Agar farzandingizda kuchli diareya va qayt qilish (qusish) kuzatilsa, u etarlicha suyuqlik ichmasa, ko`p mashq qilsa yoki ko`p terlasa, suvsizlanish kelib chiqishi mumkin. Farzandingizda suvsizlanish bor deb hisoblasangiz, pediatrga murojaat qilishingiz kerak. Farzandingiz iste'mol qiladigan suyuqlik miqdorini oshirish orqali suvsizlanishni davolash mumkin. Og`ir holatlarda farzandingiz tanasida suyuqlik darajasini tiklash uchun shifoxonaga yotqizilishi kerak bo`lishi mumkin.
Suvsizlanish nima?
Agar farzandingiz ko`p suyuqlik yo`qotsa yoki etarlicha ichmasa, u suvsizlanishi mumkin.
Gastroyenterit (oshqozon va ingichka ichakning yallig`lanish) - suvsizlanishning eng keng tarqalgan sababi. Shu bois farzandingiz tanasi ko`p suyuqliklarni tez yo`qotishi mumkin. Doimiy diareya, qayt qilish (qusish) yoki suyuqlik iste'molini kamaytirishga sabab bo`ladigan har qanday kasallik suvsizlanishga olib kelishi mumkin.
Ko`p terlash, ayniqsa, juda issiq havoda chaqaloqlarda yoki faol mashg`ulotlar bilan shug`ullanadigan o`smirlarda suvsizlanishga olib keladi.
Suvsizlanish belgilari
Suvsizlangan bolada quyidagi belgilar kuzatiladi:
⚫ kam siyish kichik yoshli bolada nam tagliklar soni kamroq bo`lishi yoki tagliklar odatdagidek nam bo`lmasligi mumkin;
holsizlangan va rangpar ko`rinadi;
• tez charchaydi, bo`shashgan yoki asabiy bo`ladi;
suvga tashnalik kuzatiladi;
• ko`zlari kirtaygan bo`ladi;
⚫ til va og`iz quruq hamda karash bilan qoplangan bo`ladi.
Suvsizlanish bo`lganda qachon pediatrga murojaat qilish kerak?
Pediatrga murojaat qiling, agar:
farzandingizda yuqorida keltirilgan suvsizlanish belgilari mavjud bo`lsa;
• farzandingiz tez-tez qayt qilsa (qussa) va
suyuqlikni o`zlashtira olmasa;
• farzandingizda tez-tez diareya kuzatilsa.
Darhol tez yordam chaqiring, agar:
• bolada kuchli suvsizlanish alomatlari bor u siymaydi, rangpar, ozgan, ko`zlari kirtaygan, qo`llari va oyoqlari sovuq, uyquchan yoki injiq;
• bolada kuchli qorin og`rig`i bor;
⚫ bolaning qusig`i yashil rangda yoki unda qon bor;
farzandingiz o`zini yomon his qilishidan xavotirdasiz.
Siz farzandingizni hammadan yaxshi bilasiz, shuning uchun u o`zini yaxshi his qilmayapti, deb o`ylasangiz, o`z sezgingizga ishoning. Farzandingizda jiddiy shoshilinch tibbiy yordamga ehtiyoj mavjudligini ko`rsatadigan belgilarga kuchli og`riq, uyquchanlik, terining rangparligi yoki ko`kimtir bo`lishi, suvsizlanish, nafas olish qiyinligi, shaytonlash va ta'sirlarga nisbatan susayishlar kiradi.
Suvsizlanishni davolash
Suvsizlanishning engil holatlarini bolaga farzandingizga ko`proq suyuqlik berish orqali davolash mumkin.
Yana bir usuli bu - og`iz orqali beriladigan regidratatsiya vositasidan (ORVdan) foydalanishdir. ORVni dorixonadan retseptsiz sotib olish mumkin.
Boshqa usullarga gazlanmagan mineral suv yoki bola har doim ichadigan yangi siqilgan meva sharbatlari kiradi. Agar meva sharbatlari shirin bo`lsa, uni suyultirish juda muhim - meva sharbatning bir qismini suvning to`rt qismi bilan aralashtiring.
Farzandingiz ichishni xohlamasligi mumkin. Siz unga shpris, naycha yoki qoshiq orqali suyuqlik berib, uni ko`proq ichishga undashingiz mumkin.
Agar farzandingiz qayt qilsa (qussa), unga oz-ozdan, tez-tez suyuqlik taklif qilish.
yaxshiroqdir. Masalan, farzandingizga har 5-10 daqiqada bir necha qultum suyuqlik berib turing.
Agar farzandingiz olti oydan katta bo`lsa-da, lekin hali ham emizayotgan bo`lsangiz, tez-tez emizishni davom ettiring. Siz farzandingizga emizishlar oralig`ida qo`shimcha ORV berishingiz mumkin.
Agar farzandingiz olti oydan katta va sun'iy oziqlantirilsa, quyidagi suyuqliklarni istalgan nisbatda bering: ORV (og`iz orqali beriladigan regidratatsiya vositasi), suyuq ovqatlar (masalan, sutli aralashma, sho`rva, guruch suvi) yoki toza suv.
Og`ir holatlarda farzandingiz tanasida suyuqlik darajasini tiklash uchun uni shifoxonaga yotqizish kerak bo`lishi mumkin.
Shifoxonada bolaning suvsizlanish darajasiga ko`ra, shifokor tegishli davolash rejasini tanlaydi, kuzatadi va davolaydi.
Suvsizlanishning oldini olish
Kuchli suvsizlanishning oldini olishda eng yaxshi usul farzandingizda ko`p suyuqlik yo`qotadigan kasallik kechayotgan bo`lsa yoki u umuman ichishni xohlamayotgan bo`lsa, pediatrga murojaat qilishdir. Issiq kunlarda yoki farzandingiz jismoniy faollik bilan shug`ullanayotganda u ko`p suyuqlik ichishi kerak. Farzandingiz xohlagan vaqtda ichishi uchun etarli miqdorda suv borligiga ishonch hosil qiling. Farzandingizga ichish uchun muntazam tanaffuslar qilishni eslatishingiz kerak.