x

Tong. Ikki tomoni viqorli tog‘lar bilan o‘ralgan yo‘l. Tog‘ning nafis havosi insonning dimog‘iga xush yoqadi. Mo‘jizakor manzarani zavq bilan kuzatib ketar ekanman toshlarga chizilgan har bir shakldan nimalarnidir kashf etmoqdaman. Bu chizgilarga tikilib, tog‘lar qanchalik ulkan bo‘lmasin sassiz, jim turishi, ustiga chiqsang ham jimgina sukut saqlashi, mag‘rurligini, haybatliligini olamga ko‘z-ko‘z etmasligi, balki ana shu turishida ularni yaratgan bir zot haqida so‘ylayotganday jimgina kamtarona turishi(balki faqat menga shunday tuyular)ni ilg‘agandek bo‘lardim. Go‘yoki toshdagi bu o‘yma bitiklar menga o‘z tilsimini oshkor etayotgandek…

Quyosh chiqib, atrofni yorita boshladi. Sahar payti esgan salqin shabada o‘rnini iliq va mo‘tadil havo egalladi. Ammo negadir men haliyam sovuq qotardim. Ketma-ket aksira boshladim. Avvaliga bu allergiya bo‘lsa kerak deb o‘yladim, lekin unday bo‘lib chiqmadi. Qisqa muddatda tanamda kuchli og‘riq paydo bo‘la boshladi. Og‘riq kuchayganidan tanamdan mador qochib, ko‘zlarim tindi va buning oqibatida bir zarang tagiga o‘tirib qoldim. Atrofda mendan bo‘lak hech kim ko‘rinmasdi. Kun qiziy boshladi. Issiq shamol qo‘zg‘alib, bemor tanimga qaynoq harorat o‘tkazishni boshladi. Ana shu payt isitmalayotganimni sezdim. O‘ylab qoldim: bu dard qayerdan keldi, axir uydan chiqayotganimda tuppa-tuzuk edimku?!. Balki yo‘lda kelayotib terlagan holda sovuq buloq suvini ichganimga shunday bo‘lgandir. Bolaligimdan shunaqa – daraxt tepasidagi eng kichik novda qimirlasa ham birinchi menga kelib, shamollash degan dard bilan “siylaydi”.

Nima qilishimni bilmay hamon o‘sha zarang tagida o‘tiribman. Atrofimda men mo‘jiza izlagan tog‘-u toshlardan bo‘lak hech zog‘ yo‘q. Shu tariqa o‘tiraversam bir narsa bo‘lishim aniq, degan xayolda o‘rnimdan turishga harakat qildim. Foydasi bo‘lmadi. Yana o‘tirib qoldim va o‘zimga-o‘zim: eh, senday yigirma yashar yigitga bu kasallikni kim qo‘yibdi, u qoyadan bu qoyaga sakrab-sakrab chiqmaysanmi, deb koyib qo‘ydim. Havo nihoyatda issib ketdi. Chanqashni boshladim. Tog‘ni sevgan insonga buloq suvi kifoya degan naql (aslida bu naqlni o‘zim to‘qiganman) ga amal qilib suv ham olib chiqmagan ekanman. Endi nima qilishimni o‘ylab boshim qotib turgan payt Yaratgan egam g‘amimni sezdi shekilli, qayerdandir suvning shildir-shildir etgan ovozini eshitdim. Diqqatimni jamlab qarasam mendan o‘n qadam narida, boshqa bir zarang tagida quduq bor ekan. Bir amallab o‘sha yerga bordim. Bordim-u kayfiyatim buzildi. Suv yuzini yashil rangdagi allaqanday o‘simliklar qoplagan ekan. Qanchalik qiyin bo‘lmasin shu quduq suvini ichishga majbur edim. Suv yuzida o‘sgan o‘simliklarni qo‘lim bilan chetga olib tashlar ekanman, o‘zimni orolda yolg‘iz qolgan Robinzon Kruzodek his qildim. Farqli tomoni men orolda emas, tog‘ bag‘rida yolg‘iz va yordamga muhtoj holda qolib ketgan edim. O‘zimga savol berdim: nega tog‘ga chiqdim? Nega sovuq buloq suvidan ichdim?

Balki o‘zimni yaxshi qilarman deya salgina mizg‘ib olmoqchi bo‘ldim Kechqurun biror-bir cho‘pon o‘tib qolsa shular bilan ketaman deb o‘zimcha reja tuzdim. Lekin uyqu uzoqqa cho‘zilmadi, chamasi bir, bir yarim soatdan so‘ng quyosh ko‘zimni achishtirib, uyg‘onib ketdim. Atrofda esa hali-hanuz hech kim yo‘q. O‘rnimdan turdim, hayriyatki, tanamdagi og‘riqlar meni tark etibdi. Isitmam ham tushgan. Tomog‘imda ozroq achishish bor xolos. Haligi quduq tomon bordim. Men ilk ko‘rganimda simliklarni ko‘rib ichishga iymangan, yuzida turli o‘simliklar o‘sgan quduq suvi meni darddan xalos etgan edi! O‘zimni yaxshi his qilgan bu o‘simliklar oddiy emas, dorivor giyohlar ekanini payqadim. Ota-bobolarimiz bejiz xalq tabobatida gap ko‘p demagan ekanlar. Qalbimda qisqa muddatda kelib-ketgan dard ariganidan xursandchilik, ham hayrat bilan uyimga qaytdim.

                         

Muallifi:Ramiz Shaymanov,

Surxondaryo viloyati, Boysun tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi

To Top ↑
To Top ↑