Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Bir a'robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Sizlar yosh bolalaringizni o`pasizlarmi? Biz o`pmaymiz», dedi.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh qalbingdan rahmatni sug`urib olgan bo`lsa, men nima ham qila olar edim», dedilar».
Sharh: Demak, jajji bolalarni o`pish kishining qalbida rahmat borligining alomati ekan. Aksincha, yosh bolalarni o`pmaslik qalbda rahmatning yo`qligi alomati ekan.
Bola boqish ishi mashaqqatli ekani hamda bola doimo mehrga va rahm-shafqatga muhtoj bo`lgani uchun ham Islomda bolaga rahmli bo`lish katta savobli ish darajasiga ko`tarilgan. Har bir ota-ona bu ulkan haqiqatni zinhor unutmasligi darkor.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Yosh bolalarni o`pish fazilat ekani.
2. Yosh bolalarni o`pish rahmdillik belgisi ekani.
3. Ba'zi odamlarning qalbidan Alloh taolo rahmatni sug`urib olishi.
4. Bolalarni o`pmaslik yaxshi emasligi.
Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hasan ibn Alini o`pdilar. Ul zotning huzurlarida Aqra' ibn Hobis Tamiymiy o`tirgan edi. Shunda Aqra':
«Mening o`nta bolam bor. Ulardan birortasini ham o`pmaganman», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga qaradilar. Keyin:
«Kim rahm qilmasa, unga rahm qilinmaydi», dedilar».
Sharh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan bu gaplarning ma'nosi – kim bandaga rahm qilmasa, Alloh taolo unga ham rahm qilmaydi, deganidir.
Bandalarga rahm qilishning eng oliy namunasi yosh bolalarga rahm qilishdir. Chunki ular rahm-shafqatga eng muhtoj toifadirlar.
Shunday bo`lganidan keyin, har bir ota-ona o`z bolasiga mehribon bo`lishi, ularga rahm-shafqatli bo`lishi lozim.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Nabiy sollallohu alayhi vasallam kichik bolalarni o`pganlari.
2. O`sha paytda o`nta bolasidan birortasini ham o`pmagan shaxs bo`lgani.
3. Bolasiga rahm ko`rsatgan ota-onalarga Alloh taolo ham rahm qilishi.
4. Farzandiga rahmli bo`lish ota-onaning vazifasi ekani.
Manba: islom.uz