Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo`lsin.
Payg`ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo`lsin.
Farzandning ota‑onaga yaxshilik qilishi turlaridan yana biri – ularning obro`sini himoya qilish va obro`sizlanishlariga yo`l qo`ymaslik.
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Bir kishi ota‑onasini so`kishi gunohi kabiyralardandir», – dedilar.
«Qanday qilib so`kadi?» – deyishdi.
«Bir odamni so`kadi. U esa uning ota‑onasini so`kadi», – dedilar».
Buxoriy «Adab»da rivoyat qilgan.
Albatta, har qanday yomon odam ham ota‑onasini to`g`ridan-to`g`ri so`kmaydi. Sahobalar ham shu mulohazani qilib: «Kishi ota‑onasini qanday qilib so`kadi?» deb so`rashganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishning qanday hosil bo`lishini tushuntirib berdilar.
Birov bir odamni so`kadi, so`kish eshitgan odam «otangga falon», «onangga falon» deb, uning ota‑onasini so`kadi.
Demak, o`z ota‑onasini boshqa odamning so`kishiga sababchi bo`lgan kimsa o`z ota‑onasini so`kkan bo`lar ekan. Bu ish esa, gunohi kabiyralardan sanaladi. Shuning uchun farzand ota‑onasiga la'nat keltirishga emas, balki ularning atrofdagilardan, xalqdan rahmat, tashakkur olishlariga harakat qilmog`i kerak.
Farzand bir yomon ishni qilsa, birovga yomon muomala qilsa, «otang falon», «onang falon» bo`lsin kabi so`kishlarga sabab bo`lsa, bu narsa ota‑onasi uchun nihoyatda yomon bir ish va ushbu hadisi sharifning ta'biri ila aytganda, ota‑onasini so`kkan, gunohi kabiyra sodir qilgan kishilarning qatorida bo`ladi.
Farzandning ota‑onaga yaxshilik qilishi turlaridan biri – ularni xursand qilishning choralarini ko`rish.
Bu ish ota‑onaga ularni xursand qiladigan sovg`alar taqdim qilish va shunga o`xshash ko`pgina narsalar bilan bo`lishi mumkin. Farzand bu ishlarni ota‑onasining xursandchiligi uchun qilib turishi zarur. Jumladan, bunday ishlarga quyidagilar kiradi:
– Ota‑onaning molu mulklarini va kerakli narsalarini muhofaza qilish.
– Ota‑onaning ruxsatisiz biror narsa olmaslik.
– Ota‑onaga rohatbaxsh narsalarni hozir qilish.
– Ota‑ona uxlayotganlarida ularni bezovta qilmaslik.
– Ota‑onaning xonalariga ularning iznisiz kirmaslik.
– Ota‑onadan oldin taomga qo`l uzatmaslik.
– Yaxshi narsalarni o`zidan oldin ota‑onaga taqdim qilish.
– Ota‑onaning oldilarida yonboshlamaslik.
– Ota‑onaning oldilarida oyog`ini uzatmaslik.
– Ota‑onadan yuqoriga o`tirmaslik.
– Ota‑onadan barcha ishlarda maslahat so`rash.
– Ota‑onaning fikrlari va tajribalaridan foydalanish.
– Ota‑onaning nasihatlarini jonu dil ila qabul qilish.
– Ota‑ona haqlariga duoda bo`lish va hokazolar.
Chunki har bir farzand uchun ota‑onani rozi qilish o`ta muhim narsa hisoblanadi.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Robbning roziligi ota‑onaning roziligidadir. Robbning noroziligi ota‑onaning noroziligidadir», – dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Shuning uchun Alloh taoloni rozi qilaman, degan kishi ota‑onasini Alloh taolo chizgan chegarada rozi qilishga harakat qilmog`i lozim.
Bizda «Ota rozi – Hudo rozi» degan gap bor. Huddi shu xalq so`zi biz o`rganayotgan hadisning tarjimasidir. Robbning roziligi volid – ota‑onaning roziligidadir. Robb, ya'ni Alloh taoloning noroziligi – ota‑onaning noroziligidadir.
Demak, kim Alloh taoloni rozi etaman, degan bo`lsa, ota‑onani rozi qilishga, kim Alloh taolo mendan norozi bo`lmasin, desa, ota‑onasini norozi qilmaslikka tirishmog`i, harakat qilmog`i kerak ekan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:«U kishi: «Bir mo`min‑musmon insonning musulmon ota‑onasi bo`lsa, ularga yaxshilik qilib, uning savobini kutgan holda tong ottirgan bo`lsa, Alloh subhaanahu va taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi. Agar faqat biri bo`lsa, bitta eshik ochadi.
Agar farzand ota‑onadan birining g`azabini chiqargan bo`lsa, undan o`sha shaxs rozi bo`lmagunicha, Alloh rozi bo`lmaydi», – dedi.
«Ota‑ona unga zulm qilgan bo`lsalar hammi?» – deyildi.
«Zulm qilgan bo`lsalar ham», – dedi».
Buxoriy «Adab»da rivoyat qilgan.
Bu rivoyatda ham ota‑onaga yaxshilik qilishning fazli haqida so`z bormoqda. Unda bu ishning oxiratda beradigan samarasi bayon qilinmoqda.
Ota‑onasiga savob umidida yaxshilik qilib, tong ottirgan musulmonga Alloh taolo jannatning ikki eshigini ochib qo`yishi ta'kidlanmoqda. Onasiga yaxshilik qilgani uchun bir eshikni va otasiga yaxshilik qilgani uchun yana bir eshikni ochishi eslatilmoqda.
Ota‑onaning ikkisi bo`lmay, faqat bittasi qolgan bo`lsa va farzand o`sha qolganiga savob umidida yaxshilik qilib, tong ottirsa, Alloh taolo unga jannatdan bir eshik ochar ekan.
Farzand zinhor ota‑onaning g`azabini chiqarmasligi kerak. Chunki:
«Agar farzand ota‑onadan birining g`azabini chiqargan bo`lsa, undan o`sha shaxs rozi bo`lmagunicha, Alloh rozi bo`lmaydi».
Demak, Alloh taoloning roziligi ota‑onaning roziligiga bog`liq. Bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim.
Hattoki, ota‑ona farzandga zulm qilib tursa ham, farzand ularning g`azabiga sabab bo`ladigan gap-so`z, harakat va ishlarni qilmasligi kerak.
Ota‑ona zulm qilib turibdi, lekin agar farzand o`sha zulm qilgan ota‑onaning g`azabini chiqargan bo`lsa, Alloh taolo undan g`azablanar ekan. Menga zulm qilyapti, deb ota‑onasini norozi qilsa, Alloh taolo ham o`sha bandadan norozi bo`lar ekan.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
«Qaysi bir musulmon farzandi savob umidi bilan ertalab ota‑onasini ziyorat qilsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi. Agar ulardan birini ziyorat qilsa, unga jannatning bir eshigini ochadi. Bola ota‑onasidan qaysi birini xafa qilguday bo`lsa, uni rozi qilmagunicha Alloh taolo undan rozi bo`lmaydi», – dedilar.
Shunda bir kishi: «Agar ota‑onalar bolaga zulm ko`rsatgan bo`lsa-chi?» – deb so`radi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:
«Agar ular bolasiga zulm ko`rsatgan bo`lsalar ham, farzand ularni ranjitmasligi kerak», – deb javob berdilar.
Ammo, ota‑onaning roziligi va noroziligi Alloh taoloning hukmidan tashqariga chiqmasligi shart. ya'ni Allohning amriga muvofiq ishlardagina ota‑onaga itoat qilinadi. Biroq, ota‑onaning gapi Allohning amriga xilof bo`lsa, ularga itoat qilish vojib bo`lmaydi.
«Baxtiyor oila» kitobidan