Tabiiyki sog`lom oilalarda oila ichidagi muvozanatni saqlash vazifasini onalar bajaradilar. Ona o`z sevgisi, mexr-shafqati orqali oila ichidagi barcha kelishmovchiliklarni bartaraf eta oladi. Hozirgi kunda esa onalarning bu sifatlari "passivlik" tarzida baholanmoqda va uning oilani butunlashtiruvchi, jamlovchilik xususiyatlariga e'tibor berilmay qoldi. Bolalariga mexr bilan yumshoq muomala qilgan onalarga "Bunchalik yumshoq bo`lma, ertaga gapingga kirmaydigan bo`lib qoladi" kabi gaplar bilan ularni chalg`itish holatlari kuzatilmoqda. Ana shunday "nasihatlar" oqibatida ba'zi onalar farzandlariga mehr-shafqatli bo`lish o`rniga ularga nisbatan qattiqqo`llik qilish, oila ichida o`z aytganini bo`lishi shartligi haqida o`ylash boshlashgan. Shu o`rinda muhim bir narsaga diqqat qaratishimiz kerak: Onalardagi asab tizimi va ularning tabiatan ruhiy shakllari ularga boshliq bo`lish, qattiqqo`l bo`lish imkonini bermaydi. Agar ona ota o`rniga boshliq bo`lishga uringan taqdirda oila izdan chiqishi tabiiydir.
Hech e'tibor berganmisiz? Uyga kech kelmasligi haqida ogohlantirilgan o`smir qiz uyga kech qolgan kuni birinchi qiladigan ishi otasining uyda bor yoki yo`qligini bilish emasmi? Yoki eshikni ochgan onasiga tezlik bilan "Dadam uyda emasmi?" deb so`rash emasmi? Agar ota uyda bo`lsa "Endi nima bo`ladi?" deb rangi oqarmaydimi? Bularning barchasi otaning tabiatan uyda hokim ekanligini ko`rsatib turibdi. Vaholanki, otalik vazifasiga da'vogarlik qilgan onaga nisbatan o`smir qiz xuddi shunday itoatni ko`rsatmaydi. Ona har qancha baqirib-chaqirsa xam otaning obro`siga erisholmaydi. Bunday holatlar- da o`smir qizlar o`z onalariga xotirjam shaklda "Nima bulibdi? Yemon ish qildimmi? Menga ishonmaysizmi?" kabi qarshilik qilishlari ham tabiiy. Muvozanatni ushlay olmagan ona muammoga echim topish maqsadida qiziga bosim o`tkazadi, hatto ko`ch ishlatishi mumkin.
Shu misoldan ko`rinib turibdiki, ona otaning tabiiy boshliqlik vazifasini qo`lga kiritishga uringan taqdirda oila ichida muhit buziladi. Oilada janjallar sodir bo`ladi, tajovuzkorlik paydo bo`ladi.
Bolalarning ona kabi onaga, ota kabi otaga ehtiyojlari borligini unutmaslik kerak. Bola tarbiyasida onalarni yolg`iz qoldirish ham oiladagi sog`lom, baxtli muhitni barqaror bo`lishiga salbiy ta'sir kursatishi mumkinligini yoddan ko`tarmaslik kerak.
«Bola tarbiyasida to`g`ri ko`rilgan xatolar » kitobidan