilib, aks ta'sir ko`rsatishi mumkin. Shu sababli boladan uning yoshiga, qiziqishlariga qarab nimadir so`rash yoki tarbiya jarayonida uning holatidan kelib chiqib nasihat qilish o`rinli bo`ladi.

Bunda esa nafaqat oila, ota-ona, balki jamiyat ham nasihat qiluvchi, to`g`ri yo`l ko`rsatuvchi vazifasini bajarishi lozim. Ko`chada ko`rgan yoki mehmondorchilikda siz erkalatgan bolaga "birovning bolasi" sifatida munosabat bildirish yaramaydi. Qachonki, siz nafaqat o`z farzandingiz, balki butun jamiyatdagi bolalar axloqi haqida qayg`urar ekansiz, ana shunda "bolam boshqalarga qo`shilib, noto`g`ri yo`ldan yurib ketmasmikan" degan xavotirga o`rin qolmaydi.

To Top ↑
To Top ↑