Bolalarga nisbatan zo`ravonlik jamiyatdagi jiddiy muammolardan biri bo`lib turibdi. YuNISYeF ma'lumotlariga ko`ra, dunyoda 2 yoshdan 14 yoshgacha bo`lgan har 10 boladan 6 nafari har kuni jismoniy zo`ravonlikka uchraydi. Har 5 daqiqada bir nafar bola zo`ravonlikdan vafot etadi. Bu raqamlar esa muntazam o`zgarib turadi.
Bola o`zi qanday zo`ravonliklarga duch kelishi mumkin? Ota-onalar farzandlari zo`ravonlar qo`liga tushib qolmasligi uchun ularga nimalarni o`rgatishi va bilishi lozim?
Jismoniy zo`ravonlik: bu urish, tepish yoki silkitish kabi zarar yoki shikast etkazadigan jismoniy kuch ishlatishni o`z ichiga oladi.
Jinsiy zo`ravonlik: bolaga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya yoki huquqbuzarlikning har qanday shaklini – zo`rlash, pornografiya yoki jinsiy tahqirlash kabi harakatlarni o`z ichiga oladi.
Hissiy zo`ravonlik: hissiy zo`ravonlik bolaning o`zini o`zi qadrlashi, shaxsiy rivojlanishiga putur etkazadigan xatti-harakatlarni o`z ichiga oladi. Bu doimiy tanqid, tahqirlash yoki kamsitish tarzida bo`ladi.
E'tiborsizlik: bolaning asosiy ehtiyojlarini, jumladan, oziq-ovqati, boshpanasi, sog`ligi, ta'limi va ruhiy qo`llab-quvvatlanishini ta'minlamaslikni anglatadi.
Onlayn zo`ravonlik: bugungi kunda dunyo bo`ylab bolalar onlayn tarzda zo`ravonliklarga ham uchramoqda. Ular bilan virtual tarzda munosabatlarga kirishish, shaxsiy suratlarini, ma'lumotlarini olib, shu orqali qo`rqitish tobora ko`payib boryapti.
Farzandingizga nisbatan zo`ravonlik sodir bo`lganini qanday bilish mumkin?
Bolalar zo`ravonlikning har qanday turiga uchraganda ziyrak ota-ona buni seza oladi. Bolada buning belgi va alomatlarini ko`rish mumkin. Masalan bolangizda xatti-harakatlarning o`zgarishi, kayfiyatning keskin tushib ketishi, davralardan o`zini olib qochish, qo`rquv, jismoniy jarohatlar yoki shug`ullanayotgan ishidan sababsiz voz kechish kuzatilishi mumkin. Ana shunday holatlarda bilingki, bolaga sizning yordamingiz kerak.
Bolalarga ushbu zo`ravonliklarga duch kelganda o`zini qanday tutish, zo`ravonni engish, o`zini himoya qilish bo`yicha maslahatlar berishga odatlanishimiz lozim. Chunki ota-ona – bolaning birinchi himoyachisi va suyangani hisoblanadi. Shuning uchun bu borada har bir ota-onada bilim va tushuncha bo`lishi shart.
Ular o`z bolalariga shaxsiy chegaralar, o`z-o`zini hurmat qilish va xavfsiz xatti-harakatlar haqida o`rgatishlari, bolalar duch kelishi mumkin bo`lgan har qanday tashvish yoki noqulay vaziyatlarni muhokama qilishga sharoit yaratishlari lozim.
Ota-onalar va tarbiyachilar uchun tavsiyalar:
Ochiq muloqot: bolalar o`z tajribalari, tashvishlari va savollari haqida gapirishlari mumkin bo`lgan xavfsiz va ochiq muhitni yarating. Farzandingiz bilan bu haqida gaplashishdan uyalmang, ular ham uyalmasliklari uchun imkon bering.
Suhbat davomida ular sizning hukmingizdan qo`rqmasdan o`zlarini ifoda etishga o`rgansin. Ya'ni baqirib ketmang, darg`azab bo`lmang, bolani his qilishga urining, mehringizni ko`rsating (boshini silab, qo`lini ushlab eshiting).
Yoshga mos ta'lim: shaxsiy xavfsizlik bo`yicha bolaning yoshiga mos ta'lim berish, jumladan, bolaning tanasiga nomaqbul teginishlar va noqulay yoki xavfli vaziyatlarga "yo`q" deyishning ahamiyati haqida o`rgatish kerak.
Ishonchli kattalar: Bolalarga o`zlarini noqulay yoki xavfli his qilganda, ota-onalar, o`qituvchilar yoki maslahatchilarni bilish va ularga ishonish muhimligini o`rgating. Bola har qanday yomon hodisa yoki tashvishga uchraganda bunga nisbatan chora ko`ra oladigan odam borligini bilsin va ayta olsin.
Internet xavfsizligi: bolalarga onlayn xavfsizlik, jumladan, internetda shaxsiy ma'lumotlarni berish xavfi, maxfiylik sozlamalarining ahamiyati va notanish odamlar bilan muloqot qilishning yomon taraflari haqida ma'lumot bering.
O`ziga ishonch: bolalarda o`z-o`zini hurmat qilish, qat'iyatlilik va tanqidiy fikrlash ko`nikmalarini shakllantirish, ularga xavfli vaziyatlarni tan olish va to`g`ri javob berish imkonini beradi.
Bolalarga nisbatan zo`ravonlikning oldini olish jamiyat mas'uliyati ekanini unutmaylik. Farzandlarimizni bundan xabardor qilish, jabrlanganlarni qo`llab-quvvatlash orqali biz bolalar uchun xavfsizroq va himoyalangan muhit yaratishimiz lozim.
Agar siz bolalarga nisbatan zo`ravonlikning har qanday shaklidan shubhalansangiz yoki guvoh bo`lsangiz, bu haqda tegishli tashkilotlarga xabar bering yoki jamoatchilik nazoratidan foydalaning. Unutmang, bu sizning, bizning farzandimiz bo`lishi mumkin.