x

Bolalarda nutq rivojlanishining kechikishi jiddiy va juda keng tarqalgan muammo sanaladi. Ushbu muammoni bartaraf etish uchun bola bilan ko‘proq suhbatlashish kerak. Televizor qo‘yib berish, audiohikoyalar eshittirish yaqinlarining o‘rnini bosa olmaydi. Avvalo, bolaga beshikdaligidayoq alla aytish lozim. 5-6 oydan keyin esa nutq bilan bog‘liq turli o‘yinlar o‘ynash, 6-8 oydan so‘ng she’r va ertaklar o‘qib berish kerak.

Dastlab bolalar  hali juda yosh, hech narsani tushunmayotgandek ko‘rinadi. Lekin aslida bularning barchasi bola miyasining rivojlanishiga va yangi asab tolalarining paydo bo‘lishiga yordam beradi.

Farzandingiz gapirish borasida me’yordan ortda qolayotgandek ko‘rinsa, (yiliga 8-10 so‘z, 1,5 yoshda 30 so‘z va hk), tashvishlanmang. Nutq har kimda turlicha rivojlanadi. Bir yoshgacha barcha bolalar nutq o‘zlashtirishning bir necha bosqichlaridan o‘tadi.

Agar bola narsa yoki jonzotni ma’lum bir tovush birikmasi bilan chaqirsa — buni allaqachon uning birinchi so‘zlari sifatida qabul qilishingiz mumkin! 

Odatda birinchi so‘zlar paydo bo‘lganidan 6-12 oy o‘tgach, leksik portlash sodir bo‘ladi: so‘zlar soni keskin ko‘payadi, birinchi iboralar paydo bo‘ladi, ya’ni umumiy ma’noda birlashtirilgan ikki yoki undan ortiq so‘zlar yuzaga keladi. Umuman olganda, birinchi so‘z va iboralar paydo bo‘lishining aniq muddati yo‘q.

Demak, farzandingizda gapirish vaqti kechikayotgan bo‘lsa, xavotirga hojat yo‘q. Biroq quyidagi hollarda nutq rivojlanishining kechikishidan tashvishlanish lozim:

– bola bir yil ichida ota-onasining murojaatiga javob bermaydi (mehrli murojaatga javoban tabassum qilmaydi);
– 1,5-2 yoshli bola ota-onalar tomonidan nomlangan obektni (olma, stol, yozuv mashinkasi va boshqalar) ko‘rsata olmaydi;
– 1,5-2 yoshli bolada imo-ishora (barmog‘i bilan kerakli narsa)ni ko‘rsata olmaydi;
– 2 yoshida ham bitta so‘z ayta olmaydi;
– 2,5-3 yoshida oddiy jumlalarni yasay olmaydi (suv ichaman, olma bering, sayr qilaylik kabi).

Agar yuqoridagi muammolarga duch kelsangiz, mutaxassislarga murojaat qilish kerak: bolani pediatr, nevropatolog, lor-shifokor (ba’zan nutq rivojlanishining sustlashishi eshitish bilan bog‘liq muammolar tufayli yuzaga keladi), defektolog, neyropsixolog ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Tekshiruv oddiy tibbiyot muassasalarida ham, ixtisoslashgan markazlarda ham olib boriladi.

Albatta, hech kim boladan, ayniqsa, kichik yoshda mukammal nutqni kutmaydi, ammo har qanday nutqqa reaksiyaning yetishmasligi kattalarni tashvishlantirishi kerak.

To Top ↑
To Top ↑