Bolalar bog`chasi — maktab yoshigacha bo`lgan bolalarni tarbiyalovchi muassasa. Birinchi marta 1837-yil Germaniyada nemis pedagogi F. Frebel tomonidan tashkil etilgan. Bolalar bog`chasi xalq ta'limi tizimining dastlabki bo`g`ini hisoblanadi.
O`zbekistonda odatdagi Bolalar bog`chasi 3—7 yoshli bolalarga mo`ljallangan. 2 oylikdan 7 yoshgacha bo`lgan bolalar tarbiyalanadigan yaslibog`chalar ham bor. Bundan tashqari sog`lomlashtirish bog`chalari, jismoniy va aqliy nuqsonli bolalar uchun bog`chalar, uybog`cha, mavsumiy bog`chalar (asosan qishloq xo`jaligi ishlari ko`paygan vaqtda tashkil etiladi), "bolalar bog`chasi-maktab" majmui ham mavjud. Bolalar bog`chasi hokimiyatning ijroiya organlari tomonidan tuman, shahar, muassasa, korxona, xo`jalikda tashkil etiladi. Bolalar bog`chasi qaysi tashkilot qaramog`ida bo`lishidan qat'i nazar O`zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi uni kadrlar bilan ta'minlaydi va faoliyatiga ilmiy pedagogik jihatdan rahbarlik qiladi. O`zbekistondagi bog`chalarda bolalarga chet tillari, xoreografiya, tasviriy va musiqiy san'at, kompyuter savodxonligi asoslarini o`rgatuvchi 800 dan ortiq guruh tashkil etilgan