Sarlavhadan ko`rinib turibdiki, mavzu ishlaydigan onalar holati haqida. Avval ham ta'kidlab o`tilganidek, bolaning psixologik rivojlanishi, asosan, dastlabki 4 yil hisoblanadi. Bu davr juda muhim. Bola bu yoshlarda "ishonchli kishi"ga ehtiyoj sezadi. Bolaning har bir ehtiyojini qondirayotgan, uning yonidan ayrilmagan inson uning uchun go`yo xaloskordek.
Ruhiy jihatdan yaqin kishining, albatta, ona bo`lishi shart emas. Agar bola bilan mustahkam aloqa o`rnata olgan bo`lsa, uning har bir ehtiyojida yonida hoziru nozir turgan bo`lsa u ham bola uchun ma'naviy jihatdan yaqin inson bo`lishi mumkin.
Bola bilan yaqin ruhiy munosabat o`rnata olishning asosiy turi "emizishdir". Bola qorni ochganida uni to`ydirgan kishining quchog`ida yota olsagina mustahkam aloqa o`rnatilgan bo`ladi.
Bu nuktai nazardan olib qaralsa, agar ona ishlasa bolasiga emizadigan boquvchi topish maqsadga muvofiqdir. Buni imkoni bo`lmagan taqdirda esa bolaga qaraydigan kishining o`ta mehribon bo`lishiga e'tibor qaratish lozim bo`ladi.
O`tkazilgan tadqiqotlarda dastlabki to`rt yilda biron kishiga ruhan bog`lana olmagan bolalarda ishonchsizlik hissi kuchli bo`lishi aniqlangan. Bunday bolalarning katta hayotga qadam qo`yganlarida ham hayotga, insonlarga bo`lgan ishonchlari past bo`ladi va jamiyat ichida o`z o`rinlarini topishlari qiyin kechadi.
Bolalarni yaqin insonlaridan ayrilishi
Bolalar 4 yoshga to`lgandan so`ng ruhan yaqin insonlari bilan aloqalari zaiflashadi. Chunki bola bu jarayondan olishi kerak bo`lgan narsalarni olib bo`ladi va bu daftar yopiladi. To`rt yoshdan keyin bolada atrof bilan aloqa o`rnatish istagi uyg`ona boshlaydi. Bola o`zini kimlarnidir ichida ko`rishdan zavq oladi. O`rtoq qidiradi, uka istaydi. Uy tashqarisida o`ynash uning jonu dili bo`lib qoladi.
Bu davrda bolalarda engil qaysarlik boshlanadi. Biroz tajovuzkor bo`lib qoladi, qaysarlashadi, ota-onasining aytganini qilmaydi. Ana shu harakatlar bolaning 4 yoshgacha juda yaqin bo`lgan kishisidan asta-sekin uzoklashayotganini ko`rsatadi.
Bu davrdan so`ng onalar ishlarini xotirjam davom ettirishlari mumkin bo`ladi.