Shu yo`nalishdagi magistratura kvotalari ham 2 karra oshiriladi. Oliy ta'limga kirishda yoshlarning maktabda o`qigan baholari ham inobatga olinib, kelgusi yildan abituriyentlar 3 ta asosiy va 2 ta qo`shimcha fanni tanlab, test sinovlaridan o`tadi va uning natijalariga qarab oliygoh, ta'lim yo`nalishi va ta'lim shaklini tanlash imkoniyatiga ega bo`lishadi.Shavkat Mirziyoev sirdaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda ta'lim sohasiga oid rejalari bilan bo`lishdi.
Nomzodning keltirishicha, pedagogika yo`nalishidagi oliygohlarni alohida yondashuv asosida etti yillik rivojlantirish dasturiga ko`ra, kelgusi o`quv yilidan:
bakalavr pedagog kadrlar tayyorlash to`liq davlat grantiga o`tkaziladi;
magistraturada esa kvotalar 2 karra oshirilib, to`liq davlat hisobidan bo`ladi;
kadrlar etishmaydigan, ta'lim sifati og`ir maktablar oldindan tanlanib, ular uchun maqsadli davlat buyurtmasi joriy qilinadi.
Bunda buyurtma asosida o`qishni tamomlagan yoshlarga ushbu maktablarda borib ishlashlari uchun jozibador rag`batlantirish tizimi yo`lga qo`yiladi.
“Endi yoshlarimizning maktabda o`qigan baholarini ham inobatga olish amaliyotini yo`lga qo`yamiz. Kelgusi yildan abituriyentlar 3 ta asosiy va 2 ta qo`shimcha fanni tanlab, test sinovlaridan o`tadi va uning natijalariga qarab oliygoh, ta'lim yo`nalishi va ta'lim shaklini tanlash imkoniyatiga ega bo`ladi”, dedi Mirziyoev.
Shu bilan birga, avval xorijiy tillardan xalqaro sertifikati bor abituriyentlarga chet tili bo`yicha imtihon topshirmaslik imtiyozini berilgan bo`lsa, endi bu imtiyoz matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo`yicha xalqaro tan olingan sertifikati bor yoshlarga ham tatbiq etiladi.
Har yili 5 ming nafar professor-o`qituvchilarimiz tajriba almashish uchun xorijga yuboriladi. har yili 200 nafar yosh olimlarimizni, keyinchalik oliygohlarga qaytib dars berish sharti bilan, xorijiy ilmiy tashkilotlarda dissertatsiya yoqlashga jo`natamiz.
“Oliygohlarning ilmiy kengashlariga dunyoning nufuzli oliygohlaridan etakchi professorlarni jalb qilish vaqti keldi. Professor-o`qituvchilarning o`quv yuklamasi 25 foizga qisqartiriladi, lekin ish haqi kamaytirilmaydi”, dedi Mirziyoev
Shuningdek, o`z yo`nalishi bo`yicha xalqaro tan olingan kasbiy sertifikatlarga ega bo`lgan o`qituvchilarga qo`shimcha ustamalar belgilanadi. Bunday sertifikati bor amaliyotchilarga dars berish uchun magistrlik diplomi talab etilmaydi.