Bugun tilimizda bolalar bog`chasi, bolalar do`koni, bolalar shifokori degan atamalar ko`p qo`llaniladigan bo`ldi. Demak, bolaga e'tibor kuchaydi. Endi bolalar do`koni bolalarga moslashgan kiyim-kechaklar bilan savdo qilishga ixtisoslashgan yoki bolalar shifokorida bolalarning sihat-salomatligiga oid bilimlarni mukammal o`rganishga zaruriyat tug`ilgan bo`lsa, bolalar tarbiyachilari oldida ham ulug`vor vazifalar turibdi. Shunga qaramasdan, negadir farzandlarimizni moddiy jihatdan to`la-to`kis ta'minlashga alohida e'tibor beramizu qalb tarbiyasiga kelganda sustkashlik qilyapmiz. Bu birgina oilada emas, bog`chalarda ham ahvol shu. Bog`cha to`lovi, o`yinchoq, gul, supurgi, bog`cha opasining yo`l kirasigacha pul yig`ish bilan kunlar, oylar yillar o`tib ketyapti. Lekin bolalarimiz qaysi kitoblarni o`qishni xohlashi, qanday muzikani tinglashni yoqtirishi, nimaga qiziqishi bilan hech kimning ishi yo`q
To`g`ri, besh-olti yosh bolakay nimani ham orzu qilishi mumkin, deydiganlar ham topilar. Bir paytlar ota-bobolarimiz uchar gilamlarda uchishni orzu qilgan. Bu zamonlar osha samolyot va raketalarni kashf bo`lishiga turtki bo`lgan. Bugun ham ko`p narsalarni o`zgartirish, qo`l mehnatini engillatadigan yangilash uchun yuksak orzularga ehtiyoj seziladi. Ochig`i, hozirgi bolalar o`z Interneti va TVlari atrofida girdikapalak bo`lib, orzular qanotida yashashni maqsadsiz mashg`ulot deb tushunayotgani tashvishlanarli hol. Ularga orzu ortiqcha, bunga o`yinchoqdek munosabatda bo`layotgani borini ham yo`qqa chiqaryapti. Bunga ular aybdor emas. O`zimiz ulardan qo`g`irchoq yasashga o`rganib qolganmiz. Bog`cha yoshidanoq hammadan ajralib turishi yoki kamchiliklarini yopish uchun bog`cha opasini “qo`l”ga olishga harakat qilamiz.
Bola yo`rgakdan chiqmasidanoq avtomatik tarzda biror daromadli kasb-hunar egasi bo`lish yoki faqat o`zining foydasini o`ylaydigan yumushlar qilishni xayoldan o`tkazamiz. Ular bankir desa boylikni, sudya desa o`ziga bino qo`ygan amaldorni, san'atkor desa mashhurlikni ko`z oldiga keltirishining sababi ham shunda. Hozir qaysi boladan orzulari haqida so`ramang, hammasi baravariga shoir, qo`shiqchi yoki sportchi bo`lishini aytadi. Bog`cha, maktabda shundan boshqa to`garak bo`lmagandan keyin nima qilsin! Bu masalaning birinchi tomoni, boshqa tarafdan qaraganda, orzu faqat mashhur bo`lish yoki nom chiqarish uchun qilinmasligi kerak. Ba'zilar shu maqsadda yaqinlarining ko`tar-ko`tari bilan bir muddat shuhrat qozonib, so`ngra mashhurlikning zalvoriga bardosh berolmay arosatda yuribdi. Ehtimol, ular o`z vaqtida orzu-istaklaridan to`g`ri foydalanganda, o`zi, oilasi, Vatanimiz uchun ham katta ishlarni qilgan bo`lardi. Axir, dunyoda boshqa sohalar ham bor-ku! Masalan, hozir mamlakatimizning barcha shahar, tuman, qishloqlarida zamonaviy texniklar, muhandislar, aloqachilar, mashinasozlar, komptersozlar, yo`l quruvchilari kabi yuzlab kasb-ixtisosliklarga talab kundan-kunga ortib bormoqda. Ilmiy-texnikaviy sohalar rivojlanib borayotgan bir paytga nega bolalarimiz zamonaviy kasb-hunar sirlaridan bexabar qolmoqda? Yirik zavodlar, qo`shma korxonalar, fabrikalar qoshida yosh texniklar klublari yoki muhandislar uyushmalarini tashkil etishni allaqachon fursati keldi. Canoatsiz turmush hayotimizning yuksalishini tasavvur qilib bo`lmaydi. To`g`ri, yurtimizda kasb-hunar kollejlarida tahsil olgan yoshlar ko`p. Lekin texnika yoki qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan kollejlarni bitirgan mutaxassislar o`z sohasi bo`yicha mukammal bilimga ega bo`lmasligi oqibatida o`zini boshqa tomonlarga urib ketyapti. Jamiyatimizni qiynayotgan muammoning ildizi mana shu erda. Ota-onasi bozorga chiqarib yuborgan bolakaylarning orzu-umidlari yo`q, deb o`ylaysizmi? Ular ayni bilim oladigan paytda olib-sotarlar orasida nima qilib yuribdi? Nega ularning orzulari Otchopardan nariga o`tmayapti? Nazarimizda, ta'lim sifati yaxshilanmasa, talablari o`zgarmasa, bu borada biror natijaga erishish qiyin.Nima bo`lganda ham, farzandlarimizning ko`ngil mayllari, xohishu irodalaridan kelib chiqqan holda kasb-hunar tanlashiga yordam berishimiz kerak.
"Halq so`zi" gazetasidan