Farzandingiz ulg`aydi, maktabni bitirib, talaba bo`ldi. Endi o`qish bilan birgalikda pul topishga ham harakat qilishi mumkin. Nima deb o`ylaysiz, ham o`qib, ham ishlayotgan talaba oila byudjetiga topgan pulining ma'lum bir qismini qo`shishi kerakmi?
Mutaxassislar tomonidan bu haqda so`rovnoma o`tkazilgan edi. Ishtirokchilarning 35% «kerak», 26% «kerak emas» degan fikrni bildirishgan. 39% ishtirokchi esa hammasi oiladagi moliyaviy ahvolga bog`liq deb hisoblagan.
So`rovnomada daromadi o`rtacha bo`lgan oila vakillari ishtirok etishgandi. Bu shuni anglatadiki, bolaning oila byudjetidagi ishtiroki oilani saqlab qolish masalasi emas, balki printsip, an'ana yoki tarbiyaviy jihatdir. Ba'zi fikrlar bilan yaqindan tanishsak.
Oila byudjetiga hissa qo`shishi kerak
«Menimcha, shunday bo`lishi kerak. Axir bu uning oilasi. Albatta, buni o`zi hal qiladi, lekin, masalan, uning puliga muzlatgich sotib olinsa, faxr hissini tuymaydimi?»
«18 yoshdan oshgan inson oila byudjetiga hissa qo`shish layoqatiga ega bo`lsa, bu juda yaxshi. Misol uchun, bola oiladagi umumiy xarajatlarga pulining ma'lum bir kismini ajratsa, bundan faqat yutadi. Puliga baraka kiradi, ota-onasining duosini oladi. Umumiy xarajatlar internet, telefon to`lovlari yoki non, shakar, un kabi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat. Bu bilan farzand oila byudjetiga sezilarli o`zgarish kiritmaydi, ammo unda oilaga nisbatan mas'uliyat, g`amxo`rlik hissi shakllanadi».
Oila byudjetiga hissa qo`shishi kerak emas
«Toki bolam men bilan yashab, o`qir ekan, topgan puli uniki. O`qishni tugatishi bilanoq ish, jomadon va mustaqil hayot». «Yaxshisi, o`ziga sarmoya kiritib, mustaqil muvaffaqiyatlarga erishsin».
«Talabalik vaqtlarimda ota-onam ishlashimga qarshi edi. O`zlari pul berishardi. Endi esa ularni men ta'minlayman. Talaba farzandlarim borasida ham ota-onamning izidan borishni ma'qul ko`rdim».
«Men psixolog bilan bu masalani ko`p o`rgandim va o`zim uchun bir xulosaga keldim: hech kim hech kimdan qarzdor emas. Farzandga tanlash huquqini berish mumkin: agar xohlasang, hissangni qo`sh, keyin biz yordam qilamiz (masalan, avtomobil uchun dastlabki to`lov). Agar xohlamasang, bu sening tanloving, mustaqil yasha, unda biz vaziyatga qarab qaror qabul qilamiz, lekin hech qanday talab kuya olmaysan.
“Men, bolam va pul”kitobidan